Birlamchi tizim to‘g‘ri ishlasa, tibbiyot to‘g‘ri yo‘lda bo‘ladi

Har bir shifokor birlamchi bo‘g‘inda ish yaxshi ketsa, o‘sha hududda salomatlik bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanishi, bemorlar ahvoli u darajada og‘ir bo‘lmasligini yaxshi biladi.

Ammo bilishning o‘zi kifoya qilmaydi. Bu tizimga yangicha yondashuv va islohotlar zarur. Muhim o‘zgarishlardan biri davlatimiz rahbarining “Respublikada sog‘liqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish tamoyillarini takomillashtirish orqali sohani isloh qilishni izchil davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra amalga oshirila boshlandi. Bu o‘zgarishlar namuna sifatida tanlab olingan Bulung‘ur, Ishtixon tumanlari hamda Samarqand shahridagi oilaviy poliklinikalar faoliyatida o‘z aksini ko‘rsata boshladi. Xususan, Ishtixon tumani tibbiyotidagi o‘zgarishlar fonida tizim rahbari ham almashdi. Ushbu islohotlarni amalga oshirish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligining tibbiy yordamni tashkillashtirish departamenti tarkibida faoliyat yuritib, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini muvofiqlashtirish yo‘nalishida respublika miqyosidagi islohotlarga bevosita boshchilik qilgan Sunnatulla Safarov ishga keldi. O‘zgarishlar qisqa fursatda bo‘y ko‘rsata boshladi.

- Birlamchi tibbiyot to‘g‘ri ishlasa, barcha shifokorlarning ishi yengillashadi, chunki profilaktika aynan shu bo‘g‘inda amalga oshirilishi kerak, - deydi Ishtixon tuman tibbiyot birlashmasi rahbari, II darajali "Salomatlik" ordeni sohibi Sunnatulla Safarov. – Mamlakatimiz rahbari farmonida belgilangan maqsadlar ham aynan shu masalaga qaratilgan. Kadrlar bilan birga tizimning o‘zida ham qator o‘zgarishlar pilot tuman sifatida aynan bizning hududdan boshlandi. Xususan, joriy yilning iyul oyidan tuman hududidagi 45 ta tibbiyot muassasasi negizida 29 ta yangi oila poliklinikasi tashkil etildi. Bu jarayon "Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar" dasturi doirasida olib borilib, tuman aholisi uchun tibbiy xizmatlarning sifat va qulayligini sezilarli darajada yaxshiladi. Mazkur tashabbusga 2,2 milliard so‘m byudjet mablag‘i, 2 milliard so‘m homiylik mablag‘lari yo‘naltirildi.

Endilikda tuman aholisi ilgari faqat markazda mavjud bo‘lgan 8 turdagi tibbiy xizmatni o‘z mahallasida olmoqda. Aholining 99 foizi elektron tizimda oila shifokorlariga biriktirilib, ularning salomatligi haqidagi ma’lumotlar yagona elektron bazada yuritilmoqda. Bu nafaqat bemorlar uchun qulaylik, balki tibbiyot xodimlari faoliyatini ham ancha yengillashtirdi.

Tuman bo‘yicha 29 ta tibbiyot muassasasi 910 dan ortiq kompyuter texnikasi bilan jihozlanib, barcha jarayonlar raqamlashtirildi. Yagona elektron tizim asosida bemorlarni ro‘yxatga olish, shifokor qabuliga yozilish, yo‘llanma va retseptlarni elektron shaklda yuritish yo‘lga qo‘yildi.

Eng muhim yangiliklardan biri markazlashgan laboratoriya tizimining tashkil etilishi bo‘ldi. Bu tizimda barcha jarayonlar - namunalarni kodlash, tahlil natijalarini uzatish, ularni tasdiqlash to‘liq avtomatlashtirilgan. "Elektron sog‘liqni saqlash" tizimining bir qismi sifatida joriy etilgan ushbu loyiha inson omili bilan bog‘liq xatoliklarni kamaytirib, xizmat ko‘rsatish tezligi va aniqligini oshirdi.

Har qanday yangilik garchi u yengillik bo‘lsa-da, amaliyotga osonlik bilan tatbiq etilmaydi. Yuqorida qayd etilgan o‘zgarish ham tizimda mas’uliyat, intizom va bilim tufayligina joriy etilayotgani sir emas. Bu mehnat esa e’tibordan chetda qolayotgani yo‘q. Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan sohaning bir guruh fidoyilari qatorida Sunnatilla Safarov II darajali “Salomatlik” ordeni bilan taqdirlandi.

- Bu mukofot tumandagi barcha birlamchi tibbiyot vakillari uchun berilgan, deb o‘ylayman, –deydi S.Safarov mukofot bilan tabrigimizga javoban.

Matluba Rabbimova.