Bulung‘urda yangi bozor qachon quriladi?
Tuman markazida joylashgan dehqon bozori va uning atrofidagi ayrim holatlar nafaqat sotuvchi va xaridorlar uchun, balki bozor yonidagi yo‘lda harakatlanayotgan haydovchilar va piyodalarga ham noqulayliklar tug‘diryapti. Sotuvchilarning ba’zilari ko‘chada, ya’ni piyodalar yo‘lagida savdo qilyapti. Ularning ayrimlari hatto avtomobil yo‘lining bir qismini egallab olgan.
- Har kuni bozor chiptachisiga 10 ming so‘mdan beramiz, - deydi sotuvchilar. Ammo “Nega ko‘chada savdo qilyapsiz?”, degan savolga esa javob yo‘q!
- Bir paytlar bu sotuvchilar ham avtomobillarga, ham piyodalarga xalaqit berib, tumanning markaziy ko‘chalaridan birida savdo qilardi, - deydi bozorning qurilish bo‘yicha mutaxassisi Ismatilla Irisqulov. – Ularni dehqon bozori hududida savdo qilishga undadik. Bundan ko‘pchilik norozi bo‘ldi. Avvaliga Mingchinor massivi hududida yangi bozor qurilib, bozorimiz faoliyati to‘xtatilishi rejalashtirilgan edi. Shuning uchun sotuvchilarga vaqtincha ko‘chada bo‘lsa ham savdo qilib turishiga ruxsat berilgandi. Keyinchalik eski bozor ham faoliyatini davom etirishi mumkinligi aytildi. Endi ko‘chada savdo qilayotgan tadbirkorlar uchun munosib sharoit yaratish choralari ko‘rilyapti. Aslida bozorimizning katta bir ayvoni 1989 yilda qurilgan. Rastalar esa kam va ular katta joyni egallagan, bugungi zamon talabiga javob bermaydi.
Shunday bo‘lsa ham bozor hududidagi rastalarning deyarli yarmi bo‘sh turibdi. Mutaxassis esa ko‘chadagi sotuvchilar uchun bu joylar kamlik qilishini va tez kunda bozor yangi loyiha asosida qayta qurilishi rejalashtirilayotganini aytdi:
- Yangi loyiha taklifi tuman hokimligiga taqdim qilingan. Agar shu taklif qabul qilinsa, dekabr oyida qurilish ishlari boshlanadi. Hozirda bozorimizning 437 ta savdo o‘rni va 92 ta turg‘un savdo nuqtasi mavjud bo‘lsa, yangi loyiha amalga oshirilgandan keyin bu ko‘rsatkich qariyb 2 baravarga oshadi. Ya’ni, 900 ga yaqin savdo o‘rni tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Bozorda ayrim mahsulotlar sanitariya talablariga javob bermaydigan sharoitda sotilyapti.
- Bozorda ham, ko‘chada ham savdo qilayotgan ayrim tadbirkorlar usti yopiq holda sotilishi kerak bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini ochiq holda sotishadi, - deydi xaridorlardan biri. – Odamlar olaveradi. Haq-huquqini, tartib-qoidalarni bilishmaydi. Birgina misol, salatlar ochiq holda sotiladi. Sotuvchilar ham, oluvchilar ham ularning ustiga chang va u bilan birga turli mikroblar tushayotgani bilan ishi yo‘q.
Ayrim mahsulotlarning ishlab chiqarish sanasi va saqlash muddati ko‘rsatilmagan. Bunga bozorda mas’ul bo‘lgan laboratoriya va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlaridan hech birini topolmadik.
Bulung‘urda yangi dehqon bozori bunyod etilishi bo‘yicha kiritilgan loyiha taklifi qabul qilinadimi? Yangi bozor qachon qurilib, qachon ishga tushiriladi? Ungacha ko‘chadagi tartibsizlik shu holicha turaveradimi? Bozordagi laboratoriya va sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati xodimlari o‘z ishlariga qachon mas’uliyat bilan yondashadi?
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV (foto).