Kriminogen vaziyat tahlilidan mahallalarning yangi chegaralarini belgilashgacha

 

Xalq deputatlari viloyat Kengashining yigirma to‘qqizinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Kengash raisi Sh.Negmatov boshqargan sessiyada viloyat ijtimoiy-iqtisodiy hayoti bilan bog‘liq yigirmadan ortiq masala ko‘rib chiqildi.

Xususan, davlatimiz rahbarining 2025 yil 18 martdagi “Respublikadagi kriminogen vaziyatni kundalik tahlil qilish faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bo‘yichayilning birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari S.Bozorovning axboroti eshitildi.

Qayd etilishicha, mazkur yo‘nalishda tegishli organlar va jamoat tashkilotlari hamkorligida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Shunga qaramay, yilning birinchi choragida viloyatda 3233ta jinoyat hisobga olingan va ularning 757 tasinioldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar tashkil etgan. Aholini tashvishga soladigan va keng muhokamalarga sabab bo‘ladigan bosqinchilik, qotillik, firibgarlik, oddiy va o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari, jinoyat sodir etgan shaxslar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan kamaydi.

–  Mahallalarda kriminogen vaziyatni yaxshilash maqsadida 160 ta “namunaviy xavfsiz ko‘cha” va 255 ta “namunaviy xavfsiz uy” tashkil qilinib, mahallalarga 352 ta videokuzatuv, 265 ta PTZ, 387 ta yuz
va avtoraqamni tanib oluvchi kamera, 506 ta domofon o‘rnatildi, – dedi S.Bozorov. –  Ko‘p qavatli uylarning kirish yo‘laklari oldiga 120 ta tashvish tugmalari joylashtirildi. Natijada, kameralar yordamida qidiruvda yurgan
72 nafar shaxs ushlandi, jazodan bo‘yin tovlab kelgan probatsiya hisobidagi 248 nafar hamda transport vositasi bilan qoidabuzarlik sodir etgan 114 nafar shaxsga chora ko‘rilib, 10 ta jinoyat fosh etildi.

Hisobga olingan jinoyatlarning qariyb yarmini axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir qilingan jinoyatlar tashkil qildi. Bu yo‘nalishdagi 900 ta jinoyat fosh etilib, 556 ta jinoyat ishi sudlarga yuborildi. Kiberjinoyatlar natijasida 90 milliard so‘m zarar yetkazilganligi aniqlanib, shu paytgacha 13 milliard so‘m mablag‘ jabrlanuvchilarga qaytarildi va hisob raqamlarining chiqish tranzaksiyalariga taqiq qo‘yish yo‘li bilan 14 milliard so‘m pul mablag‘lari muzlatildi.

Joriy yilning o‘tgan davrida mahalla hududida sodir etilgan oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar yuzasidan o‘z xizmat vazifasini lozim darajada bajarmagan 857 nafarhuquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi shaxslar intizomiy javobgarlikka tortilib, bir holatda jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i T.Aripov ham yuqorida qayd etilgan Prezident qarori ijrosi yuzasidan ichki ishlar idoralari tomonidan olib borilayotgan ishlar haqida hisobot berdi.

– Viloyat hududida jinoyatlarning barvaqt oldini olish maqsadida “Samarqand tajribasi” sifatida belgilab olgan ustuvor yo‘nalishlarimiz asosida hodisa joyiga 5 daqiqada yetib borish, “112” raqami orqali kelib tushgan xabarlarni kunlik tahlil qilish yo‘lga qo‘yildi, – dedi T.Aripov. – Ana shu tahlillardan kelib chiqib, qaysi mahalladan qanday turdagi murojaatlar ko‘pligiga qarab sohaviy xizmatlardan mas’ullar biriktiryapmiz va muammolar o‘z vaqtida hal etilmoqda. “Chilonzor” va “Ishtixon” tajribalari asosida 709 mahallada “Tozalash” tadbirlario‘tkazilib, 203 ming 400 dan ortiq xonadonda yashovchi aholining 13 mingga yaqin muammosi aniqlandi. Shu paytgacha bu muammolarning 7215 tasi ijobiy hal etildi. Bundan tashqari, tadbirlar davomida, profilaktika inspektorlari tomonidan 26 ming 322 ta ma’muriy huquqbuzarlikaniqlandi va javobgarlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi. Natijada birinchi chorakdamazkur 709 mahallaning 514 tasida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi. Shuningdek, ushbu mahallalalardan kelib tushayotgan murojaatlar ham oydan-oyga kamaydi.

Boshqarma boshlig‘i shu yilning 27 yanvar kunidavlatimiz rahbari tomonidan xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha uyushgan jinoyatchilik, giyohvandlik, kiberjinoyatchilik va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish yo‘nalishlarida viloyatda amalga oshirilayotgan ishlarga e’tibor qaratdi.

Jumladan, kiberxavfsizlik bo‘yicha aholining huquqiy bilimini oshirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari natijasida ushbu yo‘nalishdagi murojaatlar yanvarda 1012 ta bo‘lgani holda, fevralda 650 ta, mart oyida 412 tani tashkil etgan. Xuddi shunday, mart oyida sodir etilgan kiberjinoyatlar soni fevralga nisbatan 194 ta (30foiz)ga kamaydi.

