2026 yil Davlat dasturi: Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qaratilgan muhim hujjat
“Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” doirasida “O‘zbekiston–2030” strategiyasining 2026 yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.
Mazkur hujjat mamlakatimizda islohotlarni tizimli davom ettirish, aholi farovonligini oshirish hamda jamiyatni barqaror rivojlantirishga qaratilgan muhim dastur hisoblanadi.
Loyihada islohotlarning aniq maqsadli ko‘rsatkichlari, amaliy mexanizmlari, huquqiy asoslari hamda ijro nazorati tizimi belgilangan.
Dasturdagi ustuvor yo‘nalishlardan biri — 83-maqsad bo‘lib, unda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash masalalari alohida o‘rin olgan.
Ushbu maqsad doirasida:
- NNTlar va jamoat tashkilotlari faoliyatini rag‘batlantirish;
- xayriya tashkilotlarining shaffofligini ta’minlash;
- yosh mutaxassislar uchun ta’lim va malaka oshirish kurslarini joriy etish;
- davlat boshqaruvida jamoatchilik ishtirokini kengaytirish;
- tadbirkorlikning ijtimoiy yo‘nalishini rivojlantirish;
- axborot sohasida raqamli texnologiyalarni joriy etish kabi vazifalar belgilangan.
Bu choralar jamiyatda ochiqlik, hisobdorlik va hamkorlik muhitini shakllantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, fuqarolarning davlat boshqaruvidagi ishtiroki yanada faollashadi.
Hozirda loyiha "uzbekistan2030.uz" va "regulation.gov.uz" platformalarida muhokama qilinmoqda. Barcha fuqarolar o‘z takliflari bilan qatnashib, hujjatni takomillashtirishga hissa qo‘shishi mumkin.
Jamoatchilik ishtiroki asosida shakllantirilgan dastur mamlakat taraqqiyotining mustahkam poydevoriga aylanishi shubhasiz.
Foteh Rahmatov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi viloyat hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi.