Samarqandda jamoat transporti xizmati sifatini yaxshilash maqsadida qanday ishlar qilinyapti?

Viloyatda 173 ta tadbirkorlik sub’yekti 4963 ta transport vositasi bilan, shuningdek, yo‘nalishsiz taksi sifatida 79 ta korxona 415 ta yengil avtomashina bilan, 21 ming 668 nafar fuqaro 22 ming 304 ta transport vositasi bilan aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Ularning 587 tasi avtobus, 160 tasi mikroavtobus, 2014 tasi “Damas” rusumli litsenziyalangan transport vositalari hisoblanadi.

Viloyat Matbuot uyida viloyat transport boshqarmasi hamda Transport nazorati inspeksiyasi avtomobil va suv transportida nazorat viloyat hududiy bo‘limi mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida viloyatda jamoat transportining holati, yo‘lovchilarga yaratilayotgan sharoit va qulayliklar hamda joriy yilgi rejalar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Brutto-shartnomasi o‘zini oqlayapti(mi?)

 Ta’kidlanishicha, viloyatda jamoat transporti xizmati sifatini yaxshilash va aholiga qulaylik yaratish maqsadida avtobuslar brutto-shartnoma tizimi bo‘yicha ishlashga o‘tkazilmoqda. Jumladan, Samarqand shahrida shu tizim yo‘lga qo‘yilgan. Brutto-kontrakt tizimi tashuvchi korxona va nazorat qiluvchi organ o‘rtasida tuziladi. Bunda tashuvchi korxonaga jamoat transportiga qo‘yilgan talablarni, ya’ni yo‘nalish chizmasiga to‘liq rioya qilish, yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish, oraliq intervalga amal qilish, ish boshlanishi va tugashi tartibini bajarish vazifasi yuklatiladi.

- Jamoat transportida avtobuslarning yangilanishi hamda xizmat sifatining oshirilishi natijasida Samarqand shahrida bir kunda 400 mingga yaqin yo‘lovchiga transport xizmati ko‘rsatilmoqda, - deydi viloyat transport boshqarmasi transport tashuvlarini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Mahmud Uzoqov. – Jumladan, boshqarmamiz muassisligidagi “Samarqandyo‘lovchitrans” DK balansidagi 100 ta elektrobus brutto-shartnomasi asosida 9 ta yo‘nalishga biriktirilgan. Korxona tomonidan joriy yilning hozirgi davriga qadar o‘rtacha hisobda 9 million nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilgan. Shuningdek, Samarqand shahrida “Tramvay liniyalarini ekspluatatsiya qilish direksiyasi” DK 2 ta yo‘nalishda, ya’ni 1-sonli “Temiryo‘l vokzali–Sartepa massivi” va 2-sonli “Temiryo‘l vokzali–Siyob bozori” yo‘nalishlari orqali yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmoqda. Ushbu korxona tomonidan 2024 yil davomida jami 3 million yo‘lovchi tashilgan bo‘lsa, joriy yilning bugungi kuniga qadar 1,5 million yo‘lovchilar tramvaylar xizmatidan foydalandi. Hozirda Samarqand shahar avtobus yo‘nalishlaridan 22 tasi tender tanlovlari asosida xizmat ko‘rsatish istagini bildirgan tashuvchilar bilan brutto-shartnomasi imzolandi. Tizim asosida faoliyat ko‘rsatayotgan tashuvchilar tegishli xizmatlari uchun moliyalashtirilib borilmoqda. Ushbu avtobuslarda yuzaga kelayotgan muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etish, tashuvlarda sifat darajasini ko‘tarish maqsadida “Yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasasining ishonch telefonlari ishga tushirilgan.

