Satrlarga solgin olamni

Abdurashid aka Abdurahmonov "Zarafshon" gazetasida qalami qayralgan ijodkorlardan. SamDUda Omon Matjon, Mukarrama G‘afforova, Jonibek Quvnoq kabi iqtidorlar bilan bir safda tahsil olgan. Gazetada esa, oddiy musahhihlikdan mas’ul kotiblikkacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. Bir muddat "Jizzax haqiqati" gazetasida faoliyat ko‘rsatgach, hayotini ilm bilan bog‘ladi.
Darvoqe, ustoz 28 yoshida nomzodlik ishini yoqlagan edi. Bu ilmiy ishida Urgutda yashab o‘tgan shoir Humuliy ijodini ko‘pchilikka ma’lum qilgandi.
SamDU o‘zbek filologiyasi fakultetida A.Abdurahmonov samarali faoliyat ko‘rsatdi, gazetada o‘zbek adabiyotining dolzarb muammolariga oid maqolalari bilan qatnashib turardi. Filologiya fanlari doktori, professor darajasiga erishdi, fakultet dekani bo‘ldi.
A.Abdurahmonov badiiy ijod bilan ham muntazam shug‘ullanardi. "Yerbola" sarguzasht romanini yozgan. Xalq qahramoni Afrosiyob - Alp Er To‘nga hayotini tadqiq qilgan.
Quyida ustozning chop etilmagan she’rlaridan hukmingizga havola etamiz.
 
TOG‘LIK ShOIRGA
Armon ichra nola chekmasin,
Dardlarini yozgil qalamni.
Bir iqtidor tug‘ildi, desin,
Satrlarga solgin olamni.

Ruh, shuuring, ijod qanoting
Shafaqlardan olib tursin nur.
Tog‘da o‘sgan shoirning asli
Tog‘day kalom aytmog‘i zarur.

MASAL
- Mensiz, oyoq, armondasan!,- maqtandi etik,
- Mensiz, oyoq, sharmandasan!,- so‘z otdi paypoq.
- Men bo‘lmasam, ayting, sizni kim so‘roqlaydi?!
Gap lo‘ndasin aytdi boplab mehnatkash oyoq.

ChINOR
Bobo chinor saraton chog‘i
Bir huzurbaxsh soya soladi.
Yo‘lovchilar issiq chog‘ida
Shu maskanda orom oladi.

Kim zavqini yashira olmay,
Xirgoyi ham qiladi asta.
Kim shoxini ushlab, ohista
Boltasiga izlaydi dasta.

MIX
"Mening tig‘im bebaho axir!"
Bir mix nogoh dedi kekkayib.
To‘nkaga duch kelgach, noiloj
"Hayot qiyin", dedi bukchayib.

IRMOQ
Baland tog‘lar bag‘ridan sizib,
Sohillardan toshgaydir irmoq.
Gir atrofni hayratga solib,
O, toshlardan oshgaydir irmoq.

Bor bisoti - mavj va mehrini
Olislarga eltmoqchi shu kez.
Sen qayga ham borarding, deya
Uni kutar bir to‘ymas dengiz.

Abdurashid ABDURAHMONOV.