Bozorlarda sotuvchi-yu xaridorga qanday sharoit yaratilyapti?
Shu yil 15 oktyabr kuni viloyat hokimligida o‘tkazilgan muhokama yig‘ilishida eng yomon holatdagi dehqon bozorlarining ichki yo‘laklari hamda avtoturargohlarini betonlashtirish va asfaltlashtirish bo‘yicha topshiriq berilgandi.
Viloyat bozorlar va savdo komplekslari uyushmasi hamda tuman-shahar hokimliklari mas’ullari tomonidan ushbu topshiriq ijrosi qay darajada ta’minlanyapti? Shu savolga javob topish maqsadida ayrim bozorlarda bo‘ldik.
Avvalo, “Past Darg‘om meva-sabzavot dehqon bozori”da bo‘ldik. 2,78 gektar maydondan iborat bozor hududi to‘liq betonlashtirilgan.
- Bozorimizda 152 ta savdo do‘koni, jami 672 o‘rinli rastalar hamda poliz mahsulotlari sotiladigan 2 ta ayvon mavjud, - deydi jamiyat bosh hisobchisi Ozod Bozorov. – Shuningdek, arzonlashtirilgan savdo yarmarkasi uchun maxsus yengil konstruksiyali bino qurilgan. Bozor atrofidagi 4650 kvadrat metr maydon asfalt qilingan va 800 kvadrat metr piyodalar yo‘lagi, 350 metrlik ariq, bozor ichidagi yo‘laklar, 4880 kvadrat metrlik avtoturargoh betonlashtirildi.
Sotuvchi va xaridorlar uchun qulay sharoitlar yaratib berilgani yaxshi, ammo bozor atrofidagi yo‘ldan o‘tib-qaytayotgan haydovchi va yo‘lovchilarni qiynayotgan bir masala bor ekan. Bu – tirbandlik.
- Ayni paytda bozorga qarashli avtoturargohda asfaltlash ishlari ketyapti, - deydi O.Bozorov. – Shu sababli ko‘chada tirbandlik hosil bo‘lgan. Bu ishlar yakuniga yetgach, avtoturargoh 200 dan ziyod avtomashinani o‘z ichiga sig‘diradi.
Keyingi manzilimiz “Nurobod dehqon bozori”ning “Sariqul” filiali bo‘ldi. Chekka hududda joylashgan ushbu bozor filiali haftada bir kun, bor-yo‘g‘i 2-3 soat davomida faoliyat olib borar ekan.
Avvalo, bozorda savdo qiladigan ayrim tadbirkorlarning fikri bilan qiziqdik. Ayrimlari mavjud imkoniyatlarning boriga shukur qilib savdo qilyapti, ba’zilari esa...
- Shu bozorda 20 yildan beri savdo qilaman, - deydi ularning biri. – To‘g‘ri, bozorning ayrim joylari betonlashtirilyapti, ammo shuncha vaqtdan beri yozda issiqda, qishda yog‘ingarchilikdan himoya qiladigan ayvonlarga ehtiyoj katta, bundan keyin bu muammo hal etiladimi-yo‘qmi bilmadim.
- Samarqand tumanida yashayman, - deydi Sharifa Esoyeva. - 15 yildan beri Nurobod tumanidagi katta-kichik bozorlarda savdo qilib kelaman. Haftaning har juma kuni shu bozorga kelaman. To‘g‘risi, shu paytgacha umuman sharoit yo‘q edi. Turadigan joyimiz yozda chang, yog‘ingarchilik paytida loy bo‘lardi. Bugungi kunda bozor hududining bir qismi betonlashtirilib, rastalar qurildi. Bu yaxshi, endi quyosh nuri va qor-yomg‘irdan pana bo‘ladigan ayvonlar qurilsa, o‘zimiz bilan birga olib keladigan, ortiqcha yuk bo‘ladigan soyabonlarga ehtiyoj qolmaydi. Sekin-asta sharoitlar yaratilyapti, tez kunda hammasi yaxshi bo‘lishiga ishonamiz.
