Qum ostidagi tarix yoxud Buxorodan Balxgacha bo‘lgan Turkiston o‘tmishiga sayohat

Jadidchi, ma’rifatparvar, o‘tgan asr 30-yillarining eng ko‘zga ko‘ringan tarixchisi, professor Po‘lat Soliyevning asarlari vatanimiz tarixini o‘rganishda qimmatli manba sanaladi. Quyida olimning 1923 yilda nashr etilgan “Buxoro tarixi” kitobidan bir maqolasini e’tiboringizga havola qilamiz.

***

Turkiston o‘lkasida qay vaqtda va qaysi asrda insonlarning zuhuri haqida ma’lumot yo‘qdur. Bu to‘g‘rida tarix bizga qat’i va hatto taxminiy bo‘lsa ham bir narsa ayta olmaydir. Turkistonda turg‘on burung‘i xalqlarning qay jinsga va qay irqqa mansub bo‘lg‘onliqlarin bilish imkon xarjida bir ishdir. Faqat taxminiy suratda ba’zi bir mulohazalar yurguziladir. Turkiston o‘lkasining yiroq moziylari haqida bizlar grek (yunon) va xitoy manbalarig‘a murojaat etarga majburmiz.

Eski davrimizni juda zaif suratda bo‘lsa ham, mazkur xalqlarning muarrixlari bir qadar maydong‘a qo‘yg‘ondurlar. Tarix zabt etgan vaqtlardin biri Turkistonda fors va turk qavmlarining oralashib yashab kelganliklari ko‘rinadir. Forsiylarning Baqtriya, Sug‘d, Farg‘ona, Buxoro, Xorazm viloyatlarida o‘troq holda tirikchilik etganligi zikr etiladir. Turk xalqlarining ul vaqtlarda madaniy-maishat qilg‘onlig‘i haqida bir narsa ko‘rilmaydir.

Yettisuv, Sirdaryo, Buxoro viloyatlarida ko‘chmanchi holda yurg‘onliqlari ko‘rinadir. Narshaxiyning aytishicha, hozirg‘i Buxoroning shimolida qirq chaqirim yiroqliqda bo‘lg‘on Vardona shahridan Turkiston hududi boshlanadir. Forslarning o‘turg‘on viloyatlari madaniy-maishat qurushqa maqsad bo‘lg‘onliqlaridan bu o‘runlarda o‘lturg‘uvchular ertaroq madaniy tirikchilikka kirishgandurlar.

Grek yozg‘uvchilari ul vaqtqi Baqtriya haqida: «Baqtriya yeri har turlikdir. Ba’zi joylarda uzum yog‘ochlari bilan qoplong‘on, favqulodda ko‘p meva beradir. Yerlari buloq suvi bilan sug‘oriladir. Mo‘’tadil o‘runlarida bug‘doy ekiladir. Boshqa o‘runlari yoyloq uchun qoldiriladir. Viloyatning aksari o‘rni foydasiz. Hech meva o‘smaydir. Xalq ham o‘turmaydir. Yel (shamol) bo‘lsa qum ko‘tariladir. Qum tog‘lari hosil bo‘ladir.

Uzoqdan katta tepa kabi bo‘lub ko‘runadir. Yo‘llar qoplanadir, yo‘lchilar kechalarda yulduzlarga qarab yurmoqqa majbur bo‘ladilar. Qattiq shamol yo‘lchilarni dovdiratadir. Qumlar yo‘lchilarg‘a qabr bo‘ladir. Kechalari kunduzga qarag‘anda, yaxshi. Kunduzgi qalin tuman yorug‘ni qoplaydir. Yo‘lchilar hech bir yo‘lni topa olmaydilar. Manbat va mahsuldorlar (unumlik) o‘runlarda xalq juda zich o‘turg‘onlar. Yer juda yaxshi ishlangandir». deb yozadirlar. Baqtriyaning janubida Poropomiz tog‘lari, shimolda Amudaryo bordur. Hozirg‘i Balx shahri Baqtriyaning markazi edi.

