Chiptachilarning chorlovlari qachon barham topadi?

«Zarafshon» gazetasining 2025 yil 12 iyuldagi 79 (24.105)-sonida Fazliddin Ro‘ziboyevning «Jamoat transportida xizmat sifati qanday yaxshilanadi?» sarlavhasi ostida viloyat Matbuot uyida jamoat transporti boshqaruv idoralarining davra suhbati bo‘lib o‘tganligi haqidagi axborotini o‘qib chiqqach, menda bu masala yuzasidan fikr bildirish niyati tug‘ildi.
To‘g‘ri, Samarqand shahri va viloyat markazini tumanlar bilan bog‘lovchi jamoat transporti parki keyingi paytda ancha yangilandi. Shahrimizdagi qator yo‘nalishlarda «YUTONG» rusumli elektrobuslar xizmat qila boshladi. Ikki yo‘nalishdagi tramvay transporti ham aholning uzog‘ini yaqin qilib kelmoqda. Bu yaxshi, albatta.
Lekin yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish madaniyati darajasi o‘zgarmayapti. Avtobuslar haydovchilarining xizmat burchini ado etish jarayonida sigareta chekishlari, quloqchin taqib olib, uyali telefon orqali tinmasdan kimlar bilandir gaplashishlari, hattoki bir yo‘nalishdagi boshqa avtobus haydovchisi bilan so‘kishishlari uchrab turibdi. Aksariyat holatda elektrobus haydovchilari havo sovutkichlarini yoqmaydi. Amaldagi me’yorlarga ko‘ra, agar jamoat transporti vositasining ichkarisidagi havo harorati +26S bo‘lsa, konditsioner yoqilishi shart.
Aholini eng bezovta qilayotgan holat – bu avtobuslardagi yollanma chiptachilarning har bir bekatda ovozining boricha «Birinchi hammom, ikkinchi roddom» qabilidagi baqiriq-chaqiriq ohangidagi chorlovlari. To‘g‘ri, bir paytlar shahrimizdagi avtobus parki eskirib, jamoat transportida o‘rnatilgan yo‘nalishlar bo‘yicha yo‘lovchi xizmati ko‘rsatish to‘xtab qolgan edi. Avtobuslarning harakatlanishi 2009 yil 1 aprel kunidan tiklangan paytda yo‘nalishlar yangicha jadvalda belgilandi. Shu paytlari yo‘lovchilar uchun bekatlardagi bunday axborot-ma’lumot kerak bo‘lgandir. Ammo oradan 16 yil vaqt o‘tgach, yo‘lovchilar o‘z yo‘nalishlarini bilib olgan bo‘lishiga qaramasdan, shahrimizdagi 27, 52, 66, 64, 73, 74- va boshqa yo‘nalishlardagi avtobus chorlovchilari hamon faoliyat yuritib kelmoqda. Ular avtobuslar bekatga kelib to‘xtashi bilan tushib olib, ovozlarining boricha o‘z yo‘nalishidagi avtobusga yo‘lovchilarni taklif qila boshlaydi. Ustiga-ustak ularning kiyinishi haminqadar bo‘lib, ko‘pchiligi kalta shim shaklidagi (aslida oilaviy) «short»da, kirlanib ketgan ustki kiyimda, soch-soqol olinmagan holatda.
Ularning baqir-chaqirig‘idan bekatda turgan nuroniy otaxonu onaxonlarning asablari taranglashmoqda. Achinarlisi shundaki, biz bekatda bo‘lib turgan chet ellik sayyohlar va mehmonlar oldida uyalyapmiz. Chunki ularda yurtimizdagi jamoat transporti tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar haqida salbiy tasavvur qolmoqda.
Ushbu masalaning iqtisodiy tomoni ham bor. Ma’lum bo‘lishicha, avtobus haydovchisi o‘sha norasmiy chiptachisiga har kuni beradigan 80-100 ming so‘m transport tashkilotiga kirim qilinsa, qancha mablag‘ to‘planadi, davlat byudjetiga qancha soliq to‘lovi kelib tushadi.
Samarqand shahridagi yo‘nalishli avtobuslardagi norasmiy chiptachilardan voz kechish kerak. Buning uchun to‘lasincha asos bor. Zero, fuqarolarimiz ongli, qonun-qoidalarga og‘ishmay itoat qiladilar va ular jamoat transportida hech qachon yo‘l haqini to‘lamasdan yurmaydi. Shaxsan men butun hayotim davomida Samarqand shahridagi jamoat transportida harakatlanib, yo‘l haqini to‘lamagan yo‘lovchini uchratganim yo‘q. Shunday ekan, norasmiy chiptachilarni ishga yollashga ham zarurat qolmagan.
Sohaga oid yana bir muammo bor. Bu – bekatlar masalasi. Aksariyat avtobus bekatlari oynavand bo‘lib, o‘tirg‘ichlar (4-5 kishilik) metaldan yasalganligi sababli ularda yozda issiqdan isib ketishi tufayli, qishda sovib ketishi oqibatida o‘tirib bo‘lmaydi. Qo‘l yuklarini ilib qo‘yish uchun moslamalar mavjud emas.
Tegishli mutasaddilar ushbu muammolarga e’tibor qaratadilar, deb umid qilamiz.
Yo‘ldosh SUYuNOV,
mehnat faxriysi.