Ma’rifatli qizlar – jamiyat bezagi
Samarqand shahridagi 45-umumta’lim maktabida “Ilmli, ma’rifatli qizlar – jamiyat bezagi” mavzusida ma’rifiy seminar tashkil etildi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 4 mart kuni qabul qilingan “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi yuzasidan tashkil etilgan tadbirda erta nikoh va erta tug‘ruqning oldini olish, ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarini bartaraf etish haqida so‘z yuritildi.
Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, Samarqand shahar hokimligi, ichki ishlar hamda sog‘liqni saqlash boshqarmalari masu’llari mazkur hujjatda belgilangan chora-tadbirlar, yangi tartiblarni joriy etish zarurati, ulardan kutilayotgan natijalar haqida ma’lumot berdilar. Xususan, erta nikoh, o‘smirlar homiladorligi hamda qizlarni ta’limdan ajralib qolishining oldini olish masalalari muhokama qilinib, o‘quvchi-qizlar o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
– Afsuski, bugun ham voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik, erta tug‘ruq va erta nikoh haqidagi xabarlarni eshitib qolamiz, – deydi Samarqand shahar hokimining o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Ra’no Qurbonova. – Va ko‘p hollarda bundan kech xabardor bo‘lamiz. Bunday paytda esa qanday yo‘l tutishni ham bilmay qolasan. Endilikda, davlatimiz rahbarining farmoniga ko‘ra, erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik bilan bog‘liq holatlar to‘g‘risida ichki ishlar organlari va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga xabar berish majburiyati fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish hamda FHDYo organlari, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari hamda diniy idora vakillari zimmasiga yuklatildi. 2026 yil yakuniga qadar Ichki ishlar vazirligining jinoyat va hodisalarni ro‘yxatga olish bo‘yicha elektron tizimida erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik bilan bog‘liq holatlar to‘g‘risida xabar berish imkonini beruvchi “O‘smir-signal” modulini ishlab chiqish vazifasi belgilandi. Umuman, bu masalaga hech birimiz befarq bo‘lmay, yon-atrofimizga sergak nigoh bilan qarashimiz, o‘smir, voyaga yetmagan qizlarimizga alohida e’tibor qaratishimiz lozim.
Seminarda tibbiyot xodimlari tomonidan o‘quvchilarga reproduktiv salomatlik, erta homiladorlikning tibbiy, ijtimoiy va huquqiy oqibatlari haqida tushuntirishlar berilib, salomatlikni asrash va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha tavsiyalar aytildi. Ichki ishlar idoralari mas’ullari esa keyingi paytda o‘quvchi qizlarni huquqbuzarliklardan, zo‘ravonlik holatlaridan asrash, ularni ta’limga va kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha olib borilayotgan targ‘ibot ishlari samarasida qizlar o‘rtasida jinoyatchilik holatlari sezilarli darajada kamayganini ta’kidladi.
Bu kabi tadbirlar viloyatdagi boshqa ta’lim muassasalari, mahallalarda ham o‘tkazilmoqda.