Isroil va Livan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishdi
Bu haqda AQSh Davlat departamenti xabar qildi. Kelishuv 2–3 iyun kunlari AQSh, Isroil va Livan davlatlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uch tomonlama muzokaralar natijasi bo‘ldi.
Kelishuv shartlariga ko‘ra, Eron qo‘llab-quvvatlaydigan «Hizbulloh» guruhi o‘t ochishni to‘xtatishi va Livan janubidagi hududlarni — mamlakat chegarasidan Litani daryosigacha bo‘lgan mintaqani tark etishi lozim.
Qo‘shma bayonotda, shuningdek, «Isroil va Livan o‘rtasidagi munosabatlarning kelajagi ikki mamlakatning suveren hukumatlari tomonidan hal qilinishi kerak»ligi ta’kidlangan.
Isroil va Livan bir-biriga nisbatan «dushmanlik niyati yo‘qligi»ni ham tasdiqlab, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni davom ettirish majburiyatini oldi. Tomonlar ushbu muzokaralarni 22 iyunda boshlanadigan hafta davomida boshlashi kerak.
May oyi oxirida Isroil Livandagi quruqlikdagi harbiy amaliyotni kengaytirib, Bayrutning janubiy atroflariga, jumladan «Hizbulloh»ning asosiy tayanch nuqtasi hisoblangan Dahiya tumaniga zarbalar bergan edi. Bu qaror «Hizbulloh» Isroilning shimoliy hududlariga hujumlarni kuchaytirganidan keyin qabul qilingani aytilgan.
Iyun oyi boshida Eron ommaviy axborot vositalari Isroilning Livanga bergan zarbalari tufayli Tehron AQSh bilan urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatganini xabar qildi.