Mirbozorning davlat ulushi sotildi, yana uchta bozorda jarayon davom etmoqda

Davlatimiz rahbarining joriy yil 21 apreldagi “2025 yil uchun xususiylashtirish dasturi to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, viloyatdagi davlat ishtirokidagi 10 ta korxona ustav kapitalidagi ulushlar, 64 ta ko‘chmas mulk ob’yektlari, 730 gektar yer uchastkalarini auksion savdosiga chiqarish belgilangan.

Mazkur farmon bilan bozorlar va savdo majmualari ustav kapitalida mahalliy davlat hokimiyati organlarining majburiy ishtirok etishi to‘g‘risidagi talab bekor qilindi.

– Bu yil viloyatimizning Narpay tumanidagi “Mirbozor”, Past Darg‘om tumanidagi meva-sabzavot va buyum bozorlari, Samarqand shahridagi “Marmar dehqon bozori” va “Shodiyona” savdo majmuasi davlat ulushi sotilishi belgilangan, – dedi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Suhrob Mahmarahimov ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun tashkil etilgan matbuot anjumanida. – Shu paytgacha “Mirbozor”dagi davlat ulushi auksionga qo‘yilib, sotildi. Qolgan uchta bozor bo‘yicha jarayonlar davom etmoqda.

Matbuot anjumanida, shuningdek, yil boshidan buyon 31 ta davlat aktivlari 290,6 milliard so‘mga, 946 ta (126,3 gektar) yer uchastkasi 62,6 milliard so‘mga sotilgani, hozirda boshlang‘ich narxi 130,7 milliard so‘mlik 46 ta davlat aktivi hamda 120,6 milliard so‘mlik 5669 ta lotdan iborat 815,1 gektar yer uchastkasining auksion savdosi davom etayotgani ta’kidlandi.

Prezidentimizning 2024 yil 29 noyabrdagi “Samarqand viloyatini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Samarqand shahar, Samarqand va Nurobod tumanlaridan o‘tuvchi xalqaro va mahalliy ahamiyatdagi yo‘l bo‘ylaridan 18 ta umumiy maydoni 11,9 gektar bo‘lgan 18 ta yer uchastkasi master-reja asosida auksion savdolariga chiqarilib, 19,6 milliard so‘mga sotildi.

Bundan tashqari, Samarqand shahari, Urgut, Toyloq, Samarqand va Past Darg‘om tumanlari hududidan o‘tgan Darg‘om kanali bo‘yini qisqartirish hisobiga 100 gektardan ortiq yer maydonida turzim, zamonaviy xizmat ko‘rsatish, savdo va servis nuqtalarini barpo etish bo‘yicha master-reja ishlab chiqilmoqda. Bu ish yakuniga yetgach ushbu yer maydonlari ham auksion savdolariga chiqarilib, sotilishi aytildi.