Elektron to‘lov orqali avtobuslarda tejamkorlik va qulaylik tizimi yaratilmoqda

Samarqand shahrida jamoat transportida raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali yo‘lovchilar uchun qulay va zamonaviy sharoitlar yaratildi. Yo‘lkira haqini to‘lash amaliyotida elektron va naqd to‘lov tizimlari joriy qilinib, naqd to‘lov 3000 so‘m, elektron to‘lov esa 2000 so‘m etib belgilandi.

Elektron to‘lovlar bank kartalari hamda ATTO yagona transport kartasi orqali amalga oshiriladi. Bunda ATTO kartasi foydalanuvchilari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilgan bo‘lib, yo‘lovchi birinchi avtobusga 2000 so‘m, ikkinchi avtobusga 1000 so‘m to‘laydi, uchinchi va to‘rtinchi avtobuslarda esa bepul harakatlanishi mumkin va validatorga kartani ko‘rsatish kifoya.

Bank kartasi yoki ATTO kartasi bo‘lmagan fuqarolar uchun shahar bo‘ylab bekatlarga yaqin joylarda infokiosklar o‘rnatilgan bo‘lib, ular orqali 2000 so‘m evaziga QR-kodli chipta xarid qilish imkoni yaratilgan.

Ushbu tizim yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, yo‘lovchilar oqimi bo‘yicha aniq ma’lumot olish, haydovchilar vaqti va harakatini tejash hamda bekatlarda ortiqcha to‘xtashlarni kamaytirishga xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, jamoat transporti yo‘nalishlari raqamli xaritaga joylashtirilib, ATTO mobil ilovasi, 2GIS va boshqa onlayn servislar orqali avtobuslarning real vaqtdagi harakatini kuzatish imkoniyati yaratilgan. Bu esa yo‘lovchilarning manzillariga o‘z vaqtida va qulay shartlarda yetib borishini ta’minlamoqda.

Sherzod Xalilov,

viloyat transport boshqarmasi yetakchi mutaxassisi.