Samarqandga 10 ta yangi avtobus olib kelindi
2024 yilda Samarqand shahri aholisiga ko‘rsatilayotgan jamoat transporti xizmatini yaxshilash maqsadida «Dilshod trans servis» MChJ Xitoy davlatining CRRC kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomaga asosan 10 ta yangi zamonaviy avtobus olib keldi.
Bugungi kunda korxona ixtiyoridagi 20 ta «Isuzu» avtobuslari shaharning 8, 74-yo‘nalishlarida yo‘lovchilarga xizmat qilib kelmoqda. Ayni kunda korxona mutaxassislari yangi avtobuslarni texnik nazoratdan o‘tkazib, belgilangan yo‘nalishga chiqarishga tayyorlamoqda.
- Ko‘p yildan buyon jamoat transportida yo‘lovchilarga xizmat qilib kelyapman, - deydi «Dilshod trans servis» MChJ rahbari Asatillo Ahmedov. – Ayni vaqtda 20 ta avtobus aholiga xizmat qilmoqda. Kelgusi yilda yana 25 ta xuddi shunday avtobuslar olib kelamiz.
Yangi jamoat transportlari 65 yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, konditsioner bilan jihozlangan. Shuningdek, har bir o‘rindiqda USB-port o‘rnatilgan. Endi yo‘lovchilar o‘z manziliga yetib olgunicha telefon, planshet va noutbuklarini ham quvvatlantirib olishlari mumkin.
Dilmurod TO‘XTAYeV.