Avtobuslar qo‘yilgan, bekatlar yo‘q, borlari esa ta’mirtalab, videokuzatuv moslamalari va yo‘l belgilari o‘rnatilmagan

Viloyatda mingdan ziyod avtobus oraliq bekatlari mavjud. Hududlarda ushbu bekatlarning yetishmasligi va mavjudlarining ta’mirtalab yoki qarovsiz holatdaligi bir necha bor tanqidiy muhokama qilingan bo‘lsa-da, bu boradagi ishlar mas’ullar tomonidan e’tiborsiz qoldirilmoqda.

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev  yig‘ilishda umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari bo‘yidagi hamda shaharlar va boshqa aholi punktlari ko‘chalaridagi avtobus bekatlarining holatini tanqid qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqand tumanida 25 ta, Kattaqo‘rg‘on shahri, Oqdaryo va Payriqda 12 tadan, Past Darg‘omda 11 ta, Bulung‘ur, Narpay, Urgut va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida 10 tadan, Toyloqda 9 ta, Jomboy, Qo‘shrabot va Paxtachida 8 tadan, Nurobodda 7 ta, Ishtixonda 6 ta avtobus oraliq bekatlarini qurish va rekonstruksiya qilish zarurati mavjud.

Bugungi kunda Samarqand shahrida brutto-shartnoma asosida moliyalashtirish tizimiga o‘tkazilgan 22 ta shahar avtobus yo‘nalishlariga 243 dona zamonaviy avtobus va elektrobuslar joylashtirilgan. Brutto-shartnoma tizimiga muvofiq, tashuvchilarga ish hajmi va ko‘rsatilgan transport xizmatlarining sifatidan kelib chiqib, hisob-kitob qilish nazarda tutilgan.

Biroq Samarqand shahrining Tong, Narpay, O‘zbekiston, Firdavsiy, Panjob ko‘chalarida hamda Past Darg‘om tumanining Nayman ko‘chasida avtobus bekatlari va yo‘l belgilari yetishmaydi. Yo‘lovchilarni duch kelgan joyda avtobusga chiqishi-tushishi natijasida esa brutto-shartnoma tizimining sifat talablariga rioya etishning imkoni bo‘lmayapti.

- Prezident qaroriga ko‘ra, shahar va tumanlar hokimliklari tomonidan bekatlarda videokuzatuv moslamalarini o‘rnatish belgilangan bo‘lsa-da, Jomboy va Narpay tumanlaridan tashqari birorta hududda ishlar boshlanmagan, - dedi A.Boboyev. - Shuningdek, aksariyat bekatlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yetarlicha sharoit yo‘q. Ushbu muammolarni avtomobil yo‘llari hamda transport boshqarmalari mas’ullari shahar va tuman hokimliklari bilan birgalikda belgilangan talab asosida avtobus bekatlarini xatlovdan o‘tkazib qurish, rekonstruksiya qilish hamda tez fursatda bekatlarda to‘liq videokuzatuv moslamalari va yo‘l belgilarini o‘rnatishi shart.

Aytish joizki, Samarqand shahridagi Tong, Narpay, O‘zbekiston, Firdavsiy va Panjob ko‘chalarida jamoat transporti qo‘yilgan bo‘lsa-da, avtobus kutish bekatlarini mavjud emas. Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Yunus Bobonazarovning ma’lum qilishicha, ushbu ko‘chalarda 26 dona kichik hamda 17 dona katta hajmdagi avtobus bekatlari o‘rnatilishi aniqlangan. Biroq katta avtobus bekatlarini o‘rnatish uchun 781,66 million so‘m, kichik bekatlarini o‘rnatish uchun 523,9 million so‘m mablag‘ kerak bo‘ladi. Samarqand shahar hokimligi esa ushbu mablag‘lar sessiya qaroridan keyin ajratilishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Fazliddin Ro‘ziboyev.