YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi nega Samarqandda o‘tkazilyapti?

2023 yilda YuNESKO tomonidan uning Bosh konferensiyasi 43-sessiyasini 2025 yilda Samarqand shahrida o‘tkazish bo‘yicha maxsus rezolyusiya qabul qilindi.

Tashkilotga a’zo 194 davlat tomonidan qabul qilingan tarixiy qaror - bu, shubhasiz, hozirgi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga berilgan yuksak bahodir.

Bosh konferensiya YuNESKOning oliy organi bo‘lib, uning sessiyalari har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi. Tashkilotning o‘tgan 80 yillik tarixi mobaynida Bosh konferensiya sessiyalari faqatgina bir marta, ya’ni 1985 yil Bolgariyaning Sofiya shahrida bo‘lib o‘tgan. Qolgan barcha sessiyalar YuNESKO bosh qarorgohi bo‘lmish Parij shahrida o‘tkazib kelingan.

Nega Samarqandda?  

YuNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining bosh qarorgohi sifatida Samarqand shahri tanlab olinishi bejiz emas, bunda chuqur ramziy ma’no mujassam. Zero, ushbu ko‘hna va hamisha navqiron shahar azaldan tarixiy uchrashuvlar, tamaddunlar muloqoti markazi bo‘lib kelgan. Bu yerda turli madaniyatlar o‘zaro uchrashib, bir-birini to‘ldirib, boyitib kelgan.

YuNESKO anjumani doirasida O‘zbekistonning madaniy-tarixiy, ilmiy-ma’rifiy, turistik imkoniyatlari, uning dunyo tamadduniga qo‘shgan olamshumul hissasi dunyo hamjamiyatiga namoyish etiladi.

Samarqandxalqaro kongresslar markazi

So‘nggi yillarda Samarqandda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik qator tadbir va anjumanlar o‘tkazib kelinmoqda. Jumladan:

- “Markaziy Osiyo: yagona o‘tmish va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va farovonlik yo‘lidagi hamkorlikmavzuidagi xalqaro konferensiya (2017 yil),

- Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi (2018 yil),

- Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi (2020 yil),

- ShHT davlat rahbarlari sammiti (2022 yil),

- Butunjahon turizm tashkiloti (YuNVTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasi (2023 yil).

YuNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasi va uning kun tartibi

YuNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasi tarixiy voqea hisoblanadi. Unda YuNESKOga a’zo barcha davlatlarning nufuzli delegatsiyalar iishtirok etadi. Bundan tashqari, YuNESKO kotibiyati ham to‘liq tarkibda ishtirok etadi. 43-sessiyasi kun tartibidan quyidagi masalalar o‘rin olgan:

- YuNESKO tashkilotining o‘rta muddatli dasturiy maqsad va vazifalarini tasdiqlash;

- YuNESKOning 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan byudjetini qabul qilish;

- YuNESKO tashkil topganining 80 yillik yubileyini nishonlash;

- YuNESKO yangi Bosh direktori nomzodini tasdiqlash;

- YuNESKO vakolati doirasiga kiruvchi turli masalalarni ko‘rib chiqish.

Samarqandga xush kelibsiz, aziz mehmonlar!

Tinchlik va barqaror taraqqiyot ruhidagi Samarqand ovozitobora balandroq yangrayversin!

Qodir Jo‘rayev,

siyosiy fanlar doktori, professor.