Ebola avji jiddiy tus olmoqda: nimalar ma’lum?
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lum qilishicha, Kongo Demokratik Respublikasidagi Ebola bezgagi tarqalishiga qarshi kurashish uchun yaqin uch oy ichida 115 million dollar mablag‘ talab etiladi.
Shuningdek, tashkilot inqirozga qarshi chora-tadbirlarda ishtirok etayotgan tuzilmalar hozircha zarur moliyalashtirishning atigi 35 foizi bilan ta’minlanganini bildirdi.
JSSTning chorshanba kunigi ma’lumotlariga ko‘ra, Kongo Demokratik Respublikasida Ebola bilan kasallanishning 344 ta holati tasdiqlangan bo‘lib, ulardan 60 tasi o‘lim bilan yakunlangan. Qo‘shni Ugandada esa to‘qqiz nafar bemor aniqlangan, bir kishi vafot etgan. Shuningdek, kasallikka gumon qilingan yana bir holat qayd etilgan.
Kasallik ilk bor aniqlangan Ituri viloyatida Ebola davolash markazlari va shifoxonalarga bir necha bor hujum qilingani sababli tibbiyot xodimlari xavfsizligi masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda.
Davom etayotgan zo‘ravonliklar tufayli tibbiy xizmatlar uchun kasallanganlar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarni kuzatish, yangi holatlarni aniqlash hamda bemorlarga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatish tobora qiyinlashmoqda.
Kongo Demokratik Respublikasi va qo‘shni Uganda ham Ebola epidemiyasi xavfi ostida. Eng yomon vaziyat hozirda Ebola epidemiyasi avj olayotgan sharqiy Ituri, Shimoliy Kivu va Janubiy Kivu viloyatlarida kuzatilmoqda.
Ebola virusi ilk bor 1976 yilda hozirgi Kongo Demokratik Respublikasi hududida aniqlangan bo‘lib, kasallik o‘z nomini o‘sha yerdagi Ebola daryosidan olgan.
Gulnora Xoldorova tayyorladi.