Mahallalarda ishlar qanday yo‘lga qo‘yilgan?
Bulung‘ur tumanida hududda mahalla xodimlari bilan ishlash, ularning moddiy texnik bazasini mustahkamlash borasida olib borilayotgan ishlarga bag‘ishlangan press-tur o‘tkazildi.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tuman bo‘limi rahbari Hasan Egamberdiyev hamrohligida jurnalist va blogerlar dastlab Amir Temur nomli mahalallada bo‘lishdi. 2021 yilda hashar yo‘li bilan qurilgan mahalla binosi ta’mirlanib, “mahalla yettiligi” uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Faollar kompyuter jamlanmasi va boshqa zarur vositalar bilan ta’minlangan.
— Mahallamizda 550 ta xonadon bor, har birini o‘rganib chiqib, zarurlarini tegishli dasturlarga kiritganmiz, - deydi mahalla raisi Maqsud Ochilov. – “Mahalla yettiligi”ning o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlarini tahlil qilib boraman. Biror muammo aniqlansa, uni bartaraf etish uchun barchamiz birdek kirishamiz. Mahallalar uyushmasi faoliyatimiz samaradorligini oshirishda ham moddiy, ham uslubiy ko‘mak berib kelmoqda.
Yangi Qo‘rg‘on mahallasining binosi 2022 yilda qurilgan. Bungacha mahalla faollari ijarada turib, ishlashiga to‘g‘ri kelgan. Ma’lumotga ko‘ra, bugun tumandagi 55 ta mahallaning 52 tasida bino bor. Qolgan 3 ta mahalla uchun binolar qurilmoqda. Ularni ham tez kunlarda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
— To‘g‘ri, mahallalarning binosi bo‘lishi kerak, lekin ish samaradorligi faqat shunga bog‘liq emas, - deydi Hasan Egamberdiyev. – Ular ish kunining asosiy qismini ko‘chada, xalqning orasida o‘tkazishi zarur. Ayni jarayonda planshetlar juda qo‘l kelmoqda. Bugungi kunda har bir mahalla faoli maxsus planshet bilan ta’minlangan. Ular qurilma yordamida mahalla pratformasiga kirib, loyihalarni yuritishi, murojaatlarni qayd etishi mumkin. Bu platformada fuqarolar ham hech qanday ovoragarchiliksiz “Biznesga birinchi qadam” loyihasi doirasida 5 million so‘mgacha kredit ololadi. Agar kredit maqsadli ishlatilsa, keyingi murojaatda ko‘proq mablag‘ ajratiladi.
Navbahor mahallasida ham faollar uchun sharoitlar yetarli. Mahalla binosida bo‘sh turgan xona “Ustoz-shogird” an’anasini rivojlantirish uchun ajratilgan ekan. Unda tajribali hunarmand Gulsara Qudratova ijtimoiy daftarlarga kiritilgan 10 nafardan ortiq xotin-qizga esdalik sovg‘alar yasab, daromad qilish sirlarini o‘rgatmoqda.
Tumanning ma’naviyat markaziga aylangan Fozil Yo‘ldosh mahallasida ham katta bunyodkorlik ishlari davom etmoqda. Jumladan, hududdagi eski mahalla binosi buzilib, o‘rniga 2,5 milliard so‘m evaziga zamonaviy, ikki qavatli inshoot qurilyapti. Binoning birinchi qavatida mahalla, ikkinchi qavatida IT o‘quv markazi hamda elektron kutubxona joylashtirilishi rejalashtirilgan. Unga tutash hududda esa 500 o‘rinli amfiteatr qurilmoqda.
Asqar Barotov.