Yil oxirigacha Samarqandga qancha sayyoh keladi?
Xorijlik sayyohlarning Samarqandda qolishi o‘rtacha 2,7 kunni tashkil etadi va har bir sayyoh kuniga o‘rtacha 85 dollardan 250 dollargacha mablag‘ sarflamoqda.
- Joriy yil oxirigacha viloyatimizga 4,7 million nafar mahalliy va 2,5 million nafar xorijiy sayyoh kelishi kutilmoqda, - deydi viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari D.Narziqulov. - Shu yilning yanvar-mart oylarida Samarqandga 460 ming nafarga yaqin mahalliy va 339 ming nafar xorijiy sayyoh keldi. Yil yakuniga qadar umumiy qiymati 751,1 milliard so‘mlik 55 ta yangi loyiha ishga tushirilib, 1 087 ta yangi ish o‘rni, shuningdek, turizmga yondosh xizmat ko‘rsatish ob’yektlarida 3,5 mingdan ortiq qo‘shimcha ish o‘rinlari tashkil etiladi.
Jumladan, Nurobod tumani Oqsoy mahallasida “Samarkand kanat yo‘llari” xususiy korxonasi tomonidan 10 gektar maydonda qiymati 13,5 million dollarlik sayyohlarga xizmat ko‘rsatish markazi, uzunligi 1,5 kilometr bo‘lgan osma-dor yo‘li loyihasi foydalanishga topshiriladi. Natijada 200 ta yangi ish o‘rini yaratiladi va bir vaqtning o‘zida 800 nafar sayyohga xizmat ko‘rsatiladi.
Samarqand shahrida esa "Qorako‘l Stroy Engineering" MChJ tomonidan qiymati 30 million dollarlik 300 o‘rinli mehmonxona va restoran, kafe hamda savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari foydalanishga topshiriladi. Shuningdek, Urgut tumanining Tersak, Beshkon, Qoratepa, Omonqo‘ton Yettiuylik, Chorchinor, Xo‘jayduq mahallalarida 2024-2025 yillarda umumiy qiymati 13,3 milliard so‘mlik loyihalar ishga tushiriladi.