"Muttertag", "Sabanto‘y", "Maslenitsa", "Vardavar". Samarqandda ularning hammasi nishonlandi

Shu kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab “Fuqarolik jamiyati haftaligi” kunlari bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur haftalik ramziy ma’noda shunday nomlandi, aslida fuqarolik jamiyati faoliyatiga e’tibor qaratgan holda bir oy davomida qator madaniy-ma’rifiy, sport tadbirlari belgilangan.

Viloyatimizda ham fuqarolik jamiyati instituti xodimlari o‘rtasida turli sport tadbirlaridan tortib, ular o‘rtasida turli konferensiya va anjumanlar, donorlik kabi xayriya tadbirlari va boshqa qator dasturlar amalga oshirilmoqda.

Yaqinda O‘zbekiston nodavlat-notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi viloyat bo‘linmasi hamda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” shiori ostida bayram tadbiri va shu mavzuga doir fotosuratlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilarga konsert dasturi namoyish etildi, millatlararo do‘stlik mavzuida fotosuratlar tomoshasi yo‘lga qo‘yildi.

Aytish kerakki, hududda yashovchi millat va elatlarning etnik-madaniy o‘ziga xosligini saqlashga, jamiyatda millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik va tinchlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida viloyatda 11 ta milliy madaniy markazlar va bitta do‘stlik jamiyati faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, 22 ta noislomiy ibodatxonalarda turli millat vakillarining o‘z milliy an’ana va qadriyatlarini, urf-odat va diniy marosimlarini ado etishlari uchun shart-sharoitlar yaratib berilgan.

O‘z navbatida viloyatdagi milliy-madaniy markaz faollari tomonidan mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, turli millat vakillarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qator ishlar olib borilmoqda.

Xususan, rus xalqining “Maslenitsa”, tatar xalqining “Sabanto‘y”, koreys xalqining “Xitoy taqvimi bo‘yicha Yangi yil bayrami” va “Chusok”, nemis xalqining "Muttertag“, ya’ni "Onaxonlar kuni” kabi bayram va ko‘rik tanlovlari keng nishonlanmoqda.

Milliy madaniy markazlarning faoliyat yuritishiga barcha sharoitlarni yaratish maqsadida “Do‘stlik va nodavlat notijorat tashkilotlari uyi” barpo etildi. Ushbu binoda barcha madaniy markazlar joylashuvi bilan birga ularning turli madaniy tadbirlar o‘tkazishi, til o‘rgatish va boshqa mashg‘ulotlar tashkillashtirilishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, markazlarga bitta avtobus, har biriga kompyuter jamlamalari, televizor va milliy liboslar olib berilgan.

Samarqand viloyatida 139 ta maktabda (33 tojik, 106 rus) qardosh tillarda ta’lim olib boriladi.

Millatlararo totuvlik, boshqa millat vakillarining yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi faol ishtiroki e’tirofiga bag‘ishlab viloyat va respublika televideniyesida doimiy ko‘rsatuv va videoroliklar, bosma matbuotda maqola va lavhalar e’lon qilib borilmoqda. Chexov nomidagi rus drama teatri rus tilida sahna asarlari tayyorlanmoqda.

Milliy-madaniy markazlar vakillari va faollarining viloyatda olib borayotgan ishlari, milliy bayramlari, urf-odatlari va boshqa millatlar bilan hamjihatlikda hayot kechirayotganliklari to‘g‘risida ma’lumotlar viloyat televideniyesida tashkil etilgan “Oltin halqa” ko‘rsatuv orqali doimiy ravishda yoritib borilmoqda.

Ayni paytda Samarqand viloyatida millatlararo munosabatlar uzoq yillik an’analar asosida saqlanib kelinmoqda, viloyatda yashovchi millat va elatlarning etnik-madaniy o‘ziga xosligini saqlashga, jamiyatda millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik va tinchlikni yanada mustahkamlash borasidagi tadbirlarni tizimli davom ettirilyapti.

Doston Malikov,

Oliy Majlis huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining viloyat bo‘limi rahbari.