Samarqandda jamoat transportlarining xizmatlari uchun naqd to‘lovdan voz kechiladi

Bu haqda "Samarqandyo‘lovchitrans" davlat muassasasining axborot xizmati ma’lum qildi.

Samarqand shahrida yo‘lovchi transportida to‘liq naqd pulsiz to‘lov tizimiga o‘tish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilyapti. Ushbu qadam yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratish va transport tizimining shaffofligini oshirishga qaratilgan.
Naqd pulsiz to‘lovlar;
- tez va qulay — mayda pul izlash yoki qaytim kutish shart emas;
- shaffoflik — barcha to‘lovlar avtomatik tarzda qayd etiladi;
- zamonaviy xizmat — elektron to‘lov xalqaro standartlarga mos bo‘lib, yo‘lovchilarga yanada qulaylik yaratadi.
Jamoat transportidan foydalanishni yanada yengillashtirish maqsadida Samarqand shahrining bekatlarida bir martalik elektron chiptalar sotib olish uchun to‘lov terminallari o‘rnatilmoqda. Naqd to‘lovdan voz kechish Samarqand transport tizimini yanada samarali, zamonaviy va yo‘lovchiga qulay qilishga xizmat qiladi.