 Miloddan bir necha asrlar burun, baqtriyaliklar mazkur o‘runda davlat qurdilar. Poytaxti Balx shahari edi. Ko‘p vaqtlar bu shahar Zardo‘sht dinining markazi bo‘lub xizmat qildi. Miloddan 530 yillar muqaddam Eron shohi Kir tarafindan fath etilib Erong‘a qo‘shuladi. Makedoniyali Iskandar Eronni olib Turkistong‘a tajavvuz voqtida Baqtriya ham uning idorasiga o‘tgan. Makedoniyalik Baqtriyaga ko‘p grek muhojiri olib kelib o‘rnashtirg‘oni aytiladir.

Makedoniyalik vafotidan keyin Baqtriyada «Grek-Baqtriya» nomida bir davlat tuzilgan edi. Bu davlat shimoldan hujum etguvchi ko‘chmanchi qabilalar tazyiqi bilan bitkariladir. Beshinchi asrning yarimlarida Eron shohi Feruziy Baqtriya va sug‘d viloyatlarini oldi. Turk xonlarini o‘ziga itoat ettirdi. Yettinchi asr milodiyning o‘rtalarida Turkiston osha Hindistong‘a borg‘an Xitoy rohibi «Syun Szyan» Baqtriyada kichkina o‘lkalar, har qaysining boshinda turk hokimlarin ko‘rganligin yozadi.

 Sug‘d yeri haqida grek yozg‘uchilari: «Sug‘d yeri Baqtriyadan qo‘rqunchlidir. Askarlari suvsiz yerlarda suvsamaslar ham, suv icharga talab turadirlar. Qizil qum o‘t yanglig‘ kuydiradir. Tunda yurish qiyinroq, qirov bo‘ladir. Tong otishi bilan qattig‘ qizish boshlanadir. Issiqlig‘ odamning tashig‘a emas, hatto ichini ham kuydiradir», deb yozadirlar.

 Grek yozg‘uchilari Makedoniyali Iskandar bilan birga kelgan edilar. Makedoniyali o‘zining fathotin yozib borish uchun ulug‘ olimlarni Eron va O‘rta Osiyo safarlarida birga olib yurg‘on edi. Bular bo‘lg‘on voqealarni yoza bordilar. Askar boshliqlari orasida ham «Kunlik daftar» yurutg‘uchilari, voqealarni yozib borg‘uchilari bor edi. Lekin bularning hammasining ham, yozg‘on narsalari salomat saqlanmag‘on, zoye bo‘lg‘ondir. Ba’zi birisigina Arrian, Kvant Kursiy kabi olimlarning asarlargina bu kunga kelib yeta olg‘on. Bu asarlardan birisi ham bizni qanoatlantiradurg‘on darajada emas. Ul vaqtqi Turkistonning qandoq ekanin bilib bo‘lmaydir. O‘rta Osiyodag‘i ul vaqtlardag‘i miskun xalqlar haqida ochuq bir narsa yozilmaydir. Faqat «masog‘it», «Iskif» degan ismlar bilangina kifoyalanib, bularning ko‘chmanchi ekanliklarin aytadirlar. Turmushlari va urf odatlari, idoralari haqida bir narsa ham so‘zlamaydirlar. Makedoniyali Iskandar miloddan burun 330-329 yillarda Hindistonni o‘tub kelib Baqtriyani oldi.

 Hozirgi «Chu chiqangzar» yonida Amudaryoni o‘tub Sug‘dning markazi bo‘lg‘on Maroqand (Samarqand)g‘a keldi. Samarqand ul vaqtda tevaragi bir chaqirimlik devor bilan ixota qiling‘on bir shahar edi. Samarqandni olg‘och, Xo‘jand yo‘li bilan Sirdaryog‘a qadar kelib Xojandg‘a yaqin o‘runda Yiroq Iskandariya ismida bir shahar bino etdi. Atrofinda ko‘chmanchi xalqlar bilan greklarni shul shaharga o‘rnashtirdi. Sirdaryoning o‘ng sohilidagi iskiflar bilan urushib qaradi. Muvaffaqiyat qozonmadi. Kasallanib (og‘rub) keyinga qaytishga majbur bo‘ldi. Sug‘d, Baqtriya xalqlari Makedoniyaliga (Makedonskiyga) qarshi isyon ham qilib qaradilar. Ish chiqmadi, greklar tarafidan shahar va qishloqlari halok qilindi. Hindukushdan o‘tib, Hindistonga ketgan edi.

