Bozorlarda tartib o‘rnatishning vaqti kelmadimi?

Qadimda sayyohu elchilar biror davlatning qudrati, xalqining ma’rifatu madaniyati haqida bilishni istasa, bozorini ko‘zdan kechirgan ekan. Aynan bozorlar shu yurtning yuzi hisoblangan. Shu bois ularning obodligi, tartibliligi, sotuvchi va xaridorlarning madaniyati hamma zamonlarda ham umume’tiborda bo‘lgan.

Keyingi yillarda bozorlarni obodonlashtirish, ularni tarix va zamonaviylikni uyg‘unlashtirgan turizm maskanlariga aylantirish masalasi kun tartibidan tushmay kelmoqda. Bu borada hukumat qatorlari qabul qilindi, manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Ammo barcha sa’y-harakatlarga qaramay, belgilangan tartib va me’yorlarga hamma joyda bir xil amal qilinyapti, deya olmaymiz.

Viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida o‘tkazilgan nazorat tekshiruvlari natijasi ayni fikrimiz isboti bo‘la oladi. Jumladan, Toyloq tumanidagi “Toyloq”, “Jumabozor”,Urgut tumanidagi “Dehqonobod”, Paxtachi tumanidagi “Chorshanba” dehqon bozorlari va Oqdaryo tumanidagi “Oqdaryo” dehqon bozorining Yangiqo‘rg‘on filialida fuqarolar hech bir hujjatsiz, arxitektura va shaharsozlik qoidalariga zid holda qurilgan bino yoki ko‘cha sharoitidagi chang-to‘zonda sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etmagan holda kalla-pocha, hasip, no‘xat sho‘rva, kabob singari sifati tez buziladigan taomlarni tayyorlab sotayotganligi aniqlandi. Payariq tumanidagi “Chelak” va “Payariq” dehqon bozorining joylardagi filiallarida ham sotuvchilar uy sharoitida tayyorlangan go‘ja va achchiq osh taomlarini sotayotgan holda topildi.

Bulung‘ur tumanidagi “Bulung‘ur”dehqon bozori va uning Oqtepa filiali, Jomboy tumanidagi “Jomboy” dehkon bozorining Juriyat  filiali, Past Darg‘om tumanidagi “Uch Qora” dehqon bozori, “Nurobod” dehqon bozorining Jom va Mehnatkash filiallarida “uddaburon” sotuvchilar boshqa turdagi tadbirkorlik guvohnomasiga ega bo‘lgan holda, o‘tirish o‘rinlarini tashkil etib, bir necha turdagi taomlarni antisanitariya holatlarida tayyorlab sotayotganligiga guvoh bo‘lasiz. Shu kabi ruxsat berilgan tartibni o‘ziga “moslashtirish” holatlarini deyarli barcha bozorda uchratish mumkin. Ular orasida talab yuqori bo‘lgan chanqoqbosti ichimliklar, achchiq osh, chalob va sharbat sotuvchilari ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ayni maqsadda ishlatilayotgan idishlarning notoza suvda chayilib, qayta ishlatilayotganligi turli yuqumli kasalliklarning tarqalishi ehtimolini oshirishi hech kimning xayoliga kelmaydi.

Prezidentning 2012 yil 28 avgustdagi 253-sonli qarori bilan bozorlardagi savdo o‘rinlarini jismoniy shaxslarga faqat ularning yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ruyxatdan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnomasi mavjud bo‘lgan taqdirda berilishi belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, aksariyat bozorlarda davlat ro‘yxatidan o‘tmagan “tadbirkor”lar ham bemalol faoliyat yuritmoqda. Jumladan, “Ishtixon” va “Chelak” bozorlarida qo‘lda, noma’lum sharoitda tayyorlangan pishiriqlar sotuvi avjida. Hujjatsiz qandolatchilarning o‘z mahsulotlarini sifat nazoratisiz sotishi va bozorning o‘zida tanovul qilishni tashkil etishi Jomboy, Toyloq, Kattaqo‘rg‘on, Narpay tumanidagi bozorlarda ham odatiy holga aylangan.

Ikkilamchi chorvachilik va sut mahsulotlari savdosi Samarkand shahridagi “Temiryul”, Bulung‘ur tumanidagi “Bulung‘ur”, Ishtixon tumanidagi “Ishtixon”, Payariq tumanidagi “Chelak” dehqon bozorlarida talab darajasida tashkil etilmagan. Ushbu kelib chiqishi noma’lum, sifatini kafolatlovchi xujjatlari bo‘lmagan mahsulotlarning ochiq peshtaxtalarda sotilayotganligi achinarli holdir. Bu qonunbuzarlikni sodir etayotgan va ularga sharoit yaratib berayotganlar ma’muriy javobgarlikka tortilishi, agarda ayni harakat oqibatida inson hayoti uchun xavfli omillar keltirib chiqarsa, jinoiy javobgarlikka tortilishini biladimi?

Aytish joizki, boshqarmamiz tomonidan viloyatdagi 12 ta bozorda amalga oshirilgan tadbirlar davomida aniqlangan qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 10 nafar bozor mas’uliga ma’muriy bayonnomalar tuzilib, sud idoralariga yuborildi. Har bir bozor rahbariyatiga sanitariya talabnomalari berildi. Shuningdek, nazorat tadbirlari davomida sifatsiz deb topilgan 4096 kilogramm, jumladan Paxtachi tumanida 593 kilogramm, Ishtixon tumanida 562 kilogramm, Oqdaryo tumanida 634 kilogramm, Toyloq tumanida 847 kilogramm mahsulotning iste’mol uchun ishlatilishi taqiqlandi.

Biz bu bilan bozorlarda tartib o‘rnatildi, demoqchi emasmiz. Bu raqamlar umumiy holatning bir qismini ifoda etadi, xolos. Muammo faqat sanitariyada emasligi, bozorlardagi umumiy muhit ham jiddiy e’tiborga muhtojligi hech kimga sir emas. Ularda qonun ustuvorligi ta’minlanmas, jarayonda jamoatchilik nazorati kuchaytirilmas ekan “yuz”imizdagi dog‘ bo‘lib qolaveradi. Bozorlarga tartibni, madaniyatni qaytarish uchun bir yoqadan bosh chiqarish vaqti keldi.

Latif Rustamov,

viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat

salomatligi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi.