Bulung‘ur tumanida aholi turmushini yaxshilash va dam olishini tashkil etish bo‘yicha yangi loyihalar ishga tushadi

Xalq deputatlari viloyat Kengashining 2025 yil 11 apreldagi qaroriga asosan Bulung‘ur tumanini kompleks rivojlantirish belgilandi va bu maqsadlar uchun 70 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.
Buning uchun Bulung‘ur va Guliston mahallalari, tuman markazidagi “Humo” yoshlar sayilgohini kengaytirish va zarur infratuzilma bilan ta’minlash bo‘yicha master-reja ishlab chiqiladi. Bulung‘ur kanali bo‘yida 25,1 gektar yer maydonida aholi uchun zamonaviy dam olish maskanlari tashkil etiladi. Tumandagi Bulung‘ur shoh, Fozil Yo‘ldosh hamda Mustaqillik ko‘chalari 24/7 rejimida tun-u kun ishlaydigan ko‘chaga aylantiriladi. Tuman markazida Renovatsiya dasturi asosida Guliston va Bulung‘ur mahallalarida 7 ta 2 qavatli, 1 ta 3 qavatli 90 ta yakka tartibdagi turar hamda 17 ta noturar joylar o‘rnida 22 ta (1320 xonadonli) zamonaviy energiya tejamkor ko‘p qavatli uylar quriladi.
Tuman hokimligi va tumandagi tashkilotlarni bir binoga jamlash uchun yangi bino quriladi hamda bo‘shagan bino va inshootlarda yangi tadbirkorlik sub’yektlari tashkil etiladi. Tuman markazidagi Sayilgoh ko‘chasida yoshlar ko‘p to‘planadigan va aholi gavjum bo‘lgan hududda yoshlar mikrohududi tashkil etiladi.
“Turizm qishlog‘i” maqomi berilgan Erganakli mahallasi “Sheroz qal’a” hamda “Xo‘ja Hofiz Merosiy” ziyoratgohi infratuzilmasi yaxshilanadi, obodonlashtiriladi va arxeologik qazilma ishlari olib boriladi.
Beshqo‘ton mahallasidan o‘tgan Bulung‘ur kanalidagi 5,2 gektar orolchada aholi dam olish maskani va mehmon uylari tashkil etiladi.
Bulung‘ur suv ombori yonida turizm maskanlari tashkil etiladi. Sarqipchoq, Kildon, Kichik Kildon va Sayiltepa mahallalarida eksportbop nokchilikni rivojlantirish maqsadida 4 ta 50 tonnalik saqlash omborlari tashkil etiladi. G‘o‘bdin mahallasida 9 gektar yer maydonida pomidorni qayta ishlash, muzlatkichli omborxona qurish loyihalari ishlab chiqiladi.