Samarqandga kelgan sayyohlar nega teatrga bormaydi?
Viloyatga har yili 2,5-3 milliondan ziyod xorijiy sayyoh tashrif buyuradi. Bu ko‘rsatkich viloyatning boy tarixiy merosi, me’moriy yodgorliklari va jahon sivilizatsiyasida muhim o‘rin tutishini ko‘rsatadi. Ammo kuzatuvlarimizga ko‘ra, sayyohlarning atigi 20 foizi teatr, muzey yoki konsert tomoshalariga boradi. Qolgan qismi esa asosan tarixiy obidalarni tomosha qilish bilan cheklanmoqda.
Aslida Samarqandga kelayotgan xorijiy sayyohlar madaniyatni faqat me’morchilik orqali emas, balki sahna, musiqa, milliy urf-odat va an’analarimiz orqali ham his qilishi kerak emasmi? Vaholanki, madaniy turizm xorijiy sayyohlarni hududimizda ko‘proq olib qolish, ularning sarf-xarajatini oshirish va mahalliy ijodkorlar uchun yangi narsalar yaratishga xizmat qiladi.
— Xorijlik sayyohlarni jalb qilish bilan shug‘ullanuvchi turoperatorlar oldindan bir yillik reja ishlab chiqib, faoliyatini shu asosda tashkil etadi, — deydi viloyat turizm boshqarmasi mas’ul xodimi Dilshod Sa’dullayev. — Albatta, bu rejalarga madaniy dasturlar ham kiritiladi, ammo ular sanoqli. Sababi, viloyatda sayyohlarga mo‘ljallanmagan madaniy dasturlar kam. To‘g‘ri, Samarqandda iqtidorli aktiyorlar, xonandalar, raqs guruhlari, sozandalar bor, lekin ularning aksariyati sayyohlar uchun qiziq formatda ishlamaydi. Masalan, Xiva shahrida sayyohlarning aksariyati milliy san’atimiz, folklor dasturlari hamda teatrlashtirilgan chiqishlarga faol jalb qilinadi. Bu esa mazkur shaharda madaniy tadbirlar turistik paketning ajralmas qismiga aylanganini ko‘rsatadi va biz ham ushbu tajribani sohaga joriy etishimiz kerak.
Viloyatimizdagi yirik sayyohlik kompaniyasi – “Shahrezada Sam Star Tour Discover” rahbari Tolib Jahongirov ham bu borada o‘z fikrlarini bildirdi.
— Yiliga o‘n mingdan ortiq xorijlik sayyohga xizmat ko‘rsatamiz, — deydi Tolib Jahongirov. — Asosan AQSh, Kanada, Xitoy, Yaponiya, Koreya hamda Yevropa va Osiyoning o‘nga yaqin mamlakatlaridan sayyohlarni jalb qilamiz. Ular Samarqandga faqat diqqatga sazovor tarixiy obidalarni tomosha qilish uchungina emas, balki bahavo maskanlarda sayohat qilish, madaniy hordiq chiqarish maqsadida tashrif buyuradi. Bu yo‘nalishda mutaxassislarimiz bilan Xitoyda bo‘lib, hamkasblarimizning ilg‘or tajribasini o‘rgandik. Jumladan, u yerda mahalliy va xorijlik sayyohlar uchun kuniga uch marta konsert dasturlari va teatr tomoshalari namoyish etiladi. Har bir seansga to‘rt ming nafargacha tomoshabin jalb etiladi va bu madaniy tadbirlar sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otadi. Ana shu tajriba asosida biz ham turizm va madaniyat sohalarini integratsiya qilishga kirishdik. Hozirda viloyat madaniyat boshqarmasi bilan hamkorlikda sayyohlarni milliy san’atimiz va qadriyatlarimiz bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Samarqand shahridagi 750 o‘rinli konsert zalini ta’mirlayapmiz. Shuningdek, sahna ko‘rinishlarini sayyohlar uchun yanada jozibador ruhda jonlantirish ustida ish olib boryapmiz.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, madaniyat va turizm sohalarini samarali integratsiya qilish uchun, avvalo, aniq yo‘nalishga ega, sayyohlar talabiga mos madaniy turizm dasturlarini ishlab chiqish zarur. Shu nuqtai nazardan qaralganda, viloyatda sayyohlarga manzur bo‘ladigan madaniy dasturlar bormi, agar mavjud bo‘lsa, nima sababdan shu kunga qadar madaniyat muassasalari va turoperatorlar o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilmagan, degan savol tug‘iladi.
— Teatrlar, folklor jamoalari chiqishlari hamda milliy san’atimiz namunalarini turistik marshrutga kiritish, ularni sayyohlar uchun mos formatda namoyish etish madaniy merosimiz targ‘ibotini kuchaytirish, iqtisodiy samaradorlikni oshirish va hudud imijini mustahkamlashga xizmat qiladi, — deydi viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Botir Shaymatov. — Afsuski, bu borada bizda qator muammolar bor. Jumladan, mahoratli aktyorlar yetishmaydi, saviyasi yuqori va sifatli milliy asarlar kam, moddiy-texnik baza talab darajasida emas. Reklama va targ‘ibot ishlari ham haminqadar. Boshqacha aytganda, madaniy dasturlarimizda sifat va kafolat yo‘q. Bu esa turoperatorlarning madaniyat muassasalari bilan muntazam hamkorlik qilmasligiga sabab bo‘lmoqda. Chunki madaniy dasturlar sayyohlarda ijobiy taassurot qoldirmasa, bu turistik kompaniya faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Darvoqe, bizda nafaqat xorijlik sayyohlar, balki mahalliy aholi ham madaniyat muassasalariga kam boradi. Masalan, teatrga kirish uchun kimgadir bilet yetmay qolgani yoki tomoshalar doim odamlar bilan gavjum bo‘lganini eshitmadim. Viloyatimizga kelayotgan sayyohlar esa ana shu jihatlarga e’tibor qaratib, madaniy dasturlar bilan tanishishga, teatr, muzey va ko‘rgazma zallariga borishga qiziqish bildiradi. Shunday ekan, avvalo, madaniyat muassasalari faoliyatini tizimli ravishda rivojlantirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash hamda reklama va targ‘ibot ishlarini yangi bosqichga olib chiqish zarur.
Eng muhimi, madaniyat muassasalari va turoperatorlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va kafolatga asoslangan barqaror hamkorlik tizimini yo‘lga qo‘yish talab etiladi. Bunday yondashuv nafaqat xorijiy sayyohlar uchun jozibador muhit yaratadi, balki mahalliy aholining madaniy hayotdagi faolligini oshirishga, yoshlarni san’at va ijodga jalb etishga ham xizmat qiladi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.