Mahalladagi muammolar yechimini deputat nazoratga oldi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Azamat Pardayev Jomboy va Oqdaryo tumanlarida aholi bilan muloqot qildi hamda ta’lim va tibbiyot muassasalari, mahallalar faoliyati bilan tanishdi.
Dastlab Jomboy tumani hokimligidagi “Islohotlar shtabi” faoliyati, mahallalarda aholi muammolarini o‘rganish va hal etishdagi ishtiroki, shuningdek, ijtimoiy sohalarda olib borilayotgan ishlarning samaradorligi ko‘rib chiqildi.
Eski Jomboy mahallasidagi uchrashuvda asosiy e’tibor hududdagi muammolarga qaratildi. Xususan, mahalla fuqarolar yig‘ini uchun bino qurishga mablag‘ ajratilgan bo‘lsa-da, ayrim muammolar sababli qurilish ishlari hali ham boshlanmagan. Faollarga bu bo‘yicha takliflar berilib, masalani tegishli mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda qisqa vaqtda hal etishga kelishib olindi.
– G‘azira va Qo‘lbosti mahallalarida saylovchilar bilan bo‘lgan uchrashuvlarda qabul qilinayotgan yangi qonunlar, amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berdik, – deydi A.Pardayev. – Shu bilan birga, aholining yashash sharoitlari, muammolari bilan tanishib, murojaatlarni joyida o‘rgandik. G‘azira mahallasidagi 3-oilaviy poliklinikada aholisi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, xizmat ko‘rsatish darajasini yanada oshirish yuzasidan fikr almashdik.
Uchrashuvlar davomida bildirilgan murojaatlar va takliflar yuzasidan tegishli mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda tizimli ishlarni amalga oshirish rejalashtirildi.
Oqdaryo tumani Bobur mahallasida “yettilik” faoliyati, ayni paytda davom etayotgan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlari o‘rganildi. Shuningdek, mahalladagi suv inshootining ta’mirtalab holatdaligi aniqlanib, “Samarqand suv ta’minot” aksiyadorlik jamiyati mas’ullari bilan uni qayta ishga tushirish masalasi muhokama qilindi.