Birlamchi tibbiyot: Ishtixonda qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

Shu yilning 7 may kuni mamlakatimiz rahbari raisligida tibbiyot sohasidagi islohotlarning navbatdagi bosqichida turgan ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda birlamchi tibbiyot sohasida kutilayotgan katta yangiliklar xususida ham to‘xtalib o‘tildi. Ushbu yangiliklar qay tarzda amalga oshirilishi aynan Ishtixon tumani misolida tahlil etildi.
- Ishtixondagi “O‘zbekiston” poliklinikasiga 7 ta mahalla biriktirilgan. Lekin 6 nafar oilaviy shifokor 9 ta shtatni band qilib, yuklamani eplay olmayapti. Bu poliklinikada yana 6 ta vrach shtati bo‘sh, - dedi Prezident yig‘ilishda. - Kafolatlangan paketga zarurati puxta o‘ylanmasdan 90 turdagi dori kiritilgani bois poliklinikaga buning yarmi ham kelmayapti. Poliklinikadagi laboratoriya tahlilini birorta shifoxona tan olmaydi.
Samarqand shahri, Bulung‘ur tumanida ham
Eng ko‘p murojaat bolalar kasalliklariga to‘g‘ri kelgani bilan, oilaviy shifokorlarda ko‘nikma yetishmagani uchun ular pediatr vazifasini to‘liq bajara olmayapti. Tug‘ruq yoshidagi 9 ming ayol uchun bor-yo‘g‘i 1,5 stavka ginekolog shtati berilgan.
Aholining 35 foizi yurak-qon tomir, qandli diabet, oshqozon-ichak kabi surunkali kasalliklarga chalingan. Bunday kasalliklarni erta aniqlash, profilaktika qilish va asoratlarini kamaytirish bo‘yicha tibbiyot brigadalarining ishi ko‘rinmayapti.
Masalan, Ishtixondagi poliklinikaga va mahallalarga viloyatdagi kardiologiya, endokrinologiya va ona-bola markazlari, markaziy shifoxona vrachlari biriktiriladi. Ular mahallalarda yurib, aholini to‘liq diagnostikadan o‘tkazadi, biriktirilgan oilaviy shifokorlarga kasalliklarni erta aniqlash va davolashni joyida o‘rgatadi, davolash va diagnostika bo‘yicha yangicha yondashuvlarni poliklinikada joriy qiladi.
Samarqand tibbiyot universiteti professor-o‘qituvchilari, magistratura bitiruvchilari ilmiy ishlarini shu yerga kelib yozadi. Yil yakunida natija bo‘lsa, mahallaga biriktirilgan ushbu mutaxassislar oyligining ikki karrasi miqdorida mukofotlanadi.
Prezident aytilgan yangi tizimni joriy yilda Ishtixon bilan birga Samarqand shahri, Bulung‘ur tumani va qolgan viloyatlarning bittadan tumanida, keyingi yildan to‘liq Samarqand viloyatida, 2027 yildan esa bosqichma-bosqich barcha hududlarda joriy qilishga topshiriq berdi.
Aytish kerakki, Ishtixon tumani misolida tahlil etilgan mazkur misol birgina ushbu tumanga emas, aksar hududlardagi birlamchi tibbiyot tizimiga tegishli. Aynan Ishtixonning tanqid etilgani tuman ahliga foyda bo‘ldi. Allaqachon ushbu hududda o‘zgarishlar haqida bosh qotirilayapti, sohaning yetakchilari tumanga kelib, yangi tizimni joriy etish bo‘yicha izlanishlar olib borishmoqda.
Uzoq kutilgan yangilik
- Tumanda 17 ta oilaviy shifokorlik punkti, 4 ta oilaviy poliklinika maqbullashtiriladi, - deydi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi Bahodir Abdurazzoqov. - Birlamchi tibbiyot tizimidagi yangi o‘zgarish aynan Ishtixon tumanidan boshlanishi tuman tibbiyotchilariga ancha mas’uliyat yuklaydi, lekin bu vazifani uddalaymiz. Negaki, bu juda uzoq kutilgan yangilik. 35 yildan beri birlamchi tizimda faoliyat ko‘rsatganman. Mudom oilaviy shifokor tanqisligi kuzatilgan. Buning sababi aniq, yarim stavka ishlaydigan shifokorlar mavjudligi, oylik-maoshlarning kamligi, qog‘ozbozlik ko‘p, ish yuklamasining kattaligi. Bugungi kunda 105 nafar oilaviy shifokor shtati bo‘lgan Ishtixon tumanida 60 nafar umumamaliyot shifokori faoliyat ko‘rsatmoqda. Qolaversa, ushbu oilaviy shifokorlarning 50 foizi nafaqa yoshidagi xodimlar sanaladi. Boshqa ilojimiz yo‘q, yoshlarni bu tizimda ishlashga majbur etolmaymiz, hatto bitiruvchilar ham bir-ikki yil ishlagach, shifoxonalarga o‘tib ketadigan bo‘lishdi. Mamlakatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishdan so‘ng tizim umuman o‘zgaradi va birlamchi tibbiyot to‘la ma’noda aholi salomatligiga mas’ul muassasaga aylanadi.
Endilikda hududda 12 mingdan ko‘p aholiga xizmat qiladigan 7 ta poliklinika faoliyat ko‘rsatib, qolgan 27 tasi kichik poliklinika sifatida qaytadan tashkil etiladi. Tuman markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikasi tuman shifoxonasining maslahat diagnostika bo‘limiga aylantiriladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligiga yil oxirigacha tibbiyot oliygohlari bilan 15 ta tumandagi 4 ming 700 nafar oilaviy shifokor va hamshirani “Oila salomatligi” dasturi bo‘yicha, rahbarlarni esa menejerlikka o‘qitish vazifasi topshirildi.
Gulruh MO‘MINOVA.