Isroilning G‘azoga hujumlari to‘xtamayapti
2025 yil 10 oktyabrda sulh kuchga kirganidan beri Isroilning G‘azo sektoriga hujumlari 1207 kishining hayotiga zomin bo‘ldi.
G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligining bayonotida 2023 yil oktyabr oyidan beri davom etayotgan Isroil hujumlari natijasida qurbonlar soni bo‘yicha so‘nggi ma’lumotlar keltirilgan.
Xabarga ko‘ra, so‘nggi 24 soat ichida Isroil hujumlarida to‘rt falastinlik halok bo‘lgan, jumladan, bir kishi avvalgi jarohatlaridan vafot etgan. Yana o‘n to‘rt kishi yaralangan.
2025 yil 10 oktyabrda sulh kuchga kirganidan beri Isroil hujumlari oqibatida 1207 kishi halok bo‘ldi, 3914 kishi jarohat oldi va vayronalar ostidan 803 kishining jasadi topildi.
2023 yil oktyabr oyidan beri Isroilning G‘azo sektoriga qilgan hujumlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 73 333 kishiga, yaradorlar soni esa 174 023 kishiga yetdi.
Minglab jasadlar hali ham vayronalar ostida ko‘milgani haqida xabarlar mavjud, ammo jihozlarning yetishmasligi va Isroilning davom etayotgan hujumlari tez yordam va fuqarolik mudofaasi guruhlarining ularga yetib borishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Seshanba kuni BMT Bosh kotibi Antonio Guterres Isroil kuchlarining bosib olingan G‘arbiy Sohildagi Falastin jamoalariga, jumladan, ikkita masjidga qilingan hujumlarni qoraladi.
Isroil armiyasi 2023 yil oktyabr oyida G‘azo sektoriga hujum qila boshlaganidan beri bosib olingan G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda falastinliklarga qarshi hibsga olishlar, reydlar va hujumlar ko‘paydi.
Jumladan "Ma’muriy hibsga olish" deganda Isroilning bosib olingan hududlardan falastinliklarni hech qanday ayblovsiz hibsga olishi tushuniladi. Bunda falastinliklar nimada ayblanayotganini bilmasdan va o‘zlarini himoya qilish imkoniyatisiz olti oygacha hibsda ushlab turilishi mumkin. Bu muddatdan so‘ng ish harbiy sudga o‘tkaziladi, ammo ayblovlar bilan hali tanish bo‘lmagan falastinlikning hibsda saqlash muddati bir necha bor - besh yilgacha uzaytirilishi mumkin.
Aprel oyida Isroil qamoqxonalarida 9600 dan ortiq falastinlik, ulardan 3532 nafari ma’muriy hibsda saqlanayotgan edi.