Turizm salohiyatimiz yuqori, gap undan qonuniy va samarali foydalanishda

Xabar berganimizdek, viloyat hokimligi huzuridagi turizmni rivojlantirish kengashining navbatdagi muhokamasi Imom Buxoriy majmuasida o‘tkazildi.

Viloyat hokimi Adiz Boboyev ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda sohada amalga oshirilayotgan ishlar, yangi loyihalar, mavjud muammo va kamchiliklar kengash a’zolari, tegishli idoralar va tarmoqlar mas’ullari, tumanlar hokimlari hamda turizm yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar bilan birga muhokama qilindi.

Yig‘ilish avvalida viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jo‘rabek Suyunov o‘tgan yil amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berdi.

Ta’kidlanishicha, 2025 yilda viloyatga 3 milliondan ortiq xorijiy hamda 5 million 300 ming nafar mahalliy sayyoh tashrif buyurgan va 2024 yilga nisbatan ko‘rsatkich 25 foizga oshgan. Turizm xizmatlari eksporti hajmi 621,1 million AQSh dollariga yetgan.

– Bu yil sayyohlar oqimini yanada oshirish maqsadida qator yirik loyihalar hamda xalqaro tadbirlar rejalashtirilgan, - deydi J.Suyunov. - Xususan, Imom Buxoriy va Imom Moturidiy majmualari foydalanishga topshirilishi munosabati bilan ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida Indoneziya va Malayziya aviakompaniyalari bilan Samarqandga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ish olib boryapmiz. Bundan tashqari, “Sharq taomlari” xalqaro festivali, “Sharq shirinliklari” ko‘rgazmasi, paraplan, havo shari, avto-moto drift shou va etno o‘yinlar o‘tkazish rejalashtirilgan. Samarqand shahrida sayyohlar uchun vertolyotda sayr qilish xizmati ham yo‘lga qo‘yiladi.

Hududlarda ham qator yangi turistik loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Bulung‘ur tumanidagi “Sheroz qal’a” arxeologik yodgorligi hududida etnoqishloq, Urgut tumani Uzunsoy mahallasida ekovillaj va havo sharida uchish xizmatlari, Kattaqo‘rg‘on suv ombori hududida botel va plyaj, Nurobod tumani Mehnatkash hududida zamonaviy dam olish va sog‘lomlashtirish maskanlari barpo etiladi. Qo‘shrabot tumanining Pangat qishlog‘idan Navoiy viloyatining Sentop turizm qishlog‘igacha yangi yo‘nalish ochilib, ekstremal turizm rivojlantiriladi. Toyloq tumanidagi o‘rmon xo‘jaligi hududida esa tabiat qo‘ynida dam olishga mo‘ljallangan turistik loyiha amalga oshiriladi.

Muloqot davomida tizimdagi qator muammo va kamchiliklar ham mutasaddilar ishtirokida tanqidiy muhokama qilindi. Xususan, soha yashirin iqtisodiyotga barham berish, mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalarida xizmatlar sifatining pastligi, mehmonxonalarning faqat yotoqxonaga aylanib qolgani, xodimlarning muomala madaniyati va bilimi talab darajada emasligi, sayyohlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmi hamda tushumlar kamayib borayotgani qayd etildi.

Viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i Farrux Boboyevning ma’lum qilishicha, ayrim tadbirkorlar mehmonxona narxlarini hisobotda arzon ko‘rsatib, aslida yuqori narxlarda xizmat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, xodimlar sonini kam yoki ortiqcha ko‘rsatish orqali real daromadlarni yashirish holatlari aniqlangan. Masalan, tadbirkorlardan biri yil davomida 23 milliard so‘m daromad olgan bo‘lsa-da hisobotda faqat uch nafar xodim faoliyat yuritishini ko‘rsatgan.

Viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i Yakub Mirzarahimov o‘tgan yilgi monitoring tadbirlari davomida xorijiy fuqarolar tomonidan 385 ta huquqbuzarlik holati aniqlanganini ma’lum qildi. Bu, asosan, sayyohlarning bojxona qonun-qoidalari hamda yurtimizga olib kirish va olib ketish mumkin bo‘lgan mahsulotlar me’yorlari haqida yetarli tushunchaga ega emasligi, turistik kompaniyalari bilan hamkorlik samarali yo‘lga qo‘yilmagani bilan bog‘liqligini qayd etdi.

Yig‘ilishda Samarqand tajribasi sifatida «Samarqand turizm korporatsiyasi» loyihasi taqdimot qilindi.

– Xitoyning “Xi’an Tourism Group” tajribasi asosida viloyat turizm boshqarmasi bilan hamkorlikda viloyatdagi turizm sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlarni birlashtirish orqali raqobatbardosh loyiha yaratishni maqsad qilganmiz, - deydi “Shahrezada Sam Star Tour Discover” kompaniyasi rahbari Tolib Jahongirov. – Bunda Samarqanddagi mehmonxona, restoran va turistik transport korxonalarini yagona korxona shaklida birlashtirish ko‘zda tutilgan. Ilk loyiha sifatida “STK” brendi ostida mualliflik festivallari, logistika markazi, tur paketlar asosida kirish, aviakassa, chiqish va ichki turizm yo‘nalishlarida tur paketlar taqdim qilinadi. Keyinchalik shu brend bilan klaster tashkil qilish orqali mehmonxona va restoranlar tarmog‘i, turoperatorlik, turizm qishloqlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish va boshqaruvini muvofiqlashtirish rejalashtirilgan.

Viloyat hokimi A.Boboyev bildirilgan fikrlar va takliflar asosida turizm sohasidagi kamchiliklarni bartaraf etish, xizmatlar sifatini oshirish, yashirin iqtisodiyotga barham berish, tadbirkorlar bilan hamkorlikni kuchaytirish hamda belgilangan loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish yuzasidan mutasaddi tashkilotlar va mas’ul rahbarlarga topshiriqlar berdi.

- Ko‘rinib turibdiki, turizm boshqarmasi bilan turistik kompaniya va firmalar o‘rtasida hamkorlik yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan, - dedi A.Boboyev. - Aynan shu sababli sayyohlarni ko‘proq jalb qilish, yangi turistik marshrutlar yaratish va mavjud yo‘nalishlarni boyitish bo‘yicha aniq tashabbuslar kam. Holbuki, tumanlardagi mavjud salohiyatni turistik marshrutlarga qo‘shish orqali sayyohlarning viloyatda qolish muddatini bir necha kunga uzaytirish imkoniyati bor. Shu bois barcha manfaatdor tomonlar o‘zaro birlashib, samarali hamkorlik qilishi va loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirishi lozim.

Muloqot yakunida belgilangan vazifalar ijrosini doimiy nazorat qilish va erishilgan natijalarna har chorak yakunida muhokama qilib borishga kelishib olindi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.