Bulung‘ur tumani: Iqtisodiy drayver yoki sohadagi inqilobiy o‘sish

Bulung‘ur tumanida faqat raqamlar emas, balki odamlarning taqdiri, kelajakka bo‘lgan ishonchi va yaratuvchanlik ruhi yangilanmoqda. Tumanlf zamonaviy sanoat, yuksak texnologiyalar va farovon turmush manziliga aylanishi uchun katta qadamlar tashlamoqda.

Joriy yil Bulung‘ur tumani uchun iqtisodiy jadallashuv yili bo‘lishi kutilmoqda. Belgilangan ko‘rsatkichlarga ko‘ra, sanoat mahsulotlari hajmini 1 633,7 milliard so‘mga yetkazish va 109,2 foizlik o‘sish sur’atini ta’minlash bosh vazifa qilib belgilangan. Bu ko‘rsatkichning choraklar kesimidagi taqsimoti iqtisodiy faollikning bosqichma-bosqich oshib borishini ko‘rsatadi.

Xizmat ko‘rsatish sohasi tuman iqtisodiyotining asosiy drayverlaridan biriga aylanadi. Yil yakuniga ko‘ra, sohada 1 527,6 milliard so‘mlik mahsulot va xizmatlar yaratilishi, o‘sish sur’ati esa qariyb 120 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Ayniqsa, chakana tovar aylanishining 3,2 trillion so‘mga yetishi aholining xarid qobiliyati oshishi va ichki bozordagi faollikdan dalolat beradi.

Tuman iqtisodiyotiga turtki beruvchi asosiy nuqta sifatida Mingchinor mahallasi tanlab olingan. Bu yerda zarur infratuzilmani yaxshilash orqali 120 nafar fuqaroni doimiy ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Bu "mahallabay" ishlash tizimining amaliy natijasidir.

Iqtisodiyotga kapital va qo‘yilmalar kiritish orqali turli tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha ham ulkan rejalar belgilangan. Misol uchun, umumiy hisobda 143,5 million dollarlik xorijiy investitsiya va kreditlarni o‘zlashtirish maqsad qilingan. Bu nafaqat yangi ish o‘rinlari, balki hududning eksport salohiyatini 28 million dollardan oshirishga xizmat qiladi.

Jumladan, "G‘o‘bdin" massividagi "Urgut" erkin iqtisodiy zonasi hududida qiymati 100 million dollar bo‘lgan "Yangi Osiyo xalqaro biofarmatsevtika" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tibbiy biopreparatlar ishlab chiqarish loyihasining yakunlanishi nafaqat tuman, balki respublika miqyosidagi strategik ahamiyatga ega voqelikdir.

Tuman delegatsiyasining Xitoy, Turkiya va Ozarbayjon davlatlariga tashrifi, elchixonalar bilan muntazam onlayn muloqotlar o‘rnatilishi o‘z samarasini bermoqda.

Yil davomida 28,8 million dollarlik mahsulot eksport qilinishi rejalashtirilgan. Bunda GSP+ tizimi imkoniyatlaridan foydalangan holda Yevropa bozorlariga chiqish asosiy yo‘nalish etib belgilangan.

Tumanda kambag‘allik darajasini 1,9 foizgacha tushirish, ya’ni uni "tabiiy darajaga" yetkazish eng muhim ijtimoiy vazifadir. Bu shunchaki nafaqa berish emas, balki aholini tadbirkorlikka va mehnatga jalb qilish orqali amalga oshiriladi.

Xususan, "Mehnatsevar ayol" loyihasi orqali 518 nafar ijtimoiy nofaol va uyda o‘tirgan ayollar bandligi ta’minlanadi. "Teng imkon" dasturi bo‘yicha 209 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs ish bilan ta’minlanib, ularning jamiyatga integratsiyasi kuchaytiriladi.

Yil davomida salkam ikki ming nafar yigit-qizlarning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi ta’minlanadi. Aholining tomorqasidan unumli foydalanish, 1300 gektarga yaqin yerda "Bir kontur - bir mahsulot" tizimi asosida dehqonchilik qilish aholi daromadini 2-3 baravarga oshirish imkonini beradi.

