Samarqand axborot xizmati xodimlarining jamoatchilik bilan ishlash tajribasi o‘rganildi
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tizimidagi axborot xizmati xodimlari ishtirokida “Axborot xizmati xodimlarining jamoatchilik bilan samarali ishlashda Samarqand tajribasi” mavzusida amaliy seminar o‘tkazilmoqda.
Seminar doirasida dastlab viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi axborot xizmati media markazi ochilish marosimi o‘tkazildi. Tadbirda ishtirok etgan Oliy Majlis Senati a’zosi Farmon Toshev, viloyat hokimining o‘rinbosari Husan To‘xtayev, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi axborot xizmati rahbari – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Maftuna Saidova va boshqalar so‘zga chiqib, bugungi kunda sohadagi muammolarni bartaraf etishda axborot xizmatining o‘rni nechog‘lik muhim ekanligini alohida ta’kidladi. Aholining axborotga bo‘lgan talabini qondirish, jamiyatdagi o‘zgarishlarni xolis yetkazish borasida ayni paytdagi muhim masalalarni tashkilotlarning axborot xizmatlari samarali olib borayotganligi qayd etildi. Boshqarmada tashkil etilgan media markaz sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligini saqlash sohasidagi islohotlarni, uning samaradorligini oshirishda munosib xizmat qilishi ta’kidlandi.
Samarqand davlat tibbiyot universiteti ko‘p tarmoqli klinikasida o‘tkazilayotgan “Axborot xizmati xodimlarining jamoatchilik bilan samarali ishlashda Samarqand tajribasi” mavzusida amaliy seminarda qo‘mita axborot siyosati mas’ullari, viloyatlar axborot xizmatlari xodimlari ishtirok etib, viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi axborot xizmati faoliyatini atroflicha o‘rganib, to‘plangan samarali tajribalarni ommalashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar muhokama qilinmoqda.
Ikki kunlik seminar davomida tizimda faoliyat yuritayotgan axborot xizmatlari xodimlari viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar, adliya boshqarmalari mas’ullari, shuningdek, viloyatdagi nufuzli ommaviy axborot vositalari mutasaddilari ishtirokida axborot olish, tarqatish, tanqidiy chiqishlarga munosabat bildirish, dolzarb mavzulardagi bayonotlarni berish tartiblari borasida zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lishdi.