O‘zimizning zamonaviy jihozlangan avtobuslar aholiga ma’qul bo‘ldi

Samarqand shahar jamoat transportida ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini yaxshilash, aholi uchun qulay bo‘lgan shahar yo‘nalishlaridagi transport vositalari zamonaviy talablar asosida jihozlangan avtobuslarga almashtirib borilmoqda. Shu kunlarda shahrimiz aholisining ehtiyojini qondirish hamda jamoat transporti yetib bormagan hududlarni qamrab olish maqsadida yana 8 ta yangi avtobus xarid qilindi.

“Sevinch Trans Servis” MChJ tomonidan lizing asosida xarid qilingan ISUZI rusumli SAZ HC 4551 markali avtobuslar «Samarqand avtomobil zavodi» MChJ QK tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lib, to‘liq zamonaviy talablar asosida jihozlangan. Avtobus salonida isitish-sovitish tizimi, shuningdek, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun pandus hamda alohida joy ajratilgan. Shuningdek, kuzatuv kameralari hamda elektron to‘lov validatorlari, xavotir tugmasi, mobil qurilmalarni quvvatlash uchun USB porti, avtobuslar harakatini kuzatib borish uchun GPS qurilmasi ham o‘rnatilgan.

Bugungi kunda dunyoning yetakchi avtozavodlarida ishlab chiqarilgan 258 ta yangi avtobuslar shahrimiz aholisiga xizmat qilib kelmoqda, - deydi viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i Ravshan Tojiyev. - Mazkur avtobuslarning yo‘nalishlarga chiqarilishi bilan jamoat transportlarining soni yanada oshdi. Natijada korxona tomonidan qo‘shimcha 20 ta ish o‘rni yaratildi. Eng muhimi, yangi avtobuslar ham aholiga manzur bo‘ldi.

Dilmurod TO‘XTAYeV.