Raqamli axborot makonida qonuniylik va xavfsizlik muhim

Samarqandda “Axborot makonida milliy qonunchilik talablari, kontent mas’uliyati va bolalarni zararli axborotdan himoya qilishning dolzarb masalalari" mavzusida hududlararo seminar o‘tkazildi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi hamda Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Samarqand viloyatidagi ommaviy axborot vositalari, nashriyot va matbaa korxonalari xodimlari, axborot xizmatlari mas’ullari bevosita, Navoiy va Jizzax viloyatlari vakillari esa videokonferensaloqa shaklida ishtirok etdi.

Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi boshlig‘i maslahatchisi A.Xo‘jayev, inspeksiya bo‘lim boshliqlari hamda Samarqand viloyati hokimligi va ommaviy axborot vositalari mas’ullari raqamli axborot makonida qonuniylik va xavfsizlikni ta’minlashda profilaktika, hamkorlik va mas’uliyatning ustuvor yo‘nalishlari, global tarmoq va milliy nazorat, bolalar manfaatlarini ta’minlashda mahalliy davlat hokimiyati organlarining mas’uliyati va xavfsiz axborot muhitini shakllantirish mexanizmlari xavfsiz axborot muhitini yaratishda OAV mas’uliyati haqida so‘z yuritdilar. Shuningdek, bolalarni zararli axborotdan himoya qilishning huquqiy asoslari, yoshga oid tasniflash va ekspertiza masalalari, ommaviy axborot vositalarida noqonuniy kontentning oldini olishning tashkiliy-huquqiy asoslari, axborot sohasidagi faoliyatni tartibga soluvchi qonun hujjatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Davlatimiz rahbarining 2025 yil 11 dekabrdagi qaroriga muvofiq axborot sohasidagi nazorat va monitoring funksiyalari axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasiga o‘tkazilgani qayd etildi. Mazkur institutsional o‘zgarish raqamli texnologiyalar sohasida yagona nazorat mexanizmini shakllantirish hamda axborot sohasida qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Joriy yil 24 iyul kuni qabul qilingan farmon esa ushbu yo‘nalishdagi islohotlarning yangi bosqichini belgilab berdi. Farmonga muvofiq, axborot sohasida davlat nazoratini strategik rejalashtirishning yangi tizimi bilan uyg‘unlashtirish, raqamli iqtisodiyot va sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha belgilangan maqsadlarga moslashtirish muhim vazifalar sifatida belgilandi. Mazkur hujjatga asosan, inspeksiyaga axborot materiallarining qonunchilik talablariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizani tashkil etish vakolati berildi.

– Axborot materiallari ekspertizasini tashkil etishda Inspeksiyaning asosiy vazifalari shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan huquqiy mexanizmlarni amalga oshirishdan iborat bo‘ladi, – dedi A.Xo‘jayev. – Bunda inspeksiya ekspertiza uchun materiallarning to‘liqligi va ekspertiza uchun yetarliligini baholash, ekspertiza tayinlash, ekspert faoliyatini tashkil etish, ekspert xulosalarini rasmiylashtirish, ekspertlar reyestrini yuritish va ekspertiza natijalari asosida profilaktik va uslubiy tavsiyalar ishlab chiqish kabi bir qator funksiyalarni amalga oshiradi. Endilikda davlat nazorati an’anaviy “tekshiruv va chora ko‘rish” modelidan raqamli xavf tahlili va profilaktikaga yo‘naltirilgan, natijadorlikka qaratilgan modelga bosqichma-bosqich o‘tish konsepsiyasiga asoslanadi. Bunday yondashuv, bir tomondan, davlat va jamiyat manfaatlarini, axborot xavfsizligini hamda bolalarning axborot muhitidagi huquqlarini ishonchli himoya qilishga, ikkinchi tomondan, tadbirkorlik sub’yektlari va ommaviy axborot vositalari uchun ortiqcha ma’muriy to‘siqlarni qisqartirish, profilaktika va hamkorlikka asoslangan zamonaviy davlat nazorati tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.

Seminarda joriy yilning birinchi yarmida axborot sohasida olib borilgan monitoringlarda 1823 qonunbuzilishi holati aniqlangani qayd etildi. Bu qoidabuzarliklarning 475 tasi “UZ” domeni hududidagi veb-saytlar materiallarida, 955 tasi noshirlik mahsulotlarida, 393 tasi gazeta va jurnallarda uchragan. Mazkur holatlarini bartaraf etish yuzasidan 85 sub’yektga 95 ta ko‘rsatma va 51 ta ogohlantirish yuborilgan. Huquqiy hujjatlar asosida onlayn platformalardagi 19 ta akkaunt faoliyatini cheklash yuzasidan vakolatli organlarga 14 ta murojaat xatlari yuborilgan.
Seminar davomida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mas’ullar tomonidan atroflicha javob berildi, axborot sohasidagi qonunchilikdagi yangilik va o‘zgarishlar batafsil tushuntirildi.