Dunyoning turizm darvozasi

Bugun viloyatimizda turizm sohasidagi asosiy maqsadlardan biri sayyohlar sonini ko‘paytirish bilan birga, ularning hududda qolish muddatini uzaytirish va sifatli xizmatlar bilan ta’minlashdan iborat.

Tahlillarga ko‘ra, yilning birinchi yarim yilligida Samarqandga 3,4 million nafardan ortiq xorijiy va 4,7 million nafar mahalliy sayyoh keldi, - deydi Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Sherbek Bo‘ronov. - Turistlarning tashrif davomiyligi o‘rtacha 3 kunga yetdi. Bu avvalgi davrga nisbatan 0,5 kunga ko‘pdir. Shuningdek, bir nafar sayyohning o‘rtacha xarajati 400 dollarni tashkil etib, 70 foizga oshdi. Buning natijasida turizm xizmatlari eksporti hajmi 578,1 million dollarga yetdi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 144 foiz o‘sish ta’minlandi.

Soha taraqqiyotida eng muhim omillardan biri sayyohlar uchun qulay va zamonaviy infratuzilmani shakllantirishdan iborat. Shu maqsadda viloyatda yangi mehmonxonalar, xostellar, oilaviy mehmon uylari va boshqa joylashtirish vositalarini tashkil etish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, o‘tgan olti oy davomida 1474 o‘rinli 65 ta yangi joylashtirish vositasi ishga tushirildi. Natijada viloyatdagi joylashtirish ob’yektlarining umumiy soni 929 taga, ulardagi o‘rinlar soni esa 23,3 mingtaga yetkazildi.

Shu o‘rinda qayd etish lozim, yangi turistik ob’yektlar nafaqat sayyohlarni qabul qilish imkoniyatlarini oshirmoqda, balki mahalliy aholi uchun ham yangi ish o‘rinlari yaratmoqda. Samarqand tumanida “Original maks lyuks” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilgan “Edelvays tog‘ turistik markazi” loyihasi ana shunday yirik tashabbuslardan biridir. Qiymati 40 million dollar bo‘lgan mazkur zamonaviy majmua tog‘ turizmini rivojlantirish, yangi dam olish maskanlari yaratish va hududning turistik jozibadorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Samarqandning turistik salohiyatida ziyorat turizmi alohida o‘rin tutadi. Zero, buyuk allomalar hayoti va ilmiy merosi bilan bog‘liq muqaddas qadamjolar yillar davomida dunyoning turli mamlakatlaridan keluvchi mehmonlarni o‘ziga jalb etib kelmoqda. Imom Buxoriy yodgorlik majmuasining to‘liq foydalanishga topshirilishi mazkur yo‘nalishda yangi imkoniyatlar yaratdi. Majmua kuniga 65 ming nafar ziyoratchini qabul qilish quvvatiga ega bo‘ldi. Oxirgi uch oy davomida ziyoratgohga 2,8 milliondan ziyod mehmon tashrif buyurdi.

Samarqandning jahon miqyosidagi nufuzini oshirishda xalqaro tadbirlarning ahamiyati katta. Birinchi yarimyillikda Samarqand shahrida 7 ta xalqaro nufuzli tadbir o‘tkazildi. Bunday tadbirlar shaharning nafaqat turistik, balki ishbilarmonlik va madaniy markaz sifatidagi mavqeini ham mustahkamlamoqda. Shu bilan birga, sayyohlarga xizmat ko‘rsatishning yangi shakllari yo‘lga qo‘yilmoqda.

Masalan, Samarqand shahridagi Siyob bozorining tungi rejimga o‘tkazilishi ana shunday loyihalardan biri bo‘ldi. Natijada bozorga kuniga o‘rtacha 10 ming nafar mehmon tashrif buyurmoqda, kunlik savdo aylanmasi esa 165 ming dollarga yetdi. Bu tashabbus Samarqandning gastronomik turizm imkoniyatlarini yanada kengaytirdi.

Zamonaviy turizm faqat tarixiy obidalar bilan cheklanib qolmaydi. Bugun sayyohlar uchun yangi tajriba va imkoniyatlar taqdim etish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu maqsadda ekstremal, ekologik va qishloq turizmini rivojlantirish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Viloyatning Bog‘izog‘on, Pangat va Yangi joy mahallalariga «turizm qishlog‘i» maqomi berildi. Ushbu hududlardagi 85 ta xizmat ko‘rsatish nuqtasi orqali sayyohlarga etnoturizm, gastronomik va ekologik turizm yo‘nalishlarida xizmatlar ko‘rsatilmoqda.

Bu jarayon mahalliy aholi uchun yangi daromad manbalari yaratib, qishloq hududlarida iqtisodiy faollikni oshirmoqda.

Viloyatimizda tabiiy hududlardan samarali foydalanish va ekoturizmni rivojlantirish bo‘yicha ham istiqbolli rejalar ishlab chiqilmoqda. Masalan, Kattaqo‘rg‘on suv ombori atrofida 30 million dollarlik, Ishtixon tumanidagi "Oqdaryo" suv ombori atrofida esa 38 million dollarlik ekoturizm maskanlarini barpo etish bo‘yicha master-rejalar tayyorlanmoqda.

Shuningdek, Urgut tumanidagi 60 gektarlik «Qoratepa», 178 gektarlik «Soyg‘o‘s» va boshqa hududlarda «Samarqand eko va ekstremal» turistik-rekreatsion zonasini tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Ushbu loyihalar Samarqandning turistik mahsulotini yanada boyitib, xalqaro sayyohlik bozoridagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi.