Samarqand bayram kunlarining eng gavjum manziliga aylandi

Qurbon hayiti munosabati bilan e’lon qilingan besh kunlik dam olish kunlari yurtdoshlarimiz uchun nafaqat mazmunli hordiq chiqarish, balki mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkonini ham yaratdi.

Ana shu imkoniyatdan samarali foydalangan minglab fuqarolar oila a’zolari bilan Samarqand shahriga sayohat qilib, muqaddas qadamjolar va tarixiy obidalarni ziyorat qildi. Andijon viloyatining Xonobod shahrida yashovchi tadbirkor Mansur Ahmedov oilasi bilan ana shunday sayohatga chiqqan yurtdoshlarimizdan biri.

- O‘zim tadbirkorman, rafiqam davlat tashkilotida mehnat qiladi, - deydi u. - Farzandlarim maktabda tahsil oladi. Bugun ertalab oilamiz bilan shaxsiy avtomobilimizda Samarqandga keldik. Soat 10 dan buyon shaharning tarixiy qadamjolari, muzeylari va diqqatga sazovor maskanlarini aylanyapmiz. Rostini aytsam, bu yerga avvalroq kelmaganimga afsuslandim. Ayniqsa, farzandlar bilan birga tarixiy obidalarni ko‘rish, ularga ajdodlarimiz merosi haqida hikoya qilish insonga o‘zgacha zavq bag‘ishlar ekan. Bu sayohat farzandlarimizning tarixga qiziqishini yanada oshirdi. Bugun tushdan keyin Nurota va Buxoroga yo‘l olamiz.

Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumani, Arabbandi mahallasida yashovchi G‘olibbek Ochilov ham bayram ta’tilidan unumli foydalanganini aytadi:

— Ko‘pdan buyon oilamiz bilan Xiva, Buxoro va Samarqand shaharlariga sayohat qilishni rejalashtirayotgandik. Ammo ish bilan band bo‘lganimiz uchun imkoniyat topolmayotgan edik. Qurbon hayiti munosabati bilan besh kunlik dam olish kunlari e’lon qilingani biz uchun ayni muddao bo‘ldi. Hayitning ikkinchi kuni Xiva shahriga yo‘l oldik. Keyin Buxoroda bo‘ldik. Bugun esa dastlab Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildik. Hozir Samarqandning mashhur qadamjolari — Registon maydoni, Amir Temur maqbarasi, Xo‘ja Hizr majmuasi va Shohi Zinda ziyoratgohlarini tomosha qilyapmiz. Bu muqaddas maskanlarda bo‘lish odamga ruhiy kuch va xotirjamlik bag‘ishlar ekan. Ziyoratdan keyin o‘zimni yengil va tetik his qilyapman. Nasib qilsa, kelgusi bayram ta’tillarida ham bu tabarruk shaharga yana kelamiz.

Samarqand nafaqat mamlakatimiz fuqarolarini, balki xorijlik mehmonlarni ham o‘ziga jalb etayotgani diqqatga sazovor. Qo‘shni davlatlardan kelayotgan sayyohlar soni ham yil sayin ortib bormoqda.

Qozog‘iston Respublikasining Turkiston shahridagi O‘zbek milliy-madaniy markazi raisi Abdurahim Koshkarovning ta’kidlashicha, keyingi yillarda O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilgan islohotlar mamlakatimizning xalqaro nufuzini yanada oshirgan.

- Biz Turkiston shahridan keldik. Shahrimizda ko‘plab o‘zbeklar istiqomat qiladi. Shu bilan birga qozoq qardoshlarimiz ham O‘zbekistonga sayohat qilishga katta qiziqish bildirmoqda, - deydi Abdurahim aka. - Chunki keyingi yillarda mamlakatingizda turizm infratuzilmasi sezilarli darajada rivojlandi, ziyorat va madaniy turizm uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Shu bois o‘zbek madaniyati markaziga a’zo yigirma nafarga yaqin turkistonliklar bilan ikki kundan buyon Samarqanddamiz. Sayohatimizni O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov mangu qo‘nim topgan majmuani ziyorat qilishdan boshladik. U yerda yurt tinchligi va xalq farovonligi uchun duolar qildik. Keyinchalik Shohi Zinda majmuasi, Bibixonim masjidi, Registon maydoni, Amir Temur maqbarasi, shuningdek, zamonaviy inshootlar, bozorlar va madaniy-ma’rifiy joylarda bo‘ldik. Samarqandning qadimiy tarixi va zamonaviy qiyofasi har qanday mehmonda katta taassurot qoldiradi, desam xato qilmagan bo‘laman, - deydi Abdurahim Koshkarov.

Bayram kunlarida Samarqand shahridagi tarixiy obidalar, ziyoratgohlar va madaniy meros ob’yektlarida mahalliy hamda xorijiy sayyohlar oqimi sezilarli darajada ortdi. Bu esa mamlakatimizda ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish, aholining madaniy hordiq chiqarishi uchun yaratilayotgan sharoitlar o‘zining amaliy natijasini berayotganidan dalolatdir. Samarqandning betakror tarixi, boy ma’naviy merosi va mehmondo‘st muhiti esa har bir mehmon qalbida unutilmas taassurot qoldirmoqda.