Samarqandda SES xodimlariga bodi-kamera beriladi

Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi viloyat boshqarmasiga uyushtirilgan press-tur va matbuot anjumani davomida ma’lum qilindi.

Boshqarma boshlig‘i Latif Rustamovning qayd etishicha, keyingi yillarda sohaga davlat tomonidan qaratilgan e’tibor va ajratilayotgan salmoqli mablag‘ tufayli aholi o‘rtasida turli yuqumli va mavsumiy kasalliklar keskin kamaydi, ayrim xastaliklar umuman qayd etilmayapti.

– To‘qqiz oylik tahlillar viloyatda 37 turdagi yuqumli kasalliklar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 31 foizga kamayganini ko‘rsatmoqda, – deydi L.Rustamov. – Ichterlama, paratiflar, kuydirgi, ko‘kyo‘tal, difteriya, poliomiyelit, qizilcha, qo‘tir kabi 12 turdagi kasallik qayd etilmadi. Suvchechak, qizamiq, virusli gepatit, so‘zak, exinokokkoz kabi 17 turdagi yuqumli kasalliklar esa 45 foiz kamayishiga erishildi. Milliy emlash kalendari asosida 13 xil yuqumli kasalliklarga qarshi emlash tadbirlari olib borildi va qamrovi 97 foizdan yuqorini tashkil etmoqda. Immunizatsiya ishlari natijasida yilning 9 oy mobaynida qoqshol, bo‘g‘ma, chaqaloqlar orasida sil, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida virusli gepatit V kabi kasalliklar ro‘yxatga olinmadi, bolalar orasida rotavirusli infeksiya bilan kasallanish keskin kamaydi. O‘tgan yil viloyatda ovqatdan zaharlanish respublikamiz viloyatlari orasida eng ko‘p qayd etilgandi. Bu yil ushbu yo‘nalishda aholi o‘rtasida olib borilgan keng ko‘lamli profilaktik tadbirlar, nazoratning kuchaytirilishi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorligimiz natijasida ovqatdan zaharlanish 37 foizga kamayishiga erishildi.

Zamonaviy laboratoriya quvvatlari tufayli aholi orasida uchrab turuvchi infeksiyalar o‘z vaqtida aniqlanib, profilaktika ishlari samaradorligi yanada oshdi. Boshqarma sanitariya gigiyena laboratoriyalarida yil boshidan buyon 90 mingga yaqin tahlillar o‘tkazilgan bo‘lsa, birgina virusologiya laboratoriyasi tomonidan 25 mingdan ortiq tahlil amalga oshirilgan.  Virusologiya laboratoriyasida tahlillar xavfsizligi va aniqligini oshirish maqsadida shtrix-kodli avtomatlashtirilgan identifikatsiya tizimi joriy etildi. Bu tizim namunalar aralashib ketishining oldini oladi va 100 foiz aniq identifikatsiya hamda tahlil jarayonini tezlashtirdi. Laboratoriya axborot tizimi bilan integratsiya orqali tahlil natijalari avtomatik va xatosiz kiritilishi ta’minlanmoqda.

Sohada inson omilini kamaytirish va korrupsion holatlarning oldini olish maqsadida raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilib, 4 ta elektron tizim joriy etish ustida ish olib borilmoqda. Kelgusi yilda bu borada Samarqand tajribasi yaratilishi ko‘zda tutilgan.

– Biz turli sohalar xodimlarining davriy tibbiy ko‘rigini raqamlashtirishni taklif etyapmiz va bu tizim kelgusi yilda viloyatimizda tajriba sifatida yo‘lga qo‘yiladi, – deydi L.Rustamov. – Bunda har bir xodimning o‘zi poliklinikaga borib, tibbiy ko‘rikdan o‘tadi va bu tizimda ko‘rinib turadi. Hech qanday inson omili aralashmaydi, hozir uchrab turadigan ko‘rikka bormasdan nomiga hujjat olish holatlariga barham beriladi. O‘z navbatida qaysi tashkilot xodimlariga ko‘rik muddati yaqinlashayotgani haqida ularga xabarnoma yuboriladi. Bu bizga ham ko‘rinib turadi va shu orqali o‘sha tashkilot, idora mas’ullarini ogohlantirib qo‘yishimiz mumkin. Ayni paytda esa biz bu jarayonni to‘la nazorat qilish imkoniyatiga ega emasmiz. Bundan tashqari, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi tizimida huquqbuzarliklar uchun ma’muriy hujjatlarni tezkor va joyida rasmiylashtirish maqsadida byudjet mablag‘lari hisobidan 400 dona maxsus elektron planshet va bodi kamera olishni rejalashtirganmiz. Bu ham tizimdagi ayrim nuqsonlar va korrupsiyaviy omillarga chek qo‘yishga xizmat qiladi.

Mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish doirasida kelgusi yilda boshqarma va Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi laboratoriyalari  xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi. Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining kredit mablag‘lari hisobidan Jomboy, Nurobod va Bulung‘ur tumanlari sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limlarida 2,98 million AQSh dollariga teng bo‘lgan qurilish ishlari amalga oshiriladi. Shuningdek, mazkur moliya muassasalarining 1,44 million dollar kredit mablag‘i evaziga 9 ta tuman bo‘limlari zamonaviy tibbiy jihoz va asbob-uskunalar bilan ta’minlanadi.

Press-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari boshqarmadagi laboratoriyalar ish jarayonlari bilan ham tanishtirildi.