Ijtimoiy tarmoqlar hayotimizni yengillashtiryaptimi, murakkablashtiryaptimi?

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. Men ham har kuni instagram, telegram yoki TikTokdan foydalanaman.

Ular orqali yangiliklarni bilib olamiz, do‘stlarimiz bilan muloqot qilamiz va kerakli ma’lumotlarni topamiz. Lekin, ijtimoiy tarmoqlar nafaqat foyda keltiradi, balki odamlarning fikrlashi va kayfiyatiga ham ta’sir qiladi.

Men ko‘pincha ijtimoiy tarmoqlarda odamlar o‘z hayotining faqat yaxshi tomonlarini ko‘rsatishini kuzataman. Masalan, sayohatlar, sovg‘alar, bayramlar yoki turli yutuqlar haqida postlar joylashtiriladi. Shuning uchun ba’zan boshqalarning hayoti juda mukammaldek tuyuladi. Aslida esa har bir insonning o‘z muammolari va qiyinchiliklari borligini unutib qo‘yamiz.
Bu holat odamning o‘ziga bo‘lgan ishonchiga ham ta’sir qilishi mumkin. Ayrim odamlar o‘zini boshqalar bilan solishtira boshlaydi. Menimcha, bu noto‘g‘ri, chunki biz boshqalarning haqiqiy hayotini emas, balki ular ko‘rsatmoqchi bo‘lgan qismini ko‘ramiz.

Yana bir muammo shundaki, ijtimoiy tarmoqlar ko‘p vaqtimizni oladi. Ko‘pchilikda shunday holat bo‘lgan: telefonni bir necha daqiqaga ochasiz, lekin vaqt qanday o‘tganini sezmay qolasiz. Natijada o‘qish yoki boshqa foydali ishlar uchun kamroq vaqt qoladi.

Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarning foydali tomonlari ham bor. Ular orqali yangi narsalarni o‘rganish, chet tillarini mashq qilish va dunyoning turli joylaridagi insonlar bilan tanishish mumkin. Men o‘zim ham ba’zi foydali ma’lumotlarni aynan ijtimoiy tarmoqlar orqali olganman.
Xulosa qilib aytganda, ijtimoiy tarmoqlarning ham foydali, ham zararli tomonlari bor. Hammasi ulardan qanday foydalanishimizga bog‘liq. Agar vaqtni to‘g‘ri taqsimlasak va virtual hayotni haqiqiy hayot bilan aralashtirib yubormasak, ijtimoiy tarmoqlar biz uchun foydali vosita bo‘ladi.

Ruxshona Rustamova,
Samarqand davlat chet tillar instituti talabasi.