Samarqand jamoat transportida zamonaviy xizmat va qulay tizim yaratilmoqda
Viloyatda jamoat transporti tizimini zamon talablari asosida takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar sezilarli darajada jonlandi. Ayniqsa, yo‘lovchilar uchun qulay, xavfsiz va tezkor xizmat ko‘rsatish maqsadida bir qator o‘zgarishlar joriy etilmoqda.
Bugungi kunda viloyatda 162 ta tadbirkorlik sub’yekti 3365 ta transport vositasi bilan, shuningdek, yo‘nalishsiz taksi sifatida 70 ta korxona 370 ta yengil avtomashina bilan, 26 ming 347 nafar fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan holda 27 ming 319 ta transport vositasi bilan aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Shu bilan birga, 577 ta avtobus, 177 ta mikroavtobus, 1917 ta “Damas” rusumli litsenziyalangan transport vositalari muntazam yo‘nalishlarda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatyapti.
Brutto-shartnomasi o‘zini oqlayaptimi?
Jamoat transporti xizmati sifatini yaxshilash va aholiga qulaylik yaratish maqsadida avtobuslar brutto-shartnoma tizimi bo‘yicha ishlashga o‘tkazilmoqda. Jumladan, Samarqand shahrida shu tizim yo‘lga qo‘yilgan. Brutto-kontrakt tizimi tashuvchi korxona va nazorat qiluvchi organ o‘rtasida tuziladi. Bunda tashuvchi korxonaga jamoat transportiga qo‘yilgan talablarni, ya’ni yo‘nalish chizmasiga to‘liq rioya qilish, yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish, oraliq intervalga amal qilish, ish boshlanishi va tugashi tartibini bajarish vazifasi yuklatiladi.
– Jamoat transportida avtobuslarning yangilanishi hamda xizmat sifatining oshirilishi natijasida Samarqand shahrida bir kunda 200 mingga yaqin yo‘lovchiga transport xizmati ko‘rsatilmoqda, – deydi viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i Ravshan Tojiyev. – Xususan, boshqarmamiz muassisligidagi “Samarqandyo‘lovchitrans” davlat muassasasi balansidagi 100 ta elektrobus brutto-shartnomasi asosida to‘qqiz yo‘nalishga biriktirilgan.
Shuningdek, Samarqand shahrida “Tramvay liniyalarini ekspluatatsiya qilish direksiyasi” davlat korxonasi 2 ta yo‘nalishda, ya’ni 1-sonli “Temiryo‘l vokzali – Sartepa massivi” va 2-sonli “Temiryo‘l vokzali – Siyob bozori” yo‘nalishlari orqali yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmoqda.
Korxona tomonidan joriy yilning bugungi kuniga qadar 2 million 500 mingga yaqin yo‘lovchi tramvaylar xizmatidan foydalandi. Hozirda Samarqand shahar avtobus yo‘nalishlaridan 22 tasi tender tanlovlari asosida xizmat ko‘rsatish istagini bildirgan tashuvchilar bilan brutto-shartnomasi imzolandi. Tizim asosida faoliyat ko‘rsatayotgan tashuvchilar tegishli xizmatlari uchun moliyalashtirilmoqda. Ushbu avtobuslarda yuzaga kelayotgan muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etish, tashuvlarda sifat darajasini ko‘tarish maqsadida “Yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasasining ishonch telefonlari ishga tushirilgan.
Yana 250 ta elektrobus olib kelinadi
Samarqand - Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining “Yashil shaharlar” dasturiga qo‘shilgan shahar hisoblanadi. Mazkur loyiha doirasida Samarqand shahar jamoat transporti yo‘nalishlarida elektrobus olib kelinib, yo‘nalishlarga chiqarilmoqda. 2026 yil yakuniga qadar Samarqandga yana 250 ta elektrobus olib kelish rejalashtirilgan va bu borada xalqaro moliyaviy tashkilotlari bilan muzokaralar olib borilmoqda. Buning natijasida shahardagi 21 ta yo‘nalishga tender o‘tkazilib, cheklangan tariflar bo‘yicha yo‘lovchilar tashish bosqichma-bosqich brutto-shartnoma asosida xizmat ko‘rsatilishi ta’minlanadi.
