Bulung‘urdagi tonnel qurilishi nihoyasiga yetmoqda

Yaxshi bilamiz, Bulung‘ur tuman markaziga borishda shu hududdan o‘tgan temir yo‘l tufayli ba’zi noqulayliklar kuzatilardi. Ya’ni, poyezd o‘tadigan paytda shlagbaum tushirib qo‘yilardi. Natijada avtomobillar turnaqator yig‘ilib, bunday navbatning uzunligi ancha uzoq masofaga cho‘zilib ketardi.
Bu muammoning yechimi sifatida shu yerda avtomobil tonneli qurilishi kerakligi haqdagi takliflar inobatga olinib, loyiha ishlab chiqildi. Ayni paytda bu maskanda ishlar qizg‘in. 80 milliard so‘mlik loyihaning 65 milliard so‘m miqdordagi ishlari bajarilibdi. Demak, yaqin orada Bulung‘ur tumani markaziga kirish muammo bo‘lmaydi.
- Kengligi 16 metr ushbu avtomobil tonneli birinchi navbatda transport qatnovi uchun qulaylik yaratadi, - deydi “Farovon yo‘l servis” MChJ ish boshqaruvchisi Iskandar Mo‘yinov. – Shuningdek, loyihaga ko‘ra, tonnel yonidan piyodalar va velosiped yo‘laklari qurilishi rejalashtirilgan. Chunki poyezd o‘tish vaqtida bu yerda nafaqat transport vositalari, balki piyodalar ham o‘tolmay ancha payt qolib ketadi.
Ayni paytda 70 dan ortiq ishchi 30 ga yaqin texnika yordamida tonnel qurilishi jadal olib borilmoqda va ob’yektni shu yil foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Gulruh MO‘MINOVA.