​"O‘sha masxaraboz menman!"

Universitetning ikkinchi kursida o‘qiyotganimizda bir ustoz dars bergani kirdi. Bir qaraganda o‘zgacharoq ko‘rinadi. Biroz g‘alati...

Lekin talabchan. Darsiga ikki daqiqa kechikkandik, kiritmadi. Jahlimiz chiqdi. Hatto zamdekanni ham yetaklab keldik. “Yo‘q, keyingi paraga kirasizlar”, degancha eshikni yopib qo‘ydi. “Shunaqayam qo‘pol odam bo‘ladimi?”, deb ranjigandik hatto. Domlaning fani juda qiziq, turli metodikalar, testlar... Darsni zo‘r o‘tardi. Fe’l-atvori esa butkul boshqacha...

Oradan bir oy o‘tib, ustozimiz hayoti haqida eshitib, anchayin garangsib qoldim. Rost. Uning yolg‘izgina o‘g‘li shu universitet auditoriyasida kutilmaganda jon bergandi. Yurak xurujidan. Ustoz yigirmaga to‘lgan navqiron o‘g‘lini o‘zi dars o‘tayotgan auditoriyada yo‘qotgan ekan.

Televideniyeda ishlaydigan bir ayol bor. Rosa samimiy, beg‘araz yordam beradigan, mehribon inson. Nazarimda, shu ayolda kamlik yo‘qdek tuyulardi. O‘g‘il qizi bor, moddiy ahvoli havas qilgudek, o‘zi mashhur. Lekin kecha suhbatlashganimizda opaning qalb tubida yotgan og‘riqlar chiqib kela boshladi. Ichida shuncha dardi bor, deb o‘ylamagandim...

Qaysidir saytda o‘qigandim... Universitetlardan birida dars beradigan ustozlardan biri doimo ayollar soatini taqar edi. Talabalar turli majlislarda o‘zaro uni har xil ilmoqli so‘zlar bilan masxara qilishar edi. Oxiri ulardan biri so‘rashga jur’at qildi:

- Ustoz! Nega ayollar soatini taqasiz?

Ustoz dedi:

- Bu soat vafot etgan qizimning soati!

Hamkasblarimizdan biri doimo sho‘x-shodon qiyofada yuradi. Uning pozitiv kayfiyati yuqumli, albatta sizning labingizga ham tabassum yuguradi.

Hech kim uning ko‘zyoshini yo xafa bo‘lganini ko‘rmagan hisob. Biroq ma’lum bo‘lishicha, eri qamoqda, ikki bolasi bilan yolg‘iz qolgan ekan. Vaqt o‘tib, eri qaytib kelganida hayoti haqida so‘zlab berdi.

Insonlar toqqa o‘xshashadi. Salobatda emas, ko‘pgina qismi yashirinligida. Aytishlaricha, tog‘larning to‘rtdan uch qismi yer ostida bo‘lar ekan. Biz insonlarning ham oshkor qilganimizdan yashirganlarimiz ko‘proq.

Ha... inson qalbi xuddi g‘or kabi juda ko‘plab alamlarni, sitamlarni, dardlarni o‘z ichiga yutib yashayveradi. Biz tog‘ning cho‘qqisiga, yon- atrofiga nazar tashlab, o‘z bahoimizni beramiz. Aslida esa tog‘ ostidagi g‘orning ichida nimalar borligidan bexabarmiz. Har birimizning og‘rig‘imiz, qalbimiz tubida yotgan qayg‘ularimiz bor. Ularni oshkor qilsak, balki boshqalar ko‘zyosh to‘kishlari mumkin. Ammo so‘zlashdan ko‘ra yutish afzal... Sabr lozim. Chunki insonlarning sizga shafqat nigohi bilan boqishlari undan ham og‘riqli.

Bu hayot shafqatsiz kurashdan iboratdir. Har qanaqangi tabassumli yuz ortida u insonlardan yashirib yuradigan katta g‘ussa bo‘ladi.

Ko‘pgina kulgilar ortida ko‘z yoshlar yashiringan...

Kunlardan birida shifokorning huzuriga bir ayol kirdi. U jismidagi og‘riq va ruhidagi tushkunlikdan shikoyat qildi. Uzoq tekshiruvdan so‘ng ayon bo‘ldiki, uning tanasida hech qanday dard yo‘q ekan. Dard uning ruhida ekan. Shifokor unga dedi:

- Sizning muammongiz ruhiydir. Siz ko‘proq dam oling. Kitob o‘qing, safar qiling, yangi do‘stlar orttiring. Sizga bir maslahatim bor. Shahrimizda bir masxaraboz bor. Ismi Karlina. U insonlarni kuldiraverib, dardlarini unuttirib yuboradi. Uning tomoshalariga borishni tavsiya qilaman sizga.

Shunda bemor yig‘lab turib dedi:

- Doktor! O‘sha masxaraboz Karlina menman!

Xulosa esa o‘zingizdan.

Saida AZIZ.