Zararli havodan nafas olayotgan aholi dardini kimga aytsin?
Oqdaryo tumanidagi Boshdarxon, Po‘latdarxon va Xolvoyi mahallalarida yashayotgan aholi tomonidan hokimlik va yana bir nechta tashkilotlarga Farhod shaharchasi Shirin mahallasi hududida joylashgan maishiy oqova-chiqindi suvlarni tozalash inshootidan Oqdaryo o‘zaniga tushayotgan oqizmadan chiqayotgan sassiq va badbo‘y hidga chidab bo‘lmayotganligi shikoyat qilingan.
Holat yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillari hamda viloyat sanitariya-epidemiologik ocoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi mutaxassislari ishtirokida o‘rganish o‘tkazildi.
Shirin mahallasi hududida joylashgan maishiy oqova-chiqindi suvlarni tozalash inshooti 1979 yilda qurilib, faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Jahon banki tomonidan berilgan mablag‘ hisobidan 2017-2018 yillarda rekonstruksiya qilingan.
Aniqlanishicha, maishiy oqova-chiqindi suvlarni tozalashga mo‘ljallangan inshootdan Oqdaryo o‘zaniga tashlanayotgan suv o‘tkir sassiq va badbo‘y hid taratmoqda. Oqdaryo o‘zanida suv oqmayotganligi sababli daryo o‘zanida faqatgina to‘liq tozalanmagan oqova-chiqindi suvlar bir joyga yig‘ilib qolgan. Mana shu yig‘ilib qolgan, nomiga tozalangan oqova-chiqindi suvning badbo‘y hidi shamol bilan yon-atrofga tarqalmoqda.
Aholi ushbu maishiy oqova-chiqindi suvlarni tozalash inshooti ilgari ularga xalaqit bermaganligi, hamma voqea kanalizatsiya tarmog‘iga bir qator sanoat korxonalari qo‘shilganidan keyin yuz berayotganligini bildirdi. Xususan, Boshdarxon mahallasi hududida joylashgan “Soya Baraka Samarqand” MChJga qarashli korxona oqova-chiqindi suvlarini shaharcha maishiy kanalizatsiya tarmog‘iga tashlashni boshlaganidan keyin ushbu holat yuz berayotganligi ta’kidlandi. Aholi mazkur korxona o‘z hududida kimyoviy sanoat chiqindilarini zararsizlantiruvchi inshootni qurishi va shahar kanalizatsiyasiga kimyoviy jihatdan tozalanmagan chiqindi suvlarni tashlamasligini talab qilmoqda.
- 2019 yildan buyon tarqalayotgan sassiq hiddan aziyat chekamiz, - deydi Boshdarxon mahallasida yashovchi Mahkam Davlatov. - Keyingi paytda uyda o‘tirib, ovqatlanib ham bo‘lmay qoldi. O‘zanga tushayotgan suvga farzandlarimiz cho‘milib, sassiq havodan nafas olib, turli kasalliklarni yuqtirib olmoqda. Holat bo‘yicha murojaat qilmagan joyimiz qolmadi, lekin natija bo‘lmayapti.
Viloyat sanitariya-epidemiologik ocoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, maishiy oqova-chiqindi suvlarni tozalash inshootidan Oqdaryo o‘zaniga “shartli” tozalangan oqova-chiqindi suvlar tarkibini o‘rganish maqsadida laboratoriya tahlillari o‘tkazilganda tahlillar oqova-chiqindi suvlar to‘planib qolgan Oqdaryo daryosi o‘zanida me’yordan ancha balandligini ko‘rsatgan.
- Boshdarxon mahallasidagi 20 xonadon pishma quduqlaridan suv namunalari olinib, laboratoriyada tekshiruvdan o‘tkazilganda 8 ta hovlidan olingan ichimlik suvi tarkibida ko‘p miqdorda ammiak va nitritlar mavjudligi aniqlandi, - deydi viloyat sanitariya-epidemiologik ocoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi mutaxassisi Berdiboy Alimov. – Buning asosiy sababi, “Soya Baraka Samarqand” MChJning oqova-chiqindi suvlarni tozalash inshooti sanoat chiqindi suvlari qo‘shilgandan keyin o‘z vazifasini bajara olmay qolgan, ya’ni sanoat chiqindi suvlari qo‘shilgan maishiy oqova-chiqindi suvlarni tozalamayapti.
Mazkur korxonada 4 dona tindirgich bo‘lib, oqova-chiqindi suvlari undan o‘tib ketmoqda. Natijada atrofga yoqimsiz hid tarqashi bilan birga, aholi foydalanayotgan quduqlardagi suv tarkibida ammiak va nitrit uchrayapti. Aslida, aholi iste’mol qiladigan ichimlik suvi tarkibida bunday moddalar umuman bo‘lmasligi kerak. Yo‘qsa, qon bilan bog‘liq va boshqa turli kasalliklar yuzaga keladi. Shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, joriy yilning o‘tgan davrida hudud aholisida 129 holatda onkologik, gepatit B, S, oshqozon yarasi, qandli diabet, surunkali bronxit, arterial gipertenziya kabi kasalliklar qayd etilgan.
Yuqoridagi holatlarga aniqlik kiritish maqsadida “Soya Baraka Samarqand” MChJda bo‘ldik. Afsuski, korxona mas’ullaridan laboratoriya tahlillari olingani va belgilangan muddatda javobi chiqishidan bo‘lak javob ololmadik.
Muammoni aytgan bilan amalda bartaraf etilmasa, muammoligicha qolaveradi. Aholini qiynab kelayotgan bu kabi muammolar hal etilishi uchun esa mas’ullar e’tibori kerak bo‘ladi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.