“Jadidlar izidan”: Tanlovning final yo‘llanmasi uchun 32 nafar o‘quvchi bellashmoqda

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan ikki yildan buyon o‘quvchilar o‘rtasida “Jadidlar izidan” respublika tanlovi o‘tkazib kelinmoqda.

Ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini targ‘ib etish hamda yoshlarni kitobxonlikka keng jalb qilish maqsadida tashkil etilgan tanlovning viloyat bosqichi Oqdaryo tumanidagi 32-maktabda bo‘lib o‘tmoqda.

Tanlovning tuman (shahar) bosqichida test va savol-javob yo‘nalishlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 32 nafar 6–8 hamda 9–10-sinf o‘quvchilari “Boshqotirma”, “Savol-javob” va “Asarlar tahlili” shartlari bo‘yicha jadid namoyandalarining hayoti va ijodiga doir bilimlarini sinovdan o‘tkazmoqda. Tanlov jarayoni hakamlar hay’ati tomonidan baholab borilmoqda.

- Tanlovning asosiy maqsadi — jadid bobolarimizning g‘oya va qarashlarini maktab o‘quvchilari o‘rtasida keng targ‘ib qilish, ularning ma’naviy merosini yoshlar ongiga singdirish va fikrlash madaniyatini shakllantirishdir, — deydi jadidshunos olim, hakamlar hay’ati raisi Bahrom Irzayev. — Jadidlar har doim ma’rifat, erkin fikr, ilm va taraqqiyotni muhim deb bilgan. Tanlov orqali o‘quvchilarda shu kabi tushunchalarni uyg‘otishga intilyapmiz. O‘tgan yili tanlovda ishtirok etish istagini 365 mingga yaqin o‘quvchi bildirgan bo‘lsa, bu yil bu ko‘rsatkich 656 ming nafardan oshdi. O‘quvchilarning jadidlar hayotiga qiziqishi ortgani, ularning islohotchilik faoliyati, matbuot va teatr sohasidagi ijodi, pand-nasihatlari haqida jiddiy ma’lumotga ega ekani quvonarli. Eng muhimi, jadidchilikni faqat tarixiy harakat sifatida emas, balki bugungi kun uchun ham dolzarb tushuncha sifatida qabul qilayotgani tahsinga loyiq.

- O‘tgan yil tanlovning hududiy bosqichida g‘olib bo‘lib, respublika bosqichida viloyatimiz sharafini himoya qilganman, — deydi Ishtixon tumanidagi 5-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Fotima Otaqulova. — Birinchi marta ishtirok etganimda sovrinli o‘rin nasib etmagan bo‘lsa-da, bu men uchun katta tajriba bo‘ldi. Jadidlar hayoti va ijodini yanada puxta o‘rgandim, bu yilgi tanlovga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdim. Nasib bo‘lsa, yana birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, respublika bosqichida ham g‘olib bo‘lishni niyat qilganman.

Tanlovning respublika bosqichiga viloyatlardan ikki nafardan o‘quvchi saralanadi va respublikada ham g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar Germaniyaga ikki haftalik sayohat qiladi.