 Shundan takror O‘rta Osiyog‘a qaytmadi. Miloddan 323 yil burun Bobilda o‘lgach, fath qiling‘on o‘runlari bo‘laklandi. Hozirg‘i Xurosonda «Parfiyon» Baqtriyada «Grek-Baqtriya» ismli davlatlar tuzildi. Grek-Baqtriya davlatining hududi keng edi. Sug‘d, Qobiliston dohil holda Panjobg‘acha cho‘zilg‘on edi. Grek-Baqtriya hukumati shimoldan ko‘chmanchi xalqlarning tajovuzi bilan bitkarilib, bularning oziga ko‘chmanchi xalqlar o‘rnashadilar. Miloddan Isodan muqaddam Turkistonda ko‘chmanchi xalqlarning katta bir qo‘zg‘alish boshlandi. Bu qo‘zg‘alish O‘rta Osiyoda ulug‘ o‘zgarish tug‘diradir.

Buning sababi Hun turklaridir. Xitoyning shimolida o‘turg‘on turklar o‘zlarining g‘arbida «Tong‘ut»da o‘turg‘on yuij-xi (Yuechji) degan xalqqa hujum etib, keyingilarni g‘arb sori harakat etmakka majbur etganlar. Yuij-xilarning g‘arb tarafida bo‘lg‘on Si-Suy xalqi ham Yuij-xilarning tazyiqlarig‘a uchrab g‘arbga qarab hijrat etganlar. Yuij-xilar «Soy»larning kelib Baqtriyag‘a o‘rnashdilar. Gangdan Furotqa, Sirdaryodan bahri muhit Hindga qadar cho‘zilgan katta bir davlat turg‘izg‘onlar.Yuich-xilarning g‘arbga qarab qo‘zg‘alishlari haqida xitoy manbalari: «Yuich-xilar g‘arbga tomon xarakat etdilar. Doxo (Sug‘diya) o‘lkasini fath etib, Guyshu (Amudaryo) yilg‘asining shimolida o‘rnashdilar». deydir.

Bularning Qanishqa ismidagi xoni budda dinini tarqatishda zo‘r harakat etib ibodatxonlar bino qilg‘on kishidir (Yettinchi asr milodiyda Turkiston osha Hindistong‘a borg‘on Xitoy sayyohi Syan-Szin «Qanishqa katta xon edi. Hindistonning aksar o‘rnidan Xorj, Kobuliston, Sharqiy Turkiston muning idorasida edi. Poytaxti Purshopur (Peshovar) shahri edi deb aytadir».) Ushbu Yuij-xilarg‘a miloddan 157 yil burun Chjan-San ismli kishining rayosati ostida Xitoydan bir hay’at kelgan edi. Xitoyning shimolida o‘turg‘on Hun turklari xitoylarni rohatsiz qila boshlag‘och, yuij-xilar bilan ittifoq yasab hunlarga qarshi turish maqsadida edilar. Lekin bu hay’atning ishi muvaffaqiyatsiz bo‘ldi. Yuij-xilar qabul etmadilar. Xitoy tomonidan taklif etilgan ittifoqqa kirmadilar.

Chjan-San o‘z asarida aytadirkim, «Farg‘ona hunlardan o‘n ming li (ikki li bir chaqirimg‘a to‘g‘ri keladir) g‘arbdadir. Farg‘onaning shimol-sharqida (Yettisuv viloyatida) ikki ming li yiroqliqda «usun» xalqi turadir. Bular ko‘chma maishat etadilar. O‘zlari hunlarga o‘xshaydir. Farg‘onaning shimol-g‘arbida (Sirdaryo viloyatida) qanguylar turadur. Bular ham ikki ming li qadar Farg‘onadan yiroq. Bular ham ko‘chma tirikchilik etadirlar. Yuij xilarga o‘xshaydirlar. Kuchsizliklari sababli qang‘uylarning janub tarafi yuich-xilarg‘a, sharq tomoni hunlarga itoat etadir. Katta Yuich-xilar Farg‘onadan uch ming li qadar g‘arbda, Amudaryoning shimolidadir. Yuich-xilarning shimolida Doxo (Sug‘d) g‘arbida Ansi (Xiva va shimoliy Eron) mamlakatlari bordir.