Yo‘lkiraning tabaqalashgani elektron to‘lovni ommalashtirdi

Matbuot anjumanida ma’lum qilinishicha, Samarqand shahar jamoat transportida yo‘lkira narxlari tabaqalashgan tartibda amalga oshirilmoqda. Ya’ni, naqd shaklda 3 ming so‘m va elektron to‘lov 2 ming so‘mni tashkil etadi. Tizimdagi ushbu tafovut sababli elektron to‘lovning ommalashuviga erishilgan. Xususan, o‘tgan yilda jamoat transporti foydalanuvchilari 17-20 foiz yo‘lkira haqini to‘lashgan bo‘lsa, 2025 yilning 1 iyun holatiga bu ko‘rsatkich o‘rtacha 30-35 foizga o‘sgan. Bu bir vaqtning o‘zida sohadagi yashirin iqtisodning oldini olishga hamda jamoat transportidan foydalanish darajasining aniq miqdorini belgilashga xizmat qilmoqda. 2025 yilning yakuniga qadar Samarqand shahar jamoat transportini to‘liq elektron to‘lov tizimiga o‘tkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, hozirda shahar atrofi yo‘nalishlarini ham elektron to‘lovga o‘tkazish masalasi bo‘yicha takliflar tayyorlanmoqda.

Yana 50 ta elektrobus olib kelinib, yangi avtobuslar yo‘nalishlarga chiqariladi

Samarqand - O‘zbekistonda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining “Yashil shaharlar” dasturiga qo‘shilgan shahar hisoblanadi. Mazkur loyiha doirasida Samarqand shahar jamoat transporti yo‘nalishlarida elektrobus olib kelinib, yo‘nalishlarga chiqarilmoqda.

Viloyat transport boshqarmasi axborot xizmati rahbari Sherzod Xalilovning ta’kidlashicha, yil yakuniga qadar Samarqandga yana 50 ta elektrobus olib kelinadi. Mahalliy tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan olib kelinishi rejalashtirilgan 112 ta zamonaviy avtobus va 80 ta mikroavtobus yo‘nalishlarga joylashtiriladi. Shahardagi 21 ta yo‘nalishga elektron tender o‘tkazilib, cheklangan tariflar bo‘yicha yo‘lovchilar tashish bosqichma-bosqich brutto-shartnoma asosida xizmat ko‘rsatilishi ta’minlanadi. Shu bilan birga, Samarqand tumanida 2 ta, Oqdaryo tumanida 1 ta avtostansiya tashkil etilib, Narpay tumanidagi avtostansiya rekonstruksiya qilinadi. Viloyatda joylashgan 1 ta avtostansiya va 34 ta avtobus bekatlarida qurilish va ta’mirlash ishlari olib borilib, jamoat transporti uchun 11,2 kilometr alohida yo‘lak tashkil etiladi. Yo‘lovchi tashuvchi transportlar yetib bormagan mahallalarda 12 ta yangi yo‘nalishlar ochiladi.

Noqonuniy faoliyat yuritgan haydovchilar va korxona mas’ullariga choralar ko‘rilgan

Transport nazorati inspeksiyasi avtomobil va suv transportida nazorat viloyat hududiy bo‘limi boshlig‘i Ergash Murodovning so‘zlariga ko‘ra, tashkilot inspektor xodimlari tomonidan joriy yilning yanvar-may oylarida viloyat hududi bo‘ylab viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari bilan birgalikda olib borilgan xizmatlar davomida 337 ta reyd tadbiri o‘tkazilib, yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan qoidabuzar fuqarolarga nisbatan 4768 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. 16 ta yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan korxonalar tekshirilib, 600 million so‘m jarima jazosi tayinlangan. 266 ta yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan korxonalarda profilaktika tadbirlari o‘tkazilgan.

Bundan tashqari, Jomboy, Nurobod, Paxtachi va Samarqand tumanlari hududida katta hajmli va og‘ir vaznli yuk avtotransport vositalarini nazorat qilish maqsadida 3 ta ko‘chma tarozi nazorat punkti faoliyat yuritmoqda. Xizmat tekshiruvi davomida 467 ta avtotransport vositasi ko‘zdan kechirilib, 337 tasida me’yoridan ortiq yuklar borligi aniqlangan va transport vositalari vaqtinchalik jarima maydoniga qo‘yilgan.

Fazliddin Ro‘ziboyev.