Viloyat hokimi o‘rinbosari sayyohlarga qulay sharoitlar yaratish masalasini muhokama qildi

Samarqandda xorijlik sayyohlar oqimini yanada oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar samarasi o‘laroq 2025 yilda viloyatda turizm xizmatlari eksporti 606 million dollarga yetdi. Shu davrda 8 million nafardan ortiq sayyoh Samarqandga tashrif buyurgan.

Mehmonlarning 3 million nafardan ortig‘i xorijiy, 5,3 million nafari mahalliy sayyoh hisoblanadi. Sayyohlarning qolish kunlari 2,5 kundan uch kunga uzaygan.

Viloyatimizga tashrif buyuruvchi sayyohlarga yanada qulay sharoitlar yaratish bugun yana kun tartibiga chiqdi. Shu maqsaddan kelib chiqib, viloyat hududidan o‘tuvchi avtomagistral yo‘llar bo‘yida turistik xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari R.Qobilov boshqargan yig‘ilishda yo‘lbo‘yida joylashgan avtomobillarga gaz va yoqilg‘i quyish stansiyalari hududida qonunchilik talablariga muvofiq savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish, tez ovqatlanish shoxobchalari va bepul WI-FI zonalari tashkil qilish tavsiya etildi. Shuningdek, mazkur shoxobchalarda jamoat maqsadlariga mo‘ljallangan va kecha-kunduz ishlaydigan, sanitariya va shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga javob beradigan sanitariya-gigiyena shoxobchalari qurish lozimligi ta’kidlandi.

– Viloyat hokimligi va "Sanepidqo‘mita" viloyat boshqarmasi, shuningdek tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda avtomagistral yo‘l yoqasidagi joylashgan yoqilg‘i quyish shoxobchalarining sanitariya-gigiyena shoxobchalarini mavjudligi hamda sanitariya va shaharsozlik normalari hamda qoidalari talablariga muvofiqligi bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda, - deydi "Sanepidqo‘mita" Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i Latif Rustamov. – Hozirda viloyatimiz hududida 500 ga yaqin aholiga yoqilg‘i quyish shoxobchalari faoliyat yuritmoqda. Shulardan 106 tasi viloyat hududidan o‘tuvchi avtomagistral yo‘l yoqasida joylashgan. Ishchi guruh barcha shoxobcha egalari bo‘lgan yuridik shaxslarga aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha tavsiyalar berib, mavjud kamchilikni bartaraf etish uchun topshiriqlar bermoqda.

Yig‘ilishda magistral yo‘l yoqasidagi aholiga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida qisqa muddatda xorijiy va mahalliy turistlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha ishlar amalga oshirish lozimligi belgilandi.