Cho‘ponotada qurilayotgan xalqaro avtovokzal qachon foydalanishga topshiriladi, yangi avtobuslar qaysi yo‘nalishlarga qo‘yildi?

Samarqand shahrida jamoat transporti harakatini yaxshilash, yangi avtobus va elektrobuslar olib kelish, xizmat sifatini oshirish va yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida qanday ishlar olib borilmoqda?

Viloyat transport boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan press-turda ana shu savollargajavob izlandi.

Qiymati 80 milliard so‘mlik zamonaviy avtovokzal

Respublikamizning eng ko‘p viloyat va shaharlaridan, qolaversa, qo‘shni davlatlardan keladigan yo‘lovchi tashuvchi transport vositalari uchun qulay hududda, ya’ni Samarqand shahrining Cho‘ponota massivida zamonaviy avtovokzal qurilmoqda. Umumiy yer maydoni 4,6 gektar bo‘lgan ushbu ob’yektda “SXF Kemping” MChJ tomonidan qurilish ishlarining yakuniy bosqichi olib borilyapti. 

 - Avtovokzal bir vaqtning o‘zida 100 ta avtobus, 150 ta mikroavtobus va 300 ta yengil turdagi transport vositalarini qabul qilishga mo‘ljallangan, - deydi “SXF Kemping” mas’uliyati cheklangan jamiyati ish boshqaruvchisi Shohruh Rofiyev. – Loyiha bo‘yicha vokzalning asosiy ma’muriy (yo‘lovchilar kutish zali) binosi, avtobuslar, mikroavtobuslar va yengil turdagi transport vositalari uchun texnik xizmat ko‘rsatish binolari, avtoturargohlar, avtobuslarning xalqaro, viloyatlar va shaharlararo yo‘nalishlar bo‘yicha harakatlanish maydonlari (yo‘lovchilar uchun perron), tumanlararo va shahar yo‘nalishi bo‘yicha avtobus va mikroavtobuslarning harakatlanish maydonlari (yo‘lovchilar uchun perron), yo‘nalishsiz taksilarning shahar yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanish maydonlari, yo‘lovchi va haydovchilar uchun tibbiy xizmat, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish, umumiy ovqatlanish ob’yektlari, ko‘ngilochar va turli dam olish maydonlari bo‘ladi. Avtovokzal joriy yilning sentyabr oyida foydalanishga topshiriladi va 1000 ta ishni o‘rni yaratiladi. 

30 ta yangi avtobus yo‘nalishlarga qo‘yildi

Viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i Ravshan Tojiyevning ma’lum qilishicha, Samarqand shahri jamoat transporti tizimini tubdan isloh qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar doirasida Xitoydan 30 ta zamonaviy “Asia Star” rusumli avtobus olib kelingan. Viloyatda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi “Samarqand hamkor trans” MChJ tomonidan keltirilgan ushbu avtobuslar tender tanlovlari orqali shahardagi 17 va 99-marshrut yo‘nalishlariga brutto-shartnomasi asosida joylashtirilgan. Bundan tashqari, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida “Samarqand shahar jamoat transporti uchun elektrobuslar xarid qilish va ular bilan bevosita bog‘liq infratuzilmani yaratish” loyihasi doirasida shaharga 100 ta elektrobus olib kelingan bo‘lib, yil oxirigacha Samarqandga yana 250 ta elektrobus keltirilishi rejalashtirilgan.

Press-tur davomida “Samarkand yo‘lovchi trans” davlat korxonasi faoliyati bilan ham tanishdik. Ayni paytda korxonada 300 nafarga yaqin xodim faoliyat ko‘rsatmoqda va ular tomonidan joriy yilning o‘tgan uch oyi davomida 2 million  931 ming 196 nafar fukaroga xizmat ko‘rsatilgan.

“Samarkand yo‘lovchi trans” korxonasida yangi loyihalar amalga oshiriladi

- 2025-2030 yillarda bir nechta yangi loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz, - deydi “Samarkand yo‘lovchi trans” davlat korxonasi rahbari Otabek Abdullayev. – Jumladan, 2025-2026 yillarda 3 dona ikki kavatli turist tashuvchi, 6 dona mikroavtobus, 2 dona yumshoq o‘rindiqli elektrobuslar xarid qilinadi. 2026-2027 yillarda esa elektrobuslarni quvvatlash uchun 35 KVtli nimstansiyalar qurish, loyihalash, 10 ta 2500 KVt, 6 ta 1600 KVt GKTR o‘rnatish loyihasi bajariladi. Shuningdek, 144 ta elektrobus uchun mo‘ljallangan ayvon qurish, Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki mablag‘lari hisobidan 73 milliard so‘mlik loyiha-smeta asosida korxonamizda elektrobuslarni ta’mirlash ustaxonasi to‘liq zamonaviy jihozlar bilan qurish, 60 ta elektrobus uchun ayvon turargohi va 30 dona quvvatlash uskunasini o‘rnatish hamda elektrobuslarni yuvish uskunalarini o‘rnatish rejalashtirilgan.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.