“Yosh qutqaruvchi” musobaqasining respublika bosqichi g‘oliblari aniqlandi
Xabar berganimizdek, 1–3-iyun kunlari Samarqandda umumta’lim maktablari va professional ta’lim muassasalari o‘rtasida “Yosh qutqaruvchi” ko‘ngillilar musobaqasining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqa davomida jamoalar 5 ta shart bo‘yicha o‘zaro bellashib, o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, bilim va amaliy ko‘nikmalarini namoyish etdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, umumta’lim maktablari o‘rtasida 1-o‘rin Toyloq tumani 17-sonli umumta’lim maktabi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi 31-sonli umumta’lim maktabi jamoalariga nasib etdi.
2-o‘rinni Toshkent shahri Uchtepa tumani 295-sonli umumta’lim maktabi jamoasi, 3-o‘rinni Jizzax viloyati Paxtakor tumani 2-sonli umumta’lim maktabi jamoasi egalladi.
Professional ta’lim muassasalari o‘rtasidagi bahslarda esa 1-o‘ringa Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi 1-son texnikum jamoasi loyiq ko‘rildi. 2-o‘rinni Toshkent shahri Sergeli tumanidagi Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi jamoasi, 3-o‘rinni Jizzax viloyati ichki ishlar vazirligi qoshidagi Jizzax akademik litseyi jamoasi qo‘lga kiritdi.
Musobaqaning yopilish marosimida so‘zga chiqqan Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari N.Kadirov, viloyat hokimining o‘rinbosari X.To‘xtayev yurtimizda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ularning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritib, musobaqa ishtirokchilarini erishgan natijalari bilan tabrikladi hamda kelgusidagi faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tiladi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.