Farg‘ona xalqi madaniy-maishat etadir, dehqonchiliq bilan shug‘ullanadir. Guruch, bug‘doy ekadirlar. Uzumdan musallas yasaydirlar. Yaxshi otlari bor. Uylari shaharlari bor. Farg‘onada katta-kichik bo‘lib yetmishlab shahar bordir. Xalqi bir necha minga yetadir» deydir. Uchinchi asr milodiyning o‘rtalarida yuich-xilarning davlati bitadir. Kobul, Baqtriya, Sug‘diyona bularning qo‘lida qolib boshqa viloyatlar istiqlol oladir. To‘rtinchi asrda shimoldan hujum etgan hun turklari bularning davlatlarini butkul bitkarib, o‘zlari Turkistonda hokim bo‘lib qoladilar. Yettinchi asrda esa Eron shohi «Firuzi» Sug‘d, Baqtriyani o‘ziga qaratadi.

Oltinchi asrning o‘rtalaridan boshlab Turkistonni turk- «tukyular» idora etadilar. Turk-tukyular vaqtida Yettisuvda bo‘lgan savdo shaharlari ko‘rinadir. Bu shimol yo‘li mazkur asrdagina zikr qilina boshlaydir. Yettinchi asrda Farg‘onada ko‘p yillarg‘a cho‘zilg‘on tinchsizliklar g‘arbiy Osiyodan Xitoyg‘a boraturg‘on karvon yo‘lining shimolg‘a ko‘chishiga sabab bo‘ldi. Karvonlar Farg‘ona yo‘lin tashlab Yettisuv bilan yura boshladi. Savdogar Samarqanddan Toshkentga, undan Avliyoota osha Yettisuvga Chu yilg‘asi bo‘yiga undan Issiqko‘lning janubi bilan Bedil dovoni orqali Oqsuvga chiqaturg‘onlar edi. Bu yo‘lni birinchi marotaba xitoy sayyohi Syun-Sin zikr etadir.

Bu yo‘lning bo‘lishi ham Turk-Tukyularning ulug‘ davlat qurg‘onlari vaqtidadir. Xitoy sayyohi Syun Sinning aytishig‘a qarag‘onda ul vaqtlarda turk ellari xalqning yarmi dehqonchiliq bilan shug‘ullansa, yarmi savdo bilan shug‘ullangan. Bularning alifbolari, tarixiy kitoblari bo‘lg‘on. Sayyoh aytadir: «Chu yilg‘asining g‘arb tarafinda bir necha o‘nlab shaharlar bor. Har bir shaharda hokim turadir. Hammasi ham turk-tukyularga itoat etadirlar. Chu yilg‘asining bo‘ynidagi shaharlardan «Kiyushonli» (sharqiy Buxorodagi Hisor viloyati)g‘a qadar bo‘lg‘on o‘run «Suli» deb ataladir.

Xalqi ham mazkur ism bilan zikr qilinadir. Yozuv alomatlari 32 harfdan iborat. Bu xalqdan tarixga oid bir necha asarlar bor. Yuqoridan tubanga qarab o‘qiydirlar. Paxtadan, jundan, teridan kiyim kiyadirlar. Sochlarin bosh tepasiga yig‘ib yurutadurlar. Ba’zilari butunlay oldiradirlar. Boshlarig‘a ipak o‘raydirlar. Boylar bir qadar ehtirom etiladir. Kiyimda boy bilan faqir orasida ayrima yo‘qdur. Hatto ne qadar boy bo‘lsa, shu qadar yomon kiyinadur. Xalqining yarmi dehqonchiliq, yarmi savdo bilan shug‘ullanadir» deydir.

Bul vaqtda savdoning markazi Siyob shahri edi. Bir shaharning atrofida xoqonning o‘rdasi bor edi. Mazkur sayyoh Turk xoqonining huzurig‘a tushib, bir qadar kunlar unda turg‘ondur. Sayyoh aytadir «Xoqon ustida yashil ipakdan chopon, sochlari soling‘on, boshig‘a o‘n fut uzunliqda ipak chirmag‘on. Yonidog‘i odamlar xoqonning teskarisincha sochlarin o‘rganlar. Sollandirub qo‘yg‘onlar. Sultonning chodiri ichida oltin narsalar ko‘p. Chodirda turadir. Kigiz ustida ikki qat bo‘lib ulug‘ odamlar tizilib o‘turg‘onlar, hammasining ustida ipak kiyim.

