Avtobusga chiqsam men agar...
Jamoat transporti soni kundan kunga ko‘payib, ko‘pchilikning uzog‘ini yaqin qilmoqda. Yo‘lovchilarga yaratilayotgan qulayliklar, xorijdan yangi transport vositalari olib kelinayotgani quvonarli, albatta. Biroq jamoat transportidagi ayrim ko‘ngilsiz holatlar dilni xira qiladi.
Talabaman, har kuni jamoat transportidan foydalanishimga to‘g‘ri keladi. Darsga borishda yoki qaytishda turtinib-surtinib avtobusga zo‘rg‘a chiqaman. Avtobusda manziliga tezroq yetishini kutib, tiqilinchga arang chidab ketayotgan chehralarga ko‘zim tushadi. Bir qadam surilishning ham iloji bo‘lmay turgan bir vaziyatda haydovchi yoki “konduktor”ning “suriling, teparoqqa yuring, sizdan keyin ham odamlar joylashishi kerak!” degan gapi quloqni jahlingizni chiqaradi.
Avtobus salonidagi odamlar oynaga “yopishib, ba’zilari eshikdan chiqib ketay deb turganini ko‘rib ham.
Samarqandga yaqinda olib kelingan yangi avtobuslarda yo‘lovchilar uchun qulayliklar yaratilgan, sig‘imi belgilangan va e’loni ham ilib qo‘yilgan ekan. Lekin sig‘im o‘sha e’londagina amal qiladimi? Aslida, haydovchilar belgilangan me’yorda yo‘lovchi olsa, avtobuslarda bunday noqulayliklar bo‘lmaydi.
Yana bir gap. Odamlar zich joylashganligini ko‘rib turib ham avtobusga chiqayotgan yo‘lovchilarni uchratamiz. Natijada nuroniylar, homilador ayollar va nogironlar ko‘p aziyat chekadi. Masalan, o‘zim ba’zida bunga majbur bo‘laman. Yaqinda men har kuni chiqadigan avtobus haydovchisi boshqa bir hamkasbi bilan “poyga” o‘ynashi natijasida bekatga to‘xtamadi. Darsga kechikmaslik uchun odamlarni “kartoshka” kabi ortgan keyingi avtobusga chiqishimga to‘g‘ri keldi. Taksiga chiqay desam, benzin, gaz narxi oshgani uchun yo‘lkira ko‘tarilgan, cho‘ntak ko‘tarmaydi.
Haydovchi va “konduktor”larning belgilangan tartib-qoidaga amal qilinishi ta’minlanmas ekan, ko‘ngilsiz hodisalar va bundan aziyat chekayotgan fuqarolar soni ko‘payib boraveradi. Umuman, haydovchilarning belgilangan me’yorda yo‘lovchi tashishini nazorat qiladiganlar bormi?
Gulinur OMONOVA.