Ko‘ngilga borar yo‘llar...

Bu dunyoda turfa-turfa

yo‘llar ichida sarson,

Goh yiqilib, goho turib

boradir mudom inson.

Qabul aylab hayotning baxt,

dard to‘la xatlarini,

Kechar ekan toki umr

go‘zal bekatlarini.

Manzil tomon eltguvchi bu

nurli yillar bor bo‘lsin,

Ko‘ngillardan ko‘ngillarga

borar yo‘llar bor bo‘lsin!

 

Hamjihatlik ilmin bunda

o‘qib borsa uyg‘oq qalb,

Bog‘lanadir ko‘ngillarday

bunda yana Sharqu G‘arb.

Diydor sabab ruh o‘sadir,

shodlik, sevinch jonlanar,

Har yurakda umidlarning

bayrami nishonlanar.

Tinch davronga zeb berguvchi

o‘ngu so‘llar bor bo‘lsin,

Ko‘ngillardan ko‘ngillarga

borar yo‘llar bor bo‘lsin!

 

Ko‘rdim oydin oqshomlarda,

sezdim oppoq saharlar,

Yurtim aro ochar chiroy

qishloqlaru shaharlar.

Bir nafaslik yo‘lga do‘ndi

olis masofalar xush,

Axir unda yelib borar

zamonaviy uchqur qush.

Shu qushlarga qanot bergan

ajib qo‘llar bor bo‘lsin,

Ko‘ngillardan ko‘ngillarga

borar yo‘llar bor bo‘lsin!

 

Ezgulikni bayroq qilib,

yaxshi niyat aylab jo,

Millat kelar, quchog‘ingni

kengroq ochgin, ey dunyo!

Ko‘hna tarix nafasidan

olib yana zo‘r ilhom,

Istagidir bu yo‘llarni

yo‘llarga qo‘shmoq mudom.

Orzularni ushaltirgan

chin sururlar bor bo‘lsin,

Ko‘ngillardan ko‘ngillarga

borar yo‘llar bor bo‘lsin!

 

Ajdodlardan an’anadir

unutilmas bu saboq:

Yo‘l qurmoq, dil bog‘lamoq,

birlashmoq, Vatan bo‘lmoq.

Ming e’zozga loyiq axir

shu yo‘riqni uqsa kim,

Zahmatkash xalq og‘irini

olib olg‘a chiqsa kim.

Bu ulkan baxt kimga yordir,

yor g‘ururlar bor bo‘lsin,

Ko‘ngillardan ko‘ngillarga

borar yo‘llar bor bo‘lsin!

 

Bepoyon kengliklarga

tikildim bugun mag‘rur,

Bir his bag‘ishladi qalbim,

ko‘ksimga so‘nmas hovur.

Yo‘llar ketar bunda gulgun

tog‘-adir osha yana,

Samarqanddan Toshkent qadar,

Nukusdan to Farg‘ona.

Dedim, shu yo‘llarga umr

sochgan gullar bor bo‘lsin,

Ko‘ngillardan ko‘ngillarga

borar yo‘llar bor bo‘lsin!

 

Qalqib turgan olamda ne

qolgay inson izidan,

Qilgan yaxshi amalidan,

aytgan iliq so‘zidan?!

Sharaf erur ortida gar

Ona zamin, el qolsa,

Mehr bilan, shodlik bilan

bog‘lagan bir yo‘l qolsa.

Shu tilakni anglagan ul

yorug‘ dillar bor bo‘lsin,

Ko‘ngillardan ko‘ngillarga

borar yo‘llar bor bo‘lsin!

O‘tkir RAHMAT.