 Bularning orqasida xoqonning soqchilari turadir. Chodirda Xitoy va ham Uyg‘uriya elchilari bor. Osh yedik, vino ichdik, muzika o‘ynadi» deydir. Shul asarda Turkiston turk-tukyular idorasi vaqtida Turkistong‘a arablar kelib chiqdirlar. Bu vaqtda O‘rta Osiyoda juda ko‘p mayda mustaqil idoralar bor edi. Bular orasida hech bir munosabat yo‘q bo‘lub, bir-birisi bilan nizolashib, janjallashib turar edilar. Bu mayda idoralarning boshlarida dehqonlar turib, g‘oyat zo‘r mulk sohiblari edilar. O‘zlarining fuqarolaridan bularning kiyimlari ayrim bo‘lub, bellariga kamar bog‘lab, qilich taqib yurar edilar. O‘zlariga xos otliq askarlari, turaturg‘on mahkum saroylari bor edi. Buxorxudod Buxoroning boshlug‘i bo‘lub, viloyatdagi yerlarning ko‘pi buning qo‘lida, xalqining ko‘pi buning quli hisoblanadur.

 Samarqand, Sug‘d, Farg‘onada dehqonlar qo‘lida bo‘lib viloyatlardagina emas, shaharlarda ham yerning eng ko‘pi bular idorasida edi. Urush vaqtlarida dehqon boylarg‘a mansub kishilar bilan birga turk askarlari dehqonlarning zo‘r kuchlarini tashkil etar edi. U vaqtda O‘rta Osiyoda Zardusht, Budda, xristianlikning nesturi shu’basi ko‘proq tarqalg‘on bo‘lib, boylar, dehqonlar zardusht dinida edilar. Turkiy xalq orasida shomonliq bilan barobar budda, nesturiylik tarqalg‘on bo‘lsa ham,bu dinlarga mansub turk qabilalari g‘oyat ozaydi. Turkiy xalq hammasi deb aytarliq shomonizm dinida edilar.

Mazkur dinlarning birisi ham saroy taxt egalariga munosib bo‘lurliq darajada emas edi. Dinning nufuzi kam bo‘lg‘oni kabi xalq orasida kuchli ruhoniy sinf ham ko‘runmaydir edi. Arablarning tajovuzi vaqtlarida Farg‘ona, Shosh, Sug‘d, Buxoroning bir-biriga bog‘lang‘on birligin talab qilg‘on hech bir munosabatlari yo‘q edi. Bularning hammasining ustidan G‘arbiy Turk hukumati hokim bo‘lsada, oning ishi o‘lpon olish, lozim bo‘lg‘on iqtsodiy ishlardan foydalanish edi.

Ammo idora ishlariga hech aralashmas, idora boshlarida yerlik xalqning o‘z dehqonlari turar edi. Bahri muhiti Kabirdan Qora dengizgacha Turk-Tukyular davlati 581 yildan keyin sharqiy va g‘arbiy nomlarda ikkiga ajraldi. G‘arbiy turklarning markazi hozirg‘i Yettisuv viloyati edi. G‘arbiy turklarning o‘zlarida ikkiga ajralib Chu yilg‘asining sharqinda bo‘lg‘onlari, «dulu» g‘arbinda bo‘g‘onlari «nushabi» isminda yuritilar edi.

G‘arbiy turklar orasida zo‘r e’tiborli Suluxon 738 yilda Turgish boshliqlarining birisi tarafidan o‘ldurildi. Mamlakatda zo‘r nizolar boshlandi. 748 yilda sharqiy Turkistondagi Xitoy voliysi Yettisuvg‘a g‘arbiy turklarning ustiga tajovuz qilib savdoning markazi bo‘lg‘on Suyob shahrini vayron qildi. Bir tarafdan o‘ldurush, talashlar, ikkinchi yoqdan xitoylarning tajovuzi g‘arbiy turk hukumatini zaiflantirdi. Shuning natijasinda, arablar O‘rta Osiyoda zo‘r muvaffaqiyat qozondilar. Eng keyingi turk xoqoni Amudaryoning janubida Balxning sharqida Toxariston degan joyda arablardan mag‘lub bo‘ldi. Shu mag‘lubiyatdan qaytib kelgach, dushmanlari tarafidan o‘ldurildi. Shuning bilan O‘rta Osiyoda Turkiy-tukyularning hokimiyati bitib, Turkiston arab futuhoti uchun ochuq qoldi.

Po‘lat Soliyev.