Homiladorlikdan emizishgacha: bola salomatligiga e’tibor qachondan boshlanadi?
Tadqiqotlarimizga ko‘ra, homiladorlik paytida ayollarda kamqonlik 68 foiz, toksikoz 64 foiz, homiladorlik davridagi xavfli holatlar 27 foiz, yuqori arterial qon bosimi 25 foiz, yallig‘lanish kasalliklari 51 foiz hamda surunkali kasalliklar 19 foiz qayd etilgan.
Bu ko‘rsatkichlar homiladorlik davrida ona salomatligi va to‘g‘ri ovqatlanish masalasiga jiddiy e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatadi. Chunki onaning salomatligi, kundalik ratsioni va turmush tarzi nafaqat homiladorlikning kechishiga, balki tug‘ilgandan keyin chaqaloqning oziqlanishi va rivojlanishiga ham bevosita ta’sir qiladi.
Tadqiqot davomida homilador ayollarning ovqatlanishida ham qator kamchiliklar aniqlangan. Jumladan, boshoqli va dukkakli mahsulotlarni 61 foiz, sabzavot, meva va ko‘katlarni 60 foiz, sut va sut mahsulotlarini 56 foiz, go‘sht va go‘sht mahsulotlarini 60 foiz, baliq mahsulotlarini esa 75 foizga kam iste’mol qilishi qayd etilgan. Shu bilan birga, onalarning 86 foizi muntazam ravishda sun’iy shirinliklar — novvot va granulalangan shakar iste’mol qilishi, 91–100 foizi esa choyni ko‘p ichishi aniqlangan.
Bu holatlar ona salomatligi bilan bir qatorda, bolani parvarishlash va oziqlantirish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar masalasini ham kun tartibiga olib chiqadi. Zero, onalarning 44 foizi oilalarining ijtimoiy ta’minoti yetarli darajada emasligini, 52 foizi esa sog‘lom va bemor bolaga g‘amxo‘rlik qilish bo‘yicha bilim va malakasi yetishmasligini bildirgan. Aslida, bola salomatligiga g‘amxo‘rlik homiladorlik davridan boshlanadi. Chaqaloq dunyoga kelgach esa uning to‘g‘ri va sifatli oziqlanishi eng muhim masalalardan biriga aylanadi.
Chaqaloq hayotining dastlabki oylarida ona sutining o‘rni beqiyos. U nafaqat bolani zarur ozuqa moddalari bilan ta’minlaydi, balki uning immun tizimi shakllanishida ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ona suti bolaning yoshi va ehtiyojlariga mos ravishda o‘zgarib boradi. Shu bois chaqaloqni ona suti bilan oziqlantirishga ustuvor ahamiyat berish kerak.
Biroq bugun yosh onalar orasida: «Sutim kam», «Bolam to‘ymayapti», degan xavotirli gaplarni ko‘p eshitish mumkin. Bu esa yana bir muhim savolni o‘rtaga chiqaradi: yoshlar oila qurishga, ota-ona bo‘lishga va farzand parvarishiga qay darajada tayyor? Ko‘p hollarda yuqoridagi masalalarga yetarlicha e’tibor berilmagani sababli, ayrim yosh ota-onalar farzandiga juda erta davrdan turli kashalar yoki sun’iy oziqalar berishni boshlaydi. Albatta, ayrim holatlarda ona suti haqiqatan ham yetarli bo‘lmasligi mumkin. Ammo sut miqdorining kamayishiga bir qator omillar sabab bo‘ladi.
Avvalo, onaning bolani kam yoki noto‘g‘ri emizishi, emizish orasidagi vaqtni haddan tashqari uzaytirishi sut ishlab chiqarilishining kamayishiga olib kelishi mumkin. Chunki ona suti ishlab chiqarilishi bolaning ko‘krakni qanchalik tez-tez va to‘g‘ri emishi bilan bevosita bog‘liq. Shuningdek, onaning qattiq charchashi, uyqusizligi, ruhiy zo‘riqishi, ovqatlanishining yetarli va muvozanatli emasligi ham emizish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ayrim holatlarda esa ona yoki boladagi tibbiy muammolar ham laktatsiyaga ta’sir qiladi.
Yana bir muhim jihat bor: chaqaloqning ko‘krakni tez-tez so‘rashi har doim ham «sut yetmayapti» degani emas. Ayniqsa, hayotining dastlabki oylarida bolaning tez-tez emizishni talab qilishi tabiiy holat. Shuning uchun sut yetarliligini faqat bolaning ko‘krakni necha marta so‘rashiga qarab baholab bo‘lmaydi. Bolaning vazn qo‘shishi, umumiy ahvoli va boshqa ko‘rsatkichlar ham hisobga olinishi kerak. Shu sababli «sutim kam ekan», degan xulosaga shoshilib, chaqaloqqa qo‘shimcha kasha yoki sun’iy ozuqa berish to‘g‘ri emas. Avvalo, pediatr yoki emizish bo‘yicha mutaxassis bilan maslahatlashish zarur. Ayrim hollarda muammo ona sutining miqdorida emas, balki bolaning ko‘krakni noto‘g‘ri tutishi yoki emizish texnikasida bo‘lishi mumkin.
Bolani ovqatlantirishda ham majburlash, me’yordan ortiq yedirish yoki kattalar iste’mol qiladigan taomlarni erta berish to‘g‘ri emas. Qo‘shimcha ovqatlar bolaning yoshi va individual ehtiyojidan kelib chiqib, pediatr tavsiyasi asosida bosqichma-bosqich kiritilishi maqsadga muvofiq. Eng muhimi, ona o‘zicha xulosa chiqarmasligi lozim. Agar bola vaznni yetarlicha qo‘shmayotgan bo‘lsa yoki sut haqiqatan kam ishlab chiqarilayotgani aniqlansa, shifokor buning sababini o‘rganib, ona va bolaga mos tavsiya beradi.
Demak, farzand salomatligiga e’tibor uni dunyoga keltirgandan keyin emas, balki homiladorlik davridan boshlanishi kerak. To‘g‘ri ovqatlanish, onaning salomatligi, emizish madaniyati va bola parvarishi bo‘yicha yetarli bilimga ega bo‘lish — sog‘lom avlod tarbiyasining muhim shartlaridandir.
Saydullo Rasulov,
tibbiyot fanlari doktori.