Bozorlarda qanday o‘zgarish bo‘ladi?
Bugungi kunda Samarqand viloyatida 59 ta, bozor bor. Shundan 41 tasi dehqon bozori va 18 ta si savdo kompleksi.
Viloyat bozorlar va savdo komplekslari uyushmasi rahbarlari bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida keltirilishicha, 2023 yilda bozorlar va savdo komplekslari tomonidan 84 milliard 290 million so‘mdan ortiq tushum tushirilgan. Shundan, mahalliy byudjetga 17 milliard so‘mdan ortiq soliq to‘langan.
Bozorlarda asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida kuz-bahor mavsumida 3200 tonnadan ortiq mahsulot zaxirasi yaratilgan.
- Hozirgacha zaxiraga jamg‘arilgan mahsulotlar tadbirkorga tegishli omborxonada saqlanardi va bu tannarxning ortishiga olib kelardi, - deydi viloyat bozorlar va savdo komplekslari uyushmasi raisi o‘rinbosari Akmal Qudratov. – 2024 yilda uyushma qoshida markazlashtirilgan sovutkichli omborxona qurish rejalashtirilgan. Shuningdek, Kattaqo‘rg‘on, Urgut, Paxtachi, Oqdaryo, Jomboy dehqon bozorlarida kapital qurilish va obodonlashtirish, viloyatdagi barcha bozorlar va savdo komplekslarida zamonaviy loyihalar asosida hojatxonalar qurish rejalashtirilgan. Barcha dehqon bozorlari va savdo komplekslarida joriy ta’mirlash ishlarini amalga oshirish, sotuvchi va xaridorlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish, shuningdek tushum pullarining jamiyat hisob-raqamlariga to‘liq kirim qilinishini ta’minlash maqsadida avtomatlashtirilgan tizim joriy qilinadi.
O‘.XUDOYBERDIYeV.