Giyohvandlikka qarshi kurashish yo‘nalishidagi ishlar natijasida 446 holatda 57 kilogramm 473 gramm giyohvandlik vositalari va 3811 dona psixotrop dori-vositalari tegishli noqonuniy aylanmasi oldi oldindi. Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘nalishida esa 272 ta jinoiy holat aniqlandi.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi yo‘nalishida olib borilgan ishlar davomida 1258 nafar ayolga “himoya orderi” berildi.Farzandining tarbiyasiga e’tiborsiz bo‘lgan 6938nafar ota-onalar ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Shundan so‘ng, sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 apreldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi yuzasidan viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish natijalari muhokama qilindi.

Xalq deputatlari viloyat Kengashining korrupsiyaga qarshi kurashish va xavfsizlik masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi Sh.Jo‘raqulov o‘rganish jarayonida boshqarmada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilishning oldini olish, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash holati, shuningdek, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish masalalariga alohida e’tibor qaratilganini qayd etdi. Yo‘l qo‘yilgan kamchilik va nuqsonlar yuzasidan boshqarma rahbariyatiga zarur tavsiyalar berildi.

Masala muhokamasida viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mas’ullari hamda deputatlar qatnashib, o‘z fikrlarini bildirdi.

Sessiyada viloyatda sog‘liqni saqlashni rivojlantirishga oid davlat dasturlarining bajarilishi, kasalliklar profilaktikasining holati, sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanishni shakllantirish, shuningdek, sog‘liqni saqlashning asosiy ko‘rsatkichlari to‘g‘risida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i S.Zayniyevning hisoboti ham tinglandi.

S.Zayniyev sohada o‘tgan yil amalga oshirilgan ishlar va joriy yilga mo‘ljallangan vazifalar, tibbiyotda yo‘lga qo‘yilgan yangi tizim haqida batafsil ma’lumot berdi. Jumladan, o‘tgan yil 18-40 yoshli, 40 va undan katta yoshdagi 1,5 million aholi eng ko‘p uchraydigan yurak-qon tomir, qandli diabet, o‘pka kasalliklarini bo‘yicha profilaktik ko‘rikdan o‘tkazilgan. Irsiy kasalliklarga chalingan 360 nafar bolani davolash choralari ko‘rilgan. 65 nafar bolada fenilketonuriya kasalligi aniqlanib, dispanser nazoratiga olingan va zarur dori vositalari bilan bepul ta’minlangan. Tug‘ma gipoterioz kasalligi aniqlangan 273 nafar bolaga kerakli preparatlar tarqatilgan. O‘tgan yil davomida onkoskriningdano‘tkazilgan 377 mingdan ortiq ayollarning 51 nafarida bachadon bo‘yni saratoni, 48 nafarida ko‘krak bezi saratoni erta bosqichda aniqlanib, ularni davolash choralari ko‘rilgan. Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va ularning viloyatdagi filiallari bilan hamkorlikda 10 mingga yaqin yuqori texnologik amaliyotlar bajarildi. Xususan, 59 nafar bemorda jigar transplantatsiyasi, 153 nafar bemorda buyrak transplantatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Yuqori texnologik amaliyotlar 995 dan 3462 taga, operatsiyalar turi
151 dan 181 taga oshishiga erishildi.

Sessiyada xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari tomonidan yilning birinchi choragida mutasaddi idoralar va rahbarlarga yuborilgan deputatlik so‘rovlarining samaradorligi tahlil qilindi. Qayd etilishicha, hisobot davrida deputatlar tomonidan sayyolovchilar murojaatlari va ular manfaatni ko‘zlab yuborilgan so‘rovlarga hokimliklar, boshqarma va idoralar o‘z vaqtida javob berib, so‘rovlarda ko‘rsatilgan masalalar yechim topgan. Shu bilan birga viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, “Samarqand elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati, “Zarafshon” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasiga yo‘llangan so‘rovlarga o‘z vaqtida javob berilmagani ta’kidlanib, tegishli qaror qabul qilindi.

Kun tartibiga ko‘ra, deputatlar Bulung‘ur, Jomboy, Oqdaryo, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on, Qo‘shrabot, Narpay, Payariq, Past Darg‘om, Paxtachi, Samarqand, Nurobod, Urgut, Toyloq tumanlaridagi shahar, shaharcha va qishloqlar (ma’muriy-hududiy birliklar) chegaralarini belgilash, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki ishtirokida amalga oshiriladigan “Respublika bo‘ylab umumta’lim maktablarini qurish va rekonstruksiya qilish” loyihasidoirasida qamrov koeffitsiyenti yuqori bo‘lgan maktablarda yangi o‘quv binolar qurish va aholi zich joylashgan hududlarda yangi umumta’lim maktablar barpo etish loyiha konsepsiyasini tasdiqlash, Samarqand viloyatida 2026 yilda davlat ko‘chmas mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovining eng kam stavkalarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masalalarni ko‘rib chiqib, qarorlar qabul qildilar.

Bundan tashqari, sessiyada Samarqand shahridagi jamoat transporti tizimida yo‘lkira haqini to‘lashda elektron to‘lov tizimidan foydalanishni rag‘batlantiruvchi tariflarni joriy etish, viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan hisobilan “Dinamofutbol klubiga 10 milliard so‘m mablag‘ ajratish, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish, jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari olib qo‘yilishiga ruxsat berish, Bulung‘ur tumani va Kattaqo‘rg‘on shahrida birlashtirish va ixchamlashtirishga tushgan mahallalarning chegaralarini belgilash to‘g‘risidagi va boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Sessiyada muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan Kengash qarorlari qabul qilindi.