Umuman, ushbu loyihalar majmuasi Bulung‘ur tumanida ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.

Qishloq xo‘jaligi Bulung‘ur tumanining an’anaviy "qon tomiri" hisoblanadi. Joriy yil sohada mahsulot ishlab chiqarish hajmini 6 800,8 milliard so‘mga yetkazish rejalashtirilgan.

G‘allachilikda 2500 gektar maydondan 90-95 sentner hosil olish - bu ilmiy yondashuv va to‘g‘ri agrotexnika natijasidir. Shuningdek, 5200 gektar maydonda kartoshka yetishtirish orqali ichki bozor barqarorligi ta’minlanadi. Meva-sabzavotchilikda 27,9 million dollarlik oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish maqsadi qo‘yilgan.

Bu maqsadlarga erishish uchun suv tanqisligi sharoitida 2650 gektar maydonda tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlari joriy etiladi.

Tumanda chorvachilik sohasida ham katta qadamlar qo‘yiladi. Go‘sht ishlab chiqarish 22 ming tonnaga, sut yetishtirish esa 104 ming tonnaga yetkaziladi. Bu oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda asosiy omil bo‘lishi shubhasiz.

Joriy yilgi dasturda qurilish va obodonlashtirish ishlariga alohida urg‘u berilgan. Misol uchun, 9 ta ob’yektda, jumladan, maktablar va tibbiyot muassasalarida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, 80,8 milliard so‘m mablag‘ evaziga 10 ta yo‘l ob’yekti va ichki ko‘chalarni ta’mirlash rejalashtirilgan. Energetika tarmog‘idagi yangilanishlar ham bundan kam emas. Chunki yil yakunigacha 15 mahallada 29,5 kilometr elektr tarmoqlari yangilanib, 62 ta transformator mukammal ta’mirlanishi kerak. Xo‘jabachcha mahallasida yangi suv inshooti va tarmoqlarini qurish ham dasturdan o‘rin olgan muhim vazifalardan biri.

Darvoqe, Bulung‘ur tumanida ta’lim sifatini oshirish va aholi salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha aniq mezonlar (KPI) belgilangan.

Aniqroq aytganda, maktab bitiruvchilarining oliy o‘quv yurtlariga kirish ko‘rsatkichlarini oshirish, xorijiy til o‘qituvchilarining kamida B2 sertifikatiga ega bo‘lishini ta’minlash va maktablarni to‘liq kompyuter sinflari bilan jihozlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Shuningdek, "Onalar maktabi" va inklyuziv ta’limni rivojlantirish orqali ijtimoiy qamrov kengaytiriladi.

Aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida ommaviy skrining ishlari o‘tkaziladi. 54 ming nafardan ortiq aholi qandli diabet bo‘yicha, 15 ming ayol esa saratonni erta aniqlash bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkaziladi. "Mahalla salomatlik pasporti" tizimining joriy etilishi har bir fuqaroning sog‘lig‘ini individual monitoring qilish imkonini beradi.

Yoshlar yetakchilari faoliyatini baholash (KPI) tizimi orqali eng faol 4 nafar yetakchini Respublika TOP-100 reytingiga kiritish maqsad qilingan. "Ibrat farzandlari", "Mutolaa" kabi loyihalar orqali yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ularni tadbirkorlikka o‘qitish va bandligini ta’minlash Bulung‘ur tumanining strategik maqsadlaridan biridir.

Yuqorida keltirilgan raqamlar va loyihalar shuni ko‘rsatadiki, tuman iqtisodiyoti faqatgina qishloq xo‘jaligiga bog‘lanib qolmay, balki yuqori texnologiyali sanoat (farmasevtika), xizmat ko‘rsatish va investitsiyalar markaziga aylanib bormoqda.

Belgilangan 237,9 milliard so‘mlik byudjet daromadlari prognozi va qo‘shimcha 27,5 milliard so‘mlik zaxiralarni yaratish rejasi tumanning moliyaviy mustaqilligini ta’minlaydi. Eng muhimi, bu islohotlarning markazida inson manfaati – uning bandligi, salomatligi, ta’limi va qulay yashash sharoiti turibdi.