Vaziyat: Metapnevmovirus: yangi pandemiyami yoki yangi manipulyasiya vositasimi?
COVID-19 pandemiyasidan so‘ng, yangi viruslar haqidagi har qanday xabarlar avtomatik ravishda jamoatchilik e’tiborini tortadi. Va bu tushunarli: global inqirozni boshidan kechirgan odamlar yuqumli kasalliklar tarqalishi haqidagi xabarlarga ta’sirchan bo‘lib qolishgan.
OAVda bu hadikni auditoriyani jalb qilish vositasi sifatida ishlatishadi. Chunki "virusli" mavzular doimo rezonansga ega. Xitoy OAV, keyin boshqa mamlakatlarda metapnevmovirus haqidagi ma’lumotlar paydo bo‘lishi umumiy trend bilan bog‘liq, ya’ni jahon OAV ko‘pincha qor to‘pi effektini yaratib, "shov-shuvli" mavzularni ko‘pchitishadi. Bir-ikkita asosiy manba infeksiya haqida xabar beradi, boshqa medialar ortda qolmaslik uchun mavzuni "tiraj"lay boshlaydi.
Va buning sababi bor!
Ko‘plab murakkab geosiyosiy jarayonlar (Yaqin Sharqdagi mojarolar, Yevropadagi inqiroz, AQShdagi saylovlar) fonida virus mavzusi aholini vaqtincha chalg‘itish vositasi sifatida samarali ishlaydi.
Jamiyat urush va iqtisodiy muammolar haqidagi xavotirli ma’lumotlardan charchaganda, "tahlikali" tibbiy yangiliklar odamlar e’tiborini "yangi dushman"ga qaratishga, muhokamani boshqa oqimga yo‘naltirishga OAVga imkon beradi.
Xitoyda gripp va COVID-19 kabi respirator kasalliklarni keltirib chiqaradigan inson metapnevmovirusi (hMPV) tarqala boshlandi. Bir necha kun avval uni naq "yangi halokatli virus" deb nomlashdi. Ammo bu o‘tgan asrdan beri tanish bo‘lgan eng keng tarqalgan, ko‘p yillar davomida OAV e’tiborisiz mavjud bo‘lgan mavsumiy virus ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Biroq, shu kuz-qish mavsumida uning avj olishi birdaniga axborot makonidagi asosiy mavzulardan biriga aylandi. Albatta, bu farmatsevtika kompaniyalarining tijorat manfaatlari bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Balki, metapnevmovirusga urg‘u - jamoatchilik fikrini yangi sanitariya choralarini kiritishga tayyorlashning bir qismidir. So‘nggi yillarda mamlakatlar global sog‘liqni saqlash inqiroziga duch keldi va hukumatlar yangi tahdidlarga jamoatchilik javobini sinab ko‘rish uchun axborot kampaniyasidan foydalanishi ham ehtimoldan holi emas.
Xullas, virus halokatli xavf tug‘dirmasa-da, uning atrofidagi axborot to‘lqini yaqin kelajakda aniq bo‘ladigan yashirin motivlarga egaligini istisno etib bo‘lmaydi.
Xitoy Xalq Respublikasi Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, virus 2024 yilning 23 dekabridan 29 dekabriga qadar shifoxonalarda nafas olish yo‘llari namunalarida aniqlangan.
Xitoyda respirator kasalliklarning asosiy qo‘zg‘atuvchisi gripp, metapnevmovirus va rinovirus hisoblanadi. Kasallikning avj olishi kasalxonalarga, ayniqsa infeksiyalar eng ko‘p uchraydigan mamlakatning shimoliy viloyatlarida sezilarli darajada oshdi. Eng "zaif" guruh 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar bo‘lib qolmoqda, ammo infeksiya keksalar va immuniteti zaiflar uchun ham xavf tug‘diradi. Xitoydan keyin hMPV infeksiyasi mintaqaning boshqa mamlakatlarida ham qayd etila boshlandi.
Qozog‘istonda, Sanitariya-epidemiologiya nazorati qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil 1 oktyabrdan beri metapnevmovirusning 30 dan ortiq holati aniqlangan. Qirg‘izistonda ham metapnevmovirus ikki holatda aniqlangan. Shuningdek, Hindistonda metapnevmovirus infeksiyasi holatlari qayd etilgan. Ammo mamlakatda nafas olish kasalliklarining sezilarli o‘sishi qayd etilmagan.
O‘zbekistonda laboratoriya tadqiqotlari natijasida metapnevmovirus o‘tkir respirator virusli infeksiyalarning atigi 1,2 foizida, gripp 39,9 foiz, rinovirus 32,2 foiz, respirator sinsitial virus 30,6 foizni tashkil etishi aniqlangan. Biroq, sanitariya xizmatlari profilaktika choralariga rioya qilishni talab qilmoqda, chunki infeksiya qo‘shni mamlakatlarda faol tarqalmoqda.
Dunyo yangi pandemiyaga duch keldimi?
Metapnevmovirus yangi kasallik emas, u birinchi marta 2001 yilda aniqlangan. Ushbu virus o‘tkir respiratorli infeksiyalarni keltirib chiqaradi va asosan havo tomchilari orqali, kamdan-kam hollarda zararlangan teri yuzalari orqali yuqadi.
Asosiy simptomlar oddiy O‘RVIga o‘xshaydi: burun oqishi, yo‘tal, isitma, ba’zi hollarda bronxiolit va pnevmoniya.
Ko‘pgina bemorlar uchun infeksiya jiddiy xavf tug‘dirmaydi va asoratlarsiz o‘tadi, lekin bolalar, qariyalarda va immuniteti zaiflarda kasalxonaga yotqizishni talab qiluvchi og‘ir holat bo‘lishi mumkin.
Turli mamlakatlarda kasallanishlar soni ortib borayotgani sababli, global epidemiya xavfi haqida savollar ko‘tarilmoqda. Ba’zi virusologlarning ta’kidlashicha, hMPV yangi virus emas va infeksiya holatlari har yili qayd etiladi, ammo uning Osiyoda faol tarqalishi COVID-19 pandemiyasidan keyin mutatsiya yoki aholi immunitetining zaiflashishida keskinlashishi mumkin.
Hozircha hech bir davlat qat’iy karantin choralari zarurligini e’lon qilmagan. Shu bilan birga, sanitariya xizmatlari aholini asosiy profilaktika choralariga rioya qilishga chaqiradi: muntazam ravishda qo‘l yuvish, xonalarni ventilyasiya qilish, antiseptiklardan foydalanish, odamlarning, ayniqsa bolalar va qariyalarning ommadan qochishi.
Hozirgi tarqalish jiddiy oqibatlarga olib keladimi yoki yo‘qmi noma’lum, ammo so‘nggi yillar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, hatto "oddiy" viruslarga ham e’tibor bermaslik katta muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
G.Xoldorova tayyorladi.