- Bozorimiz 7 ta filialdan iborat, - deydi “Nurobod dehqon bozori” rahbari Elbek Xolboyev. - Aholi tarqoq joylashgani uchun ham shunday kichik-kichik filiallar xizmat ko‘rsatadi. Bozorning jami hududi 3,3 gektar bo‘lib, eng katta filialimiz “Sariqul”. Hududi esa 1,5 gektarni tashkil etadi. Imkoniyatimizdan kelib chiqib, 1 ta ayvon qurganmiz. Tadbirkorlar hisobidan do‘konlar ham qurilgan. Filialning 1000 kvadrat metr maydoniga beton qoplamasi yotqizildi. 200 o‘rinli rasta qurildi va ularda savdo qiladiganlar uchun sharoit yaratish maqsadida 2 ta ayvon barpo etilishi rejalashtirilgan.
Nurobod adirliklarida joylashgan yana bir bozorda olib borilayotgan betonlashtirish ishlari bilan ham tanishdik.
- Tumanning “Kech keldik” mahallasida yashaymiz, - deydi Boyxo‘roz Botirov. – Bir paytlar biz yashaydigan qishloqqa yaqin hududda bozor yo‘q edi. Aholi ro‘zg‘origa nimadir kerak bo‘lsa, yo Kattaqo‘rg‘on shahriga yoki Past Darg‘om tumaniga borishga majbur edi. Bolaligimda otam bilan bozorga borardim. Ulovimiz bir telejkali traktor bo‘lardi. Qishloqning o‘nlab odamlari shu transport vositasida bozorga qatnardi. Bozorlik qilib bo‘lgach, traktorchining ishi bitishini kutardik. Buning uchun ko‘pincha soatlab vaqt ketardi. Yog‘ingarchilik va issiqdan himoyalanish uchun telejkaning tagida o‘tirardik. Olgan oziq-ovqat mahsulotlarimizning ayrimlari uyga yetib kelguncha, aynib, sifati buzilib qolardi...
B.Botirovga shu holatlar og‘ir ta’sir qilganmi yo boshqa sababmi, harholda uning tashabbusi bilan Nurbuloq qo‘rg‘oni hududida “Yaxshi niyat, farovon hayot” dehqon bozori tashkil etilibdi. Unga o‘zi rahbarlik qila boshlabdi. Qo‘rg‘onda aholi ko‘payib, infratuzilmalar yaxshilanib, bu bozor torlik qila boshlagach, uning o‘rni zamonaviy turarjoylar qurilishi uchun bo‘shatib berilib, bozor uchun esa chekkaroq hududdan, ya’ni adirlikdan 3,5 gektar maydon ajratilibdi.
- Hudud cho‘ldek qaqrab yotgandi, - deydi u. - Bu yerda bozor bo‘lishiga hech kim ishonmasdi. Tavakkal qilib, bozorni ko‘chirib keltirganimizdan keyin asta-sekin hudud obod bo‘la boshladi. 2020 yilda rasman ish boshladik. Hozirda atrofidan turli savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari tashkil etilyapti. Bugungi kunda 1 gektar maydonda dehqon bozori, 50 sotix yerda mol bozori faoliyat ko‘rsatyapti. Bozorga ajratilgan hududning qolgan qismi bo‘sh turibdi, ammo soliqlarini to‘lab kelyapmiz. Kelgusida bozorimizni kengaytirish niyatimiz bor.
Bu hududda bozor faoliyat boshlaganiga hali ko‘p bo‘lmagan, ammo birmuncha qurilish ishlari bajarilganiga guvoh bo‘ldik.
- Dehqon bozori hududining deyarli yarmi betonlashtirilgan, - deydi B.Botirov. – 200 o‘rinli zamonaviy savdo rastasi va ikkita ayvon bunyod etilgan, yana ikkita ayvon qurilishiga hozirlik ko‘rilyapti. Bir oy ichida 2 ming kvadrat metr maydonga beton yotqizdik.
Viloyat bozorlar va savdo komplekslari uyushmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 18 noyabrga qadar viloyatdagi 52 ta dehqon bozorida qariyb 63 ming kvadrat metr maydonga asfalt va salkam 100 ming kvadrat metr maydonga beton qoplamasi yotqizilgan. Bosqichma-bosqich davom etadigan ishlar samarasida ko‘rsatkichlar yanada ortib borishi kutilyapti.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV (video+foto).