Shokolad so‘ragan bolakay
Amirxonning telefoni tinimsiz chaqirar, o‘zi ish bilan tashqariga chiqib ketgandi. Boshliqning jahli chiqa boshladi. Ko‘zini kompyuter ekranidan uzmay, orqaga yastandi.
Amirxon kirib kelishi bilan telefon yana chinqira boshladi.
— Matohingni olib chiqmaysanmi tashqariga chiqadigan bo‘lsang! Odamning boshini og‘ritib yubordi-ku. Yoki ovozini o‘chirib ketmaysanmi?
— Uzr, boshliq.
U darhol go‘shakni oldi.
— Ha, onasi, - ovozi zardaliroq chiqdi. Va shu chog‘ qo‘li tegib ketdimi qurilmaning ovoz kuchaytirgichi ishga tushib narigi tomondan beg‘ubor ovoz keldi.
— Adajon, bugun manga shikalat ob kegin, xo‘pmi?! Ikkita!
— Xo‘p bolam, xo‘p.
— Fuling bormi? Oylik oldingmi, adajon!
Xonadagilar baralla kulib yubordi. Bolakayning shirin tili hammaning kayfiyatini ko‘tarib yuborgandi.
— Yo‘q, o‘g‘lim, hali oylik olmadim.
— Unda ertaga opkelasan. Tezroq kegin, xo‘pmi?
— Xo‘p!
Tut-tut-tut...
Hamma yana ishga sho‘ng‘ib ketdi, faqat xonaga qandaydir musaffolik kirib qolgandi. Endi boshliq tashqariga chiqib ketdi-yu ataylab qilgandek uning telefoni ham allaqanday yoqimli musiqa tarata boshladi. Keyin o‘chdi.
Birozdan so‘ng kattagina yelim xalta ko‘tarib kirgan bo‘lim boshlig‘i qo‘lidagini Amirxonning stoliga qo‘ydi.
— Buni o‘g‘lingga olib bor!
— Bu ko‘p-ku, o‘rtoq boshliq, — taraddudlandi Amirxon.
— Niyat qildim, menga ham shunaqa nevaralar bersin, —hamkasbining yelkasidan bosdi u. Keyin o‘z ishidan ko‘ngli to‘lib, joyiga o‘tirdi. — Qani, kimning hisoboti tayyor bo‘ldi, menga tashlang!
Feruza Salxodjayeva.