Elektron to‘lov orqali avtobuslarda tejamkorlik va qulaylik tizimi yaratilmoqda
Samarqand shahrida jamoat transportida raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali yo‘lovchilar uchun qulay va zamonaviy sharoitlar yaratilmoqda. Xususan, yo‘lkira haqini to‘lash amaliyotida elektron va naqd to‘lov tizimlari joriy qilinib, naqd to‘lov 3000 so‘m, elektron to‘lov esa 2000 so‘m etib belgilandi.
Elektron to‘lovlar bank kartalari hamda ATTO yagona transport kartasi orqali amalga oshiriladi.
– ATTO kartasi foydalanuvchilari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilgan bo‘lib, yo‘lovchi birinchi avtobusga 2000 so‘m, ikkinchi avtobusga 1000 so‘m to‘laydi, uchinchi va to‘rtinchi avtobuslarda esa bepul harakatlanishi mumkin va validatorga kartani ko‘rsatish kifoya, – deydi viloyat transport boshqarmasi yetakchi mutaxassisi Sherzod Xalilov. – Bank kartasi yoki ATTO kartasi bo‘lmagan fuqarolar uchun shahar bo‘ylab bekatlarga yaqin joylarda infokiosklar o‘rnatilgan bo‘lib, ular orqali 2000 so‘m evaziga QR-kodli chipta xarid qilish imkoni yaratilgan. Ushbu tizim yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, yo‘lovchilar oqimi bo‘yicha aniq ma’lumot olish, haydovchilar vaqti va harakatini tejash hamda bekatlarda ortiqcha to‘xtashlarni kamaytirishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, jamoat transporti yo‘nalishlari raqamli xaritaga joylashtirilib, ATTO mobil ilovasi, 2GIS va boshqa onlayn servislar orqali avtobuslarning real vaqtdagi harakatini kuzatish imkoniyati yaratilgan. Bu esa yo‘lovchilarning manzillariga o‘z vaqtida va qulay shartlarda yetib borishini ta’minlamoqda.
Jumladan, o‘tgan yil oktyabr holatiga ko‘ra, 558 ming 921 nafar yo‘lovchi elektron to‘lov tizimidan foydalangan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich joriy yilning shu davrida 3 million 253 mingdan ziyodni tashkil etdi. Shu yilning yakuniga qadar Samarqand shahar jamoat transportini to‘liq elektron to‘lov tizimiga o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda shahar atrofi yo‘nalishlarini ham elektron to‘lovga o‘tkazish masalasi bo‘yicha takliflar tayyorlanmoqda.
Noqonuniy faoliyat yuritgan haydovchilar va korxona mas’ullariga choralar ko‘rildi
Transport nazorati inspeksiyasi avtomobil va suv transportida nazorat viloyat hududiy bo‘limi boshlig‘i Ergash Murodovning ta’kidlashicha, tashkilot inspektor xodimlari tomonidan joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida viloyat hududi bo‘ylab yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari bilan birgalikda olib borilgan monitoring davomida 800 ga yaqin reyd tadbirlari o‘tkazilib, yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan qoidabuzar fuqarolarga nisbatan 10 mingdan ziyod ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan 46 ta korxona tekshirilib, 487 million so‘m jarima tayinlangan.
Bundan tashqari, Jomboy, Nurobod, Paxtachi, Bulung‘ur, Samarqand shahar va tumanlari hududida katta hajmli va yuk tashuvchi avtotransport vositalarini nazorat qilish maqsadida 3 ta ko‘chma tarozi nazorat punkti faoliyat yuritmoqda. Xizmat tekshiruvi davomida 1174 ta avtotransport vositasi ko‘zdan kechirilib, 1030 tasida me’yoridan ortiq yuklar borligi aniqlangan va transport vositalari vaqtinchalik jarima maydoniga qo‘yilgan.
Viloyatda jamoat transportini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratish, balki iqtisodiy samaradorlik, xavfsizlik va ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatli. Elektron to‘lov tizimining joriy etilishi, brutto-shartnoma asosidagi tizimning ishga tushirilishi, elektrobuslar sonining oshib borishi transport xizmatida ochiqlik, tezkorlik